Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

O'zbekiston – Qirg'iziston: hamkorlikning yangi ufqlari

8448 26-Dekabr, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 292 Kb)


Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev 24-dekabr kuni amaliy tashrif bilan Samarqandga keldi. 

O'zbek va qirg'iz xalqlari azaldan yaqin qo'shni sifatida tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelgan. Xalqlarimiz tarixi, madaniy va diniy qadriyatlari mushtarak, an'ana va urf-odatlari o'xshash. 

Mustaqillik yillarida O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi an'anaviy hamkorlik yangicha mazmun kasb etdi. Keyingi paytlarda o'zaro aloqalar sezilarli ravishda faollashdi. Davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari, hukumatlar va hududlar darajasida delegatsiyalar tashrifi amalga oshirildi. Mamlakatlarimiz jamoatchiligi Andijon va O'sh shaharlariga delegatsiyalarning o'zaro tashrifini mamnuniyat bilan qabul qildi.

Ikki mamlakat vakillari O'zbekistonda o'tgan saylovda va Qirg'izistondagi referendumda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev Hazrati Xizr majmuiga tashrif buyurib, O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi va uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi pokiga Qur'on tilovat qilindi. 


Prezidentlar "JV MAN Auto-Uzbekistan" O'zbekiston – Germaniya qo'shma korxonasiga tashrif buyurdilar. 

Oliy martabali mehmon qo'shma korxonaning ishlab chiqarish salohiyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mustaqillik yillarida O'zbekiston jahonda avtomobil ishlab chiqaruvchi yetakchi davlatlar qatoriga qo'shildi. Bugun O'zbekiston avtosanoati mahsulotlariga ko'pgina mamlakatlarda, jumladan, Qirg'izistonda ham talab yuqori. 

"JV MAN Auto-Uzbekistan" qo'shma korxonasining tashkil etilishi mamlakatimizda avtomobilsozlikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. 

Bu yerda 15 tonnadan 50 tonnagacha yuk ko'tarish quvvatiga ega zamonaviy yuk mashinalari, jumladan, avtokranlar, izometrik furgonlar, suv tashish mashinalari, kombinatsiyalangan yo'l mashinalari, kanal tozalash mashinalari, beton qorigich, paxta va chiqindi tashish mashinalari ishlab chiqarilmoqda. 

Zavod hududida tashkil qilingan tayyorlov va malaka oshirish markazida yuk avtomobillariga texnik xizmat ko'rsatadigan mexanik va chilangarlar o'qitilmoqda. Korxonada xavfsiz va samarali boshqarish bo'yicha maxsus "MAN ProfiDrive" dasturi asosida og'ir yuk ko'taradigan mashinalar haydovchilari tayyorlanmoqda. Haydovchilarni ushbu tizim asosida o'qitish yoqilg'ining 20-30 foizini tejash, harakatlantiruvchi qismlar va transmissiya elementlarining xizmat muddatini uzaytirish, avtomobilni xavfsiz boshqarish imkonini beradi. 

Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti zamonaviy standartlarga muvofiq eng so'nggi texnologiyalar bilan jihozlangan va mamlakatimiz avtomobil sanoatining muvaffaqiyatini namoyon etadigan ushbu korxona faoliyatini yuqori baholadi. 

Oliy martabali mehmon zavod hududida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy yengil avtomobillar, yuk mashinalari, traktor va boshqa qishloq xo'jaligi texnikalari bilan tanishdi. 

Forumlar majmuasi saroyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev o'rtasida muzokara bo'lib o'tdi. 

Shavkat Mirziyoyev Almazbek Atamboyevga O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya bildirgani uchun minnatdorlik izhor etdi. Islom Karimovning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirgani O'zbekiston xalqiga bo'lgan yuksak hurmat ifodasidir. 

Almazbek Atamboyevning tashrifi Qirg'iziston O'zbekiston bilan munosabatlarni kengaytirishga muhim ahamiyat berayotganidan dalolat ekani qayd etildi. 

Qirg'iziston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g'alaba qozongani bilan yana bir bor tabrikladi. 

Prezidentlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator muammolar yuzasidan fikr almashdilar. 

Shuningdek, tomonlar mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi hamkorlik masalalarini ham muhokama qildilar. 

Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalasini muhokama etish chog'ida ushbu jafokash zaminda tinchlik va osoyishtalikka erishish butun mintaqamizda xavfsizlikni ta'minlash, istiqbolli transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish, iqtisodiyotni yanada taraqqiy ettirish uchun muhim omil hisoblanishi ta'kidlandi. 

Davlat rahbarlari yaqin qo'shnichilik va o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish zarurligini ta'kidladilar. 

Tomonlar O'zbekiston va Qirg'iziston tashqi siyosat mahkamalari o'rtasida 2016-2017-yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturi yangi shakldagi siyosiy muloqotni yo'lga qo'yishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar. 

Savdo-iqtisodiy hamkorlik davlatlararo munosabatlarning muhim sohasi hisoblanadi. 

Ushbu masalalar muhokamasida 2016-yilning o'tgan davrida o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 23 foiz o'sganiga qaramasdan, bu ko'rsatkich yetarli darajada emasligi va ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlariga mos kelmasligi qayd etildi. 

Prezidentlar ikki yil davomida tovarlar turini tubdan kengaytirish va o'zaro savdo hajmini 500 million dollargacha ko'paytirish choralarini ko'rish zarurligini ta'kidladilar. 

Shavkat Mirziyoyev buning uchun Qirg'izistonga O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo'jaligi texnikalari, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslarni tizimli asosda yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko'rsatishni yo'lga qo'yish lozimligini ta'kidladi. 

Bundan tashqari, qirg'izistonlik sheriklarga azot, fosfor, kaliy va murakkab kompleks o'g'itlar, elektrotexnika mahsulotlari – transformatorlar, barcha turdagi kabel-o'tkazgich mahsulotlar, maishiy texnika, shuningdek, tayyor to'qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, preparatlar, mebel, o'quv-laboratoriya jihozlari va boshqa sanoat mahsulotlari yetkazib berish taklif etildi. 

Qirg'iziston tomoni, o'z navbatida, O'zbekistonga yetkazib berilayotgan tovarlar turini qayta ko'rib chiqishi ta'kidlandi. 

Shu maqsadda ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri uzoq muddatli hamkorlik o'rnatish zarurligi qayd etildi. 

Mintaqada samarali transport yo'llarini rivojlantirish iqtisodiy hamkorlikning strategik yo'nalishi hisoblanadi. Masalan, Markaziy Osiyoni Qirg'iziston hududi orqali Xitoy bilan bog'laydigan qisqa temir yo'l nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqaning tranzit salohiyatini sezilarli ravishda oshirish imkonini beradi. 

O'zbekiston mutaxassislari Qirg'iziston hududida bunday yo'nalishni loyihalashtirish va qurishda ishtirok etishga tayyor. 

Davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bo'yicha muzokaralar jarayonini tezlashtirish va yaqin vaqtda bu boradagi davlatlararo shartnomani imzolash to'g'risida kelishuvga erishildi. 

Madaniy-gumanitar hamkorlik o'zaro munosabatlarning muhim sohalaridan biridir. 

Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarib, o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi sahifalarini ochishiga ishonch bildirdilar.

O'zА

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali