Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi
20-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Amerika Qoʻshma Shtatlari Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni general Kennet Makkenzini qabul qildi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-AQSH munosabatlari va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar hamda global xatarlarga qarshi kurashish mavzulariga alohida eʼtibor qaratildi.
Afgʻonistonda tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash hamda ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga amaliy koʻmak koʻrsatish yuzasidan fikr almashildi.
Ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalari ham koʻrib chiqildi.
General Makkenzi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga uchrashuv uchun samimiy minnatdorlik bildirib, AQSH mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, keng koʻlamli hamkorlikni kengaytirish borasida qatʼiy ekanini taʼkidladi.