O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi
Sammitning asosiy tadbirlari
16-oktabr kuni bo'lib o'tdi.
MDH davlat rahbarlari Hamdo'stlik doirasidagi
hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini muhokama etib, dolzarb mintaqaviy va
xalqaro muammolar bo'yicha fikr almashdilar.
Uchrashuvda xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi
hamkorlik masalasiga alohida e'tibor qaratildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom
Karimov majlisda yaqin va uzoq mamlakatlarda vaziyat keskinlashib, shiddat
bilan o'zgarib borayotgani inobatga olinadigan bo'lsa, MDH davlat
rahbarlarining mazkur uchrashuvi o'z vaqtida o'tkazilganini ta'kidladi.
Ayniqsa, radikalizm, terrorizm, ekstremizm va
narkotrafik xavfi ortib, nizo va qarama-qarshiliklar keskinlashib borayotgani
katta xavotir uyg'otmoqda. Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamon
davom etayotgani va Hamdo'stlik davlatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol ham
tashvish uyg'otmasdan qolmaydi.
Davlatimiz rahbari bugungi g'oyat murakkab
vaziyatda har qanday uchrashuv va fikr almashish, yuzaga kelayotgan tahlikali
vaziyatdan chiqish yo'lini birgalikda izlash faqat foydali bo'lishini alohida
qayd etdi.
Islom Karimov sammitning ahamiyati haqida
gapirar ekan, MDH bu borada muhim o'rin tutayotganini ta'kidladi. Mazkur
uchrashuv hayotning o'zi talab qilayotgan zarurat bo'lib, umumiy taraqqiyotimiz
istiqboli uchun alohida ahamiyatga ega.
– Hamdo'stlik – bu davlatlarning bevosita
muloqot qilishi, fikr almashishi, dolzarb masalalarni muhokama etishi, o'zaro
manfaatlar va yaratilgan mustahkam huquqiy baza, o'zaro hamkorlik bo'yicha
ishlab chiqilgan vosita va mexanizmlar hisobga olingan holda, ishtirokchi
davlatlar o'rtasidagi bahs va munozaralarni hal etish uchun keng imkoniyat
beradigan tuzilmadir. MDH savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi mavjud
salohiyatdan samarali foydalanish, ekstremistik faoliyatning oldini olish va
unga qarshi kurashish, eng muhimi, Hamdo'stlik hududida fuqarolarning o'zaro
muloqot qilishi, dolzarb masalalarni hal qilish bo'yicha o'zaro maqbul
tadbirlar ishlab chiqish hamda muvofiqlashtirilgan amaliy choralar ko'rish
uchun muhim maydon vazifasini o'tamoqda, – dedi Islom Karimov.
Prezidentimiz o'zaro imtiyoz va preferensiyalar
berish, kelishilgan va samarali tarif siyosatini yuritish, shuningdek, o'zaro
manfaatli yangi transport yo'nalishlarini ishlab chiqish va rivojlantirish
orqali transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni
kengaytirish MDH ahamiyatini belgilaydigan eng muhim omillardan ekanini
ta'kidladi.
Shu bilan birga, shuni ham qayd etish joizki,
sobiq ittifoq makonida boshqa davlatlararo tuzilmalarning paydo bo'layotgani
tufayli MDH Davlat rahbarlari kengashi va uning boshqa organlari majlislari
aksariyat hollarda umumiy xarakterga ega bo'lib qolmoqda. Majlislarda
ko'rilayotgan masalalar ko'pincha bugungi kunda Hamdo'stlik hududida yuzaga
kelayotgan voqealarga deyarli daxli yo'q va mohiyatan kundalik hayotdan ancha
yiroqdir.
O'zbekiston Prezidenti bunga ushbu uchrashuvni
misol qilib keltirdi. Uning kun tartibiga ko'p tomonlama hamkorlikning
turli sohalariga doir umumiy xarakterdagi murojaat qilish, bayonot berish,
kelishuv komissiyalarini tuzish, qabul qilingan qarorlar ijrosi to'g'risida
axborot berish kabi u qadar ahamiyatli bo'lmagan masalalar kiritilgan. Yuzaga
kelgan vaziyatdan chiqishning yo'li shundaki, ushbu davlatlararo
birlashmalarning har biri, MDH va Yevroosiyo ittifoqi o'z kun tartibi va
harakat dasturiga ega bo'lishi, bir-birini takrorlamasligi, aksincha,
to'ldirishi darkor.
Islom Karimov mintaqamizga bevosita daxldor
bo'lgan Afg'onistondagi vaziyatga alohida to'xtaldi.
Birodarkushlik urushi 35-yildan ortiq davom
etayotgan ushbu mamlakatdagi bugungi ahvol qarama-qarshi tomonlar o'rtasidagi
nizo cho'zilib ketayotganini ko'rsatmoqda. Yaqinda Qunduz shahrida ro'y
bergan voqealar hukumatning parokandaligi va harakatsizligini, ayni paytda
toliblar faol hamda uyushgan holda harakat qilganini ko'rsatdi. Buning
oqibatida toliblar shaharni bir necha kun egallab turdi.
O'zbekiston rahbari Afg'onistondagi jangari
guruhlar mamlakat janubidan shimol va shimoli-sharqiga o'tayotgani, chegara
hududlaridagi vaziyat keskinlashib borayotgani ham chuqur tashvish
uyg'otayotganini alohida ta'kidladi. Toliblarning mamlakatning ayrim
hududlarini bosib olish bo'yicha keyingi urinishlari ushbu harakat hali ham katta
harbiy kuchga ega ekanidan dalolat beradi. Afg'oniston armiyasi hozircha
toliblarga qarshilik ko'rsatishga, hukumat esa mamlakatda xavfsizlikni
ta'minlashni to'liq nazorat qilishga qodir emas.
Afg'onistonda yuzaga kelayotgan vaziyatni
inobatga olgan holda, ko'plab mutaxassislar Iroqning ayanchli ahvolini
takrorlamaslik uchun Afg'onistonda AYSAF harbiylarini ko'paytirish, ularning bu
mamlakatda bo'lishini yana bir necha yilga uzaytirish kerak, degan fikrga
qo'shilmoqda. Buning uchun jiddiy asoslar bor.
– Afg'onistondagi vaziyat qanday
kechishidan qat'i nazar, shuni to'la ishonch bilan aytish mumkinki, Afg'oniston
muammosini faqat bir yo'l, ya'ni BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar
o'tkazish va o'zaro kurashayotgan tomonlarni murosaga keltirish orqaligina hal
etish mumkin. Boshqa yo'l yo'q, – deb ta'kidladi davlatimiz rahbari.
Islom Karimov Qirg'iziston Respublikasini
navbatdagi muddatda MDHga raislik qilishi bilan tabrikladi va Prezident
Almazbek Atambayevga ushbu mas'uliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyat
tiladi.