Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

7484 22-Sentyabr, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 26 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentyabr kuni mamlakatimizda boʻlib turgan Muvofiqlashtiruvchi guruhning yetakchi arab jamgʻarmalari delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Hajarni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Islom taraqqiyot banki bilan mamlakatimizda ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar loyihalarni amalga oshirishda koʻp yillik sheriklik qaror topganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Bugungi kunda Oʻzbekistonning ITB guruhi bilan oʻzaro manfaatli hamkorligi doirasida yurtimizga 1,9 milliard dollarlik imtiyozli kredit mablagʻlari jalb etilgan boʻlib, ular iqtisodiyotning turli tarmoqlariga oid loyihalarni oʻz ichiga oladi. 

Ushbu loyihalar yoʻl-transport, energetika va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq joylarda uy-joy qurilishi, ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini, sogʻliqni saqlash va taʼlimni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash kabi sohalarni qamrab olgan. 

Suhbat chogʻida ushbu bank bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. 

Qishloq aholisining hayot sifatini yaxshilash, infratuzilmani modernizatsiya qilish, mamlakatimiz hududlaridagi tibbiyot va taʼlim muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, tadbirkorlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularning eksport salohiyatini, jumladan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalangan holda roʻyobga chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. 

Hamkorlik uchun ulkan salohiyat, eng muhimi, uni yanada mustahkamlashga oʻzaro intilish mavjudligi taʼkidlandi. Kuni kecha Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan "ITB guruhi kuni" doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki oʻrtasida 2018-2021 yillarga moʻljallangan 1,3 milliard dollarlik sheriklik strategiyasi imzolangani buning dalilidir. 

Prezidentimiz Islom taraqqiyot banki rahbariga jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganish maqsadida Samarqandda tashkil etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga koʻrsatilayotgan koʻmak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Bandar Hajar, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Islom taraqqiyot banki guruhi uchun mintaqadagi asosiy sheriklardan biri ekanini taʼkidladi. 

Mehmon Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlarga yuksak baho berib, ITB mamlakatimizdagi islohotlarga har tomonlama koʻmakni kengaytirish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi. 

prezident.uz


Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali