O'zbekiston – Turkiya: hamkorlikning yangi imkoniyatlari
17-noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'on Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'on 18-noyabr kuni Hazrati Hizr majmuiga tashrif buyurib, O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti qabrini ziyorat qildi va Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi pokiga Qur'on tilovat qilindi.
Shundan so'ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'on o'rtasida muzokara bo'lib o'tdi.
Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafoti munosabati bilan samimiy hamdardlik yo'llagani uchun Turkiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Rejep Erdo'g'on Samarqandga tashrif buyurib, Yurtboshimizning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirgani O'zbekiston xalqiga yuksak ehtirom ifodasidir.
Ushbu tashrif Turkiyada O'zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilishidan dalolat ekani qayd qilindi.
Ta'kidlash joizki, Turkiya O'zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan.
O'zbek va turk xalqlari ko'p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, mushtarak qadriyatlar va o'xshash urf-odatlar bilan bir-biriga chambarchas bog'langan.
Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Turkiyaga o'zining muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida qarashini, xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o'zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.
Rejep Erdo'g'on Turkiya O'zbekistonni Markaziy Osiyodagi ustuvor sherik deb bilishini, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyoti izchil davom etishiga ishonchi komil ekanini alohida ta'kidladi.
Ikki mamlakatning bugungi munosabatlari O'zbekiston va Turkiyaning imkoniyat va salohiyatiga mos emasligi, ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi sahifalarini ochish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekani qayd etildi.
Muzokarada O'zbekiston bilan Turkiya o'rtasidagi o'zaro ishonch muhitini mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, tashqi siyosat mahkamalari o'rtasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil qilish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo'llab-quvvatlash to'g'risida fikr almashildi.
O'zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti faoliyati doirasida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazini ta'sis etish taklifini ilgari surdi. Tomonlar IHTning Turkiyadagi Islom tarixi, san'ati va madaniyati tadqiqotlari markazi bu tashabbusni qo'llab-quvvatlaganidan mamnuniyat izhor qildilar.
Suhbat chog'ida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Turkiya O'zbekistonning an'anaviy va muhim savdo sheriklaridan biridir. 2015-yilda o'zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu boradagi o'sish sur'atlari joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda. Lekin tomonlar qayd qilganidek, bu raqamlar mamlakatlarimiz salohiyatini aks ettirmaydi. Bu miqdorni yaqin yillar ichida 2-3-marta oshirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi.
Hozirgi kunda O'zbekistonda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Turkiya sarmoyasi hajmi 1 milliard dollardan oshadi.
Suhbat chog'ida ushbu tashrif ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlikka yangi sur'at baxsh etishiga ishonch bildirildi.
Tomonlar qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo'yicha majmualar barpo etishga, to'qimachilik va terini qayta ishlash sanoatida zamonaviy qo'shma korxonalar yaratishga, xususan, birgalikda paxta tolasi va teri xomashyosini chuqur qayta ishlash orqali tayyor brendli mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishni yo'lga qo'yish, farmatsevtika sohasida hamkorlikka oid yangi loyihalar tuzish va amalga oshirish masalalarini ko'rib chiqdilar. Buning uchun Samarqand viloyatida barpo etiladigan "Urgut" erkin iqtisodiy zonasida ulkan imkoniyatlar mavjud ekani ta'kidlandi.
Turkiyaning yetakchi turistik kompaniyalarini jalb etgan holda O'zbekistonda sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos zamonaviy sayyohlik majmualari barpo etish masalalari muhokama qilindi.
Transport kommunikatsiyalariga ham alohida e'tibor qaratildi. "Boku – Axalkalaki – Qars" temir yo'lining ishga tushirilishi ikki mamlakatni bir-biri bilan bog'laydigan to'g'ridan-to'g'ri transport yo'lagini yaratishdek strategik ahamiyatga ega masalani hal etishda, binobarin, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo'lishi qayd etildi.
Muhokama qilingan masalalardan kelib chiqqan holda, O'zbekiston va Turkiyaning o'z oldiga qo'yayotgan maqsadlariga erishish uchun kelasi yil boshida Toshkent shahrida Hukumatlararo qo'shma komissiyaning navbatdagi majlisini o'tkazishga, uning doirasida O'zbekiston – Turkiya sarmoyaviy forumini tashkil qilishga kelishib olindi.
Davlatlararo munosabatlarda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o'rin tutadi. Tomonlar bu boradagi sheriklikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Shavkat Mirziyoyev va Rejep Erdo'g'on ushbu uchrashuv davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko'tarib, o'zaro manfaatli sohalarda hamkorlikning yangi sahifasini ochishga xizmat qilishiga qat'iy ishonch bildirdilar.
Kunning ikkinchi yarmida oliy martabali mehmon Imom Buxoriy va Imom Moturidiy yodgorlik majmualari, Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi, Registon maydonini ko'zdan kechirdi.
Rejep Erdo'g'on istiqlol yillarida Prezident Islom Karimov rahnamoligida bu ezgu maskanlar tubdan qayta ta'mirlanib, mutlaqo yangi qiyofa kasb etganini alohida ta'kidladi. O'zbekiston ajdodlarimizning boy ma'naviy merosini tiklash, o'rganish va dunyoga tanitishda yuksak natijalarga erishayotganini qayd etdi.
Shu bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'onning mamlakatimizga tashrifi yakuniga yetdi.