Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

O'zbekiston xalqiga bayram tabrigi

3570 21-Oktyabr, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 28 Kb)


Muhtaram vatandoshlar!

Siz azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi qutlug' ayyom – O'zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

1989-yil 21-oktyabrda, g'oyat murakkab ijtimoiy-siyosiy sharoitda yurtimizda "Davlat tili haqida"gi qonunning qabul qilinishi milliy mustaqillik sari qo'yilgan muhim qadam bo'lganini barchamiz yaxshi eslaymiz.

Jamoatchiligimiz, xalqimizning xohish-istaklarini inobatga olib, ushbu tarixiy sanani O'zbek tili bayrami kuni sifatida belgilash to'g'risida qonun qabul qilganimizdan hammangiz xabardorsiz. Bugun mamlakatimizda birinchi marta keng nishonlanayotgan ana shu bayram ma'naviy hayotimizdan mustahkam va munosib o'rin oladi, deb ishonaman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Bugungi kunda biz yangi O'zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz.

Chunki, necha asrlar osha ajdodlarimizdan bizga bezavol o'tib kelayotgan ona tilimizning ravnaqi va istiqboli haqida qayg'urish – bu millatning o'zligini anglashi, uning ma'naviy kamolotini yuksaltirish uchun kurash demakdir. Davlat tilining obro'-e'tibori – butun xalq, butun jamiyatning obro'-e'tiboridir.

Hozirgi vaqtda yer yuzida o'zbek tilida so'zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Ayni vaqtda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Ko'plab ta'lim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari o'zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg'iz, tojik, turkman tillarida faoliyat ko'rsatmoqda. Xorijiy tillarga ixtisoslashgan hamda ta'lim chet tillarda olib boriladigan ta'lim muassasalari soni oshib bormoqda.

Bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy o'quv yurtida o'zbek tili va adabiyoti o'rganilmoqda, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan chet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda.

Kuni kecha Afg'oniston Islom Respublikasida O'zbek tili kuniga bag'ishlangan bayram tadbirlari birinchi marta davlat miqyosida nishonlanganini mamlakatimiz jamoatchiligi, butun o'zbek xalqi katta mamnuniyat va xursandchilik bilan olqishladi.

Fursatdan foydalanib, qardosh Afg'oniston davlati rahbariyatiga o'zbek tiliga rasmiy til maqomini berib, unga ko'rsatayotgan yuksak e'tibor va hurmati uchun yana bir bor chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bu ko'hna zaminda yashayotgan barcha millatdoshlarimizni bugungi qutlug' bayram bilan el-yurtimiz nomidan samimiy muborakbod etaman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Mamlakatimizda o'zbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o'rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas'uliyatli vazifalar turibdi.

Shu maqsadda "Davlat tili haqida"gi Qonun loyihasining yangi tahriri hamda shu munosabat bilan ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihalari tayyorlanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko'rib chiqish uchun kiritildi.

Xabaringiz bor, kuni kecha "Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Prezident farmoni imzolandi.

Farmonga muvofiq, o'zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini tubdan oshirish, unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to'laqonli joriy etishni ta'minlash, O'zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o'zbek tilini o'rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo'nalish va istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.

Farmon ijrosini ta'minlash uchun davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida to'liq davlat tilida ish yuritish bo'yicha boshlagan ishlarimizni kuchaytirishimiz kerak.

Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan, O'zbekistonimizni yagona va ahil oila deb biladigan turli millat va elatlar vakillari ham o'zbek tilini o'rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ayniqsa e'tiborlidir.

Shu munosabat bilan bu borada motivatsiya omillarini kuchaytirish, maxsus darslik, lug'at va qo'llanmalar, video va audiomateriallar, zamonaviy o'qitish uslublarini keng joriy etish muhim ahamiyatga ega.

Bugungi globallashgan dunyoda tillarning bir-biriga o'zaro ta'siri, jumladan, chetdan so'z qabul qilish ko'lami va sur'ati ortib bormoqda. Afsuski, yurtimizda bu jarayon aniq tizim va ilmiy yondashuvlarsiz yuz berayotganini tan olgan holda, mavjud holatni bartaraf etish uchun ta'sirchan choralar ko'rish lozim.

Ayni vaqtda o'zbek tili alohida fan sifatida o'qitilayotgan xorijiy universitet va markazlar bilan yaqin hamkorlik o'rnatish, ular uchun o'quv adabiyotlari yaratish borasida ham faol ish olib borishimiz lozim.

Jahon adabiyoti durdonalarini o'zbek tiliga hamda o'zbek adabiyotining sara namunalarini chet tillarga tarjima qilish va nashr etish, bu yo'nalishda shakllangan ijodiy maktablarni rivojlantirish, yuqori malakali tarjimon-adiblar hamda mutaxassislarni tayyorlash ishlariga jiddiy e'tibor qaratishimiz darkor.

Mamlakatimizda "O'zbek xalq ijodi yodgorliklari", "Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari", "Birinchi kitobim", "Jahon adabiyoti durdonalari" kabi seriyalarni nashr etish bo'yicha boshlangan ishlarni tizimli asosda davom ettirish kerak.

Shuningdek, o'zbek tilining jahon maydonida, xususan, Internet axborot tarmog'ida munosib o'rin egallashini ta'minlash, ona tilimizda ko'plab yangi kompyuter dasturlarini yaratish bo'yicha ham oldimizda turgan  muhim va dolzarb vazifalarni hal qilishimiz zarur.

Ushbu qutlug' bayram arafasida qabul qilingan "Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to'g'risida"gi qaror ham o'zbek tili va adabiyotini, milliy madaniyatimizni yanada ravnaq toptirishga qaratilgan amaliy harakatlarimiz bilan uyg'un va hamohangdir.

Hurmatli do'stlar!

Atoqli ma'rifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek, til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir.

Shu ma'noda, Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi, desak, yanglishmagan bo'lamiz.

Men mana shunday qarash va tushuncha har bir yurtdoshimizning hayotiy e'tiqodiga aylanadi, bu borada muhtaram ziyolilarimiz, faol yoshlarimiz, keng jamoatchiligimiz barchaga o'rnak va namuna bo'ladilar, deb ishonaman.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Sizlarni O'zbek tili bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga sog'lik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

O'zbek tilimiz hamisha bezavol yashasin, doimo mag'rur yangrasin!

Shavkat Mirziyoev,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

prezident.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali