O'zbekiston – Xitoy biznes-forumi
Toshkentda O'zbekiston va Xitoyning Shansi provinsiyasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum va kooperatsiya birjasi bo'lib o'tdi.
Tadbirlar O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat
palatasi, Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko'mak berish qo'mitasi va Xitoy
Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.
Biznes-forum va kooperatsiya birjasi mavjud
aloqalarni mustahkamlash hamda yangi loyihalarni muhokama qilish uchun qulay
imkoniyat bo'lib xizmat qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi
raisi o'rinbosari Nazira Dadaxonovaning ta'kidlashicha, bunday tadbirlar
O'zbekiston – Xitoy iqtisodiy hamkorligini tashkil qiladigan ulkan
imkoniyatlarning bir qismi, xolos. Hamkorlikdagi biznes-forumlar va turli
tadbirlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitishda muhim
ahamiyatga ega.
Bu galgi biznes-forum va kooperatsiya birjasida
mashinasozlik, farmatsevtika, to'qimachilik, qurilish, oziq-ovqat, kimyo
sanoati, elektrotexnika, muqobil energiya manbalari, zamonaviy texnologiyalar,
qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan
konsern va kompaniyalarining vakillari ishtirok etdi.
– Shansi provinsiyasi tabiiy boyliklar
zaxirasi va zamonaviy sanoatni rivojlantirish sur'ati bo'yicha Xitoyda yetakchi
o'rinni egallaydi, – deydi Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko'mak berish
qo'mitasining Shansi provinsiyasidagi vakolatxonasi raisi o'rinbosari Vu
Futszi. – Bugungi tadbirlarda ushbu hududdagi ellikdan ortiq kompaniya
vakillari qatnashdi. Ular
O'zbekiston korxonalari bilan savdo munosabatlarini rivojlantirishga katta
qiziqish bildirdi.
Biznes-forumda mamlakatimizning iqtisodiy
salohiyati va investitsiyaviy muhit xususida ma'lumotlar taqdim etildi.
O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va
raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar,
investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi "O'zinfoinvest" agentligi,
"O'zfarmsanoat" konserni, "O'zeltexsanoat" kompaniyasi va Oziq-ovqat sanoati
korxonalari uyushmasining taqdimotlari bo'lib o'tdi.
Tadbir yakunida turli sohalarda o'zaro manfaatli
hamkorlikni yanada kengaytirish bo'yicha qator investitsiyaviy shartnomalar
imzolandi.