O'zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigi
Muhtarama onaxonlar, qadrli
opa-singillar, dilbar qizlarim!
Ona tabiat chiroy ochib, atrof-muhit yashil libosga burkanib, bahor nashidasi
tobora kuchayib borayotgan ayni shu fusunkor ayyomda siz, azizlarimni,
sizlarning timsolingizda butun O'zbekiston xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan
chin qalbimdan tabriklashni o'zim uchun katta baxt deb hisoblayman.
Mana shu bayram kunlarida biz – yurtimizning keksayu yosh barcha-barcha erkak
zoti, mard o'g'lonlari haqiqatan ham Yaratganning mo'jizasi bo'lmish ayol
siymosi oldida, avvalambor, mehribon onalarimiz oldida bosh egib, ta'zim bajo
keltiramiz.
Munis opa-singillarimiz, vafodor umr yo'ldoshlarimiz, dunyodagi eng chiroyli,
latofatli qizlarimizni tabriklab, ularning sha'niga samimiy va ezgu
tilaklarimizni, chuqur hurmatimizni izhor etamiz, jajji qizaloq nabiralarimizni
bag'rimizga bosib, chin yurakdan qutlaymiz.
Shu kunlarda hammamizning tilimizda, dilimizda bo'lgan bir fikrni hech
ikkilanmasdan aytishni zarur deb bilaman.
Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson,
oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun sevgi-muhabbat, vafo va sadoqat
timsoli bo'lib kelayotgan siz, go'zal va betakror, qadrdon ayollarimiz, desak,
ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.
Chindan ham, o'zining beqiyos mehri va fidoyiligi, sabr-qanoati va chidamliligi
bilan xonadonlarimizda, butun jamiyatimizda tinchlik-xotirjamlik, totuvlik va
hamjihatlik muhitini saqlab, hayotimizga fayzu tarovat bag'ishlaydigan, tunlari
bedor bo'lib, bolalarimizni barkamol insonlar, Vatanimizning mard va jasur
himoyachilari etib voyaga yetkazadigan kim?
Mehribon va oqila ayollarimiz emasmi?
Umr yo'llarimizda qanday og'ir sinov va mashaqqatlar duch kelmasin, ularni
yengib o'tishda ruhimizni ko'tarib, kuchimizga – kuch, g'ayratimizga – g'ayrat
qo'shadigan insonlar ham, hech shubhasiz, dunyodagi eng mo'tabar zotlar, qalbi
daryo ayollarimizdir.
Shu ma'noda, Alisher Navoiy bobomizning "Ayollar – farishtalarning
opa-singillaridir" degan hikmatli so'zlarida qanday chuqur ma'no borligini,
o'ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.
Hurmatli yurtdoshlar!
Biz o'z oldimizga qo'ygan oliy maqsadimizga erishish yo'lida, ya'ni jahondagi
eng taraqqiy topgan, demokratik va erkin davlatlar qatoriga kirish,
xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish, xalqaro maydonda
mamlakatimizning obro'-e'tiborini yuksaltirishda, muxtasar qilib aytganda,
bugun O'zbekistonimiz qo'lga kiritayotgan ulkan marralarda – bu qaysi soha,
qaysi kasb-hunar bo'lmasin, ularning barchasida ayollarimizning munosib, buyuk
hissasi borligini minnatdorlik bilan ta'kidlaymiz.
Bu haqda gapirganda, xotin-qizlarimizning nafaqat kundalik turmushda, balki
davlat miqyosidagi eng muhim masalalarni hal qilishda o'rni va roli tobora
ortib borayotganini alohida qayd etishni zarur deb bilaman.
Bugungi kunda yuzlab deputat ayollarimiz Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarda
xalq vakillari bo'lib faoliyat ko'rsatayotgani, davlat va jamiyat boshqaruvida,
siyosiy va ijtimoiy hayotimizda, fuqarolik institutlari va nodavlat
tuzilmalarda qanchadan-qancha opa-singillarimiz el-yurt manfaati uchun jonbozlik
bilan xizmat qilayotganini hurmat bilan e'tirof etamiz.
Biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo'lgan ta'lim-tarbiya, madaniyat va ilm-fan
sohalarida mehnat qilayotgan xodimlarning 73 foizini, sog'liqni saqlash
tizimida 75 foizini, ishlab chiqarish tarmoqlarida 42 foizini, qishloq
xo'jaligida 43 foizini aynan ayollar tashkil etayotgani ularning haqiqatan ham
biror-bir sohada hech kimdan qolishmasligini ko'rsatadi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi kichik biznes subyektlarining 120 mingdan
ziyodini, fermer xo'jaliklarining 4 ming 550 dan ortig'ini xotin-qizlar
samarali boshqarib, barchaga o'rnak va namuna bo'lib kelmoqda.
Men joylarda bo'lib, mana shunday o'zining qadr-qimmatini, hayotning pastu
balandini yaxshi biladigan, kelajakka katta ishonch bilan qarab, sidqidildan
mehnat qilayotgan opa-singillarimiz bilan uchrashib, suhbat qurganda, ochig'ini
aytishim kerak, o'zim uchun katta taassurot, ma'naviy-ruhiy quvvat olaman.
Jamiyatimiz taraqqiyotini bugungi yuksak bosqichga ko'tarishda dunyoda
o'xshashi kam bo'lgan noyob tuzilma – mahalla faollarining, xususan, diniy
ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchi bo'lib
ishlayotgan, ko'pni ko'rgan, jonkuyar opa-singillarimizning beqiyos hissasi
borligi barchamizni albatta quvontiradi. Elu yurtimiz o'rtasida sog'lom muhitni
mustahkamlash, xonadonlarda turli ginayu arazlarning oldini olish, yosh
oilalarni qo'llab-quvvatlash borasida o'zini ayamasdan mehnat qilayotgan ana
shunday ming-minglab ayollarimizga o'z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy
tashakkur izhor etishni o'zimning burchim, deb bilaman.
Aziz opa-singillar!
Biz Vatanimiz mustaqilligining birinchi kunlaridan boshlab yurtimizda oila,
onalik va bolalikni himoya qilish, ayollarning huquq va manfaatlarini
ta'minlash, ularning jamiyatdagi o'rni va nufuzini oshirish kabi muhim
vazifalarni davlat siyosati darajasiga ko'targanimiz va bu sohada amalga
oshirayotgan ishlarimiz bugungi kunda jahon miqyosida havas bilan tan
olinmoqda.
Bu haqda ko'p gapirmasdan, birgina 2015-yilning o'zida tadbirkor ayollar uchun
ajratilgan kreditlar 1 trillion 255 milliard so'mni yoki 2014-yilga nisbatan
130 foizni tashkil etganini aytish kifoya, deb o'ylayman.
Hech shubhasiz, bunday ko'mak va yordam xotin-qizlarning qobiliyati va
salohiyatini ro'yobga chiqarish, ularning jamiyatimiz hayotidagi munosib
ishtirokini ta'minlashda muhim amaliy qadam bo'lmoqda.
O'tgan yili kasb-hunar kollejlarini bitirgan 230 mingdan ko'proq qiz bolalar
ishga joylashtirilgani, tadbirkorlik sohasida o'z ishini boshlayotgan 6 mingdan
ortiq yosh qizlarga 51 milliard so'mdan ziyod kreditlar ajratilgani ham
opa-singillarimizning hayotiy manfaatlarini ta'minlash borasidagi salmoqli
ishlarimiz qatoriga kiradi.
Shu bilan birga, keyingi ikki yilda 2 ming 80 ta xonadonga mo'ljallangan 57 ta
ko'p qavatli "Kamolot" uylari barpo etilib, yosh oilalarga berilgani, minglab
yoshlarimiz uchun imtiyozli ipoteka va iste'mol kreditlari ajratilgani va
bunday tadbirlar izchil davom ettirilayotganini qayd etish o'rinlidir.
Shular haqida so'z yuritar ekanmiz, 2015-yilda 1 ming 668 nafar sportchimiz,
jumladan, 567 nafar qizimiz xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, 983 ta medalga
erishgani, iqtidorli farzandlarimiz nufuzli xalqaro tanlovlarda 137 ta sovrinli
o'rinni, jumladan, 76 ta gran-prini qo'lga kiritganini yurtimizda sog'lom va
barkamol avlodni shakllantirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlarimizning
amaliy natijasi sifatida qabul qilamiz.
Ayni vaqtda xotin-qizlarimiz uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning
og'irini yengil qilish, o'z bilim va professional malakasini amalda namoyon
etishi uchun keng yo'l ochib berish bo'yicha hali ko'p ish qilishimiz kerak.
Ayniqsa, jondan aziz farzandlarimizni dunyoda hech kimdan kam bo'lmaydigan
insonlar qilib kamol toptirish, avvalo, qiz bolaning taqdiri haqida g'amxo'rlik
qilish, uni bamisoli jamiyatimizning gulidek tarbiyalab, voyaga yetkazish,
bo'lajak oilaning baxtli bekasi sifatida ko'rish vazifasi, yana va yana bir bor
aytaman, barchamizning eng oliy maqsadimiz bo'lishi darkor.
Nega deganda, buning negizida xalqimiz, millatimizning hayoti, kelajagi bilan
bog'liq oddiy va shu bilan birga, o'ta mas'uliyatli haqiqat mujassam bo'lib,
uni hech qachon unutmasligimizni istardim. Ya'ni, qizlarimiz timsolida biz
avvalambor bo'lg'usi onalarni, ham jismoniy, ham ma'naviy sog'lom avlodni
o'zimizga tasavvur qilamiz, naslimiz davomchilarini ko'ramiz. Hech shubhasiz,
qiz bola sog'lom, bilimli, zamonaviy kasb-hunar egasi bo'lsa, u quradigan oila
ham, bu oilaning mevasi bo'lmish bola ham sog'lom va baxtli bo'ladi. Oila
sog'lom va baxtli bo'lsa, butun jamiyat barqaror va farovon bo'ladi.
Hammamiz yaxshi tushunamizki, mamlakatimizda 2016-yilning Sog'lom ona va bola
yili deb e'lon qilinishi avvalo ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi. Ushbu
dastur doirasida jami 7 trillion 483 milliard 300 million so'm va 194 million
400 ming dollar hajmidagi ishlarni amalga oshirish belgilanganining o'zi,
o'ylaymanki, uning miqyosi va ko'lami qanday ulkan ekanidan dalolat beradi.
Dasturda belgilangan, kundalik hayotimizda eng muhim e'tibor qaratish zarur
bo'lgan yo'nalishlar haqida gapirganda, birinchi navbatda, tibbiyot maskanlari, oilaviy
poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarining moddiy-texnik bazasini
mustahkamlash, akusher-ginekologlar, bolalar shifokorlarining malakasini
yuksaltirish, ona va bolaning sog'lig'idan muntazam xabar olib, ularga tegishli
yordam ko'rsatadigan patronaj hamshiralar sonini ko'paytirish kabi o'ta dolzarb
masalalar bundan buyon ham diqqatimiz markazida bo'ladi.
Yurtimizda hukm surayotgan o'zaro hurmat, mehr-oqibat va ahillikni yanada
mustahkamlash, yoshlarimizning ongi va qalbini bizga mutlaqo yot bo'lgan
zararli oqim va ta'sirlardan, "ommaviy madaniyat" xurujlaridan saqlash,
oilalarda, mahallalarda olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizni yangi bosqichga
ko'tarishni bugun tobora keskinlashib, murakkablashib borayotgan hayotning o'zi
barchamizdan talab etmoqda.
Ana shunday o'tkir masalalarni yechishda men siz, muhtarama ayollarimizga,
sizlarning aql-zakovatingiz, olijanob fazilatlaringizga tayanishimni, sizlarni
o'zimning eng yaqin maslahatchilarim va safdoshlarim, deb bilishimni fursatdan
foydalanib bugun yana bir bor ta'kidlab aytmoqchiman.
Aziz va qadrli opa-singillarim!
Bamisoli bahor elchisi bo'lib kelayotgan, o'zingizdek go'zal va dilbar mana shu
qutlug' ayyomda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga
fayzu baraka tilayman.
Umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo'lsin!
Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin!
Doimo oilangiz va farzandlaringiz, elu yurtimiz ardog'ida bo'ling, azizlarim,
mehribonlarim!
Islom Karimov,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
Havola: http://uza.uz/uz/politics/o-zbekiston-xotin-qizlariga-bayram-tabrigi-05-03-2016