Prezident Islom Karimov "LUKOYL" neft kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10-noyabr kuni Oqsaroyda "LUKOYL" neft kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O'zbekiston neft-gaz tarmog'ida qo'shma loyihalarni amalga oshirishda ushbu kompaniya faol ish yuritayotganini ta'kidladi.
Bugungi kunda "LUKOYL" Havzak, Shodi, Qo'ng'irot konlari va Qandim konlar guruhi kabi istiqbolli gaz konlarini o'rganish va o'zlashtirish, Janubi-g'arbiy Hisor va Ustyurt mintaqasidagi neft-gaz uchastkalarini o'rganish bo'yicha investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. Hamkorlikdagi geologiya-qidiruv ishlari doirasida Orol dengizi akvatoriyasining O'zbekiston qismida istiqbolli uglevodorod konlari topildi. Kompaniyaning mamlakatimizdagi loyihalarni amalga oshirishga yo'naltirgan jami investitsiyalari hajmi 5 milliard dollardan oshdi.
"LUKOYL" ayni paytda eng ilg'or texnologiyalarga asoslangan Qandim gazni qayta ishlash zavodi qurilishiga kirishdi. Bu zamonaviy zavod yiliga 8 milliard kub metr tabiiy gazni chuqur qayta ishlash quvvatiga ega bo'ladi.
Uchrashuvda V.Alekperov 2018-yilda foydalanishga topshirilishi mo'ljallangan ushbu loyiha O'zbekiston sanoatini yanada rivojlantirish va kengaytirishga qaratilgan 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o'zgartirish va diversifikatsiyalash dasturi doirasida amalga oshirilayotganini ta'kidladi. "LUKOYL" kompaniyasi O'zbekiston neft-gaz tarmog'idagi investitsiyaviy loyihalar doirasida qabul qilgan barcha majburiyatlarini to'la va o'z vaqtida bajarishini qayd etdi.
Muloqot chog'ida jahon va mintaqa uglevodorod xomashyosi bozoridagi bugungi vaziyat yuzasidan fikr almashildi, uzoq muddatli va o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi.