Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog'istondagi davlat tashrifi

17516 23-Mart, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 278 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 22-mart kuni davlat tashrifi bilan Ostona shahriga keldi. 

O'zbekiston va Qozog'iston davlat bayroqlari bilan bezatilgan Ostona xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. 

Davlatimiz rahbarini Qozog'iston Respublikasi Bosh vaziri va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Oqo'rda qarorgohida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo'ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O'zbekiston va Qozog'iston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev faxriy qorovul safi oldidan o'tdilar. 

Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvida O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi. 

Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz o'rtasidagi yaxshi qo'shnichilik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ta'kidladi. 

Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevni Qozog'istonga davlat tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o'rtasida oliy maqomdagi muloqotlarning mantiqiy davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta'kidladi.


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida muloqotni davom ettirdilar. 

Unda O'zbekiston bilan Qozog'iston o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Mamlakatlarimiz hamkorligi 1998-yilda Toshkentda imzolangan O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida Abadiy do'stlik to'g'risidagi shartnoma, 2013-yilda poytaxtimizda imzolangan O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida Strategik sheriklik to'g'risidagi shartnoma asosida jadal taraqqiy etmoqda. 

O'zbekiston va Qozog'iston siyosiy masalalarda bir-birini qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Ikki tomonlama asosda hamda BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo'yicha tomonlarning qarash va yondashuvlari o'xshash yoki yaqindir. 

O'zbekiston Qozog'istonning 2017-2018-yillarda BMT Xavfsizlik kengashiga muvaqqat a'zolikka saylanishini qo'llab-quvvatladi. Bu xalqaro maydonda butun mintaqamiz davlatlari manfaatlarini himoyalash imkonini beradi. Qozog'iston O'zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish borasidagi tashabbusini qo'llab-quvvatlagan, mamlakatimizning hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo'shilmaslik, nizolarni tinch yo'l bilan hal etish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuqori baholaydi. 

O'zbekiston va Qozog'iston mustaqil taraqqiyot yo'lini bir davrda boshlagan. Iqtisodiyotni qayta tiklash va rivojlantirish yo'lida bir-biriga yelkadosh bo'lib kelmoqda. 

Bugun ikki mamlakat ham o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo'ymoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 – 2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi. Prezident Nursulton Nazarboyevning Qozog'iston xalqiga joriy yilgi murojaatida Qozog'istonni modernizatsiya qilishning uchinchi bosqichi belgilab berildi. 

Qozog'iston mamlakatimizning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. O'zbekiston Qozog'istonga tabiiy gaz, avtomobillar, transport vositalari, mineral o'g'itlar, to'qimachilik, elektrotexnika va qurilish materiallari, meva-sabzavot va boshqa ko'plab tovarlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Qozog'istondan yurtimizga neft, metall, un, yog'-moy mahsulotlari keltiriladi. 

Mamlakatimizda Qozog'iston kapitali ishtirokida tuzilgan qariyb 230, Qozog'istonda O'zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 130 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. 

2016-yilda mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. Bu ikki tomonning salohiyatiga mos emasligi, savdo aylanmasini kamida ikki barobar oshirish imkoniyati mavjudligi alohida ta'kidlandi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti raqobatchi emas, aksincha, bir-birini to'ldiradi. Buning uchun hukumatlararo komissiya va qo'shma savdo uylari faoliyatini kengaytirish, yangi ta'minot bozorlari tashkil etish zarurligi qayd etildi. 

Transport kommunikatsiyalari sohasi o'zaro hamkorlikning yana bir ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo'llari o'zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog'i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o'tamoqda. 

Qozog'istonning Maqtaaral tumani hududidan o'tgan, Toshkent va Samarqandni bog'lovchi avtomobil yo'lining ochilishi, Toshkent – Olmaota tezyurar poyezdi va ikki mamlakat shaharlari o'rtasida avtobus qatnovlari yo'lga qo'yilgani transport kommunikatsiyalari tarmog'ini yanada kengaytiradi. Hududlararo aloqalar savdo va turizm rivojiga xizmat qiladi. 

Ochiq va do'stona ruhda o'tgan muzokarada o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi. Savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasini saqlab qolgan holda uni diversifikatsiya qilish, eksport-import hajmi va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat va tadbirkorlik subyektlari kooperatsiyasini rivojlantirishga kelishib olindi.

O'zbekiston-Qozog'iston muzokaralari yakunida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 13 hujjat imzolandi. 

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo'shnichilikni mustahkamlash to'g'risidagi qo'shma deklaratsiyani imzoladilar. 

Shuningdek, parlamentarizm, soliq, transport, mudofaa, savdo-sanoat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi. 

O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida 2017-2019-yillarga mo'ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi hamda O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida hududlararo hamkorlik to'g'risidagi bitim ular orasida alohida ahamiyatga ega. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev muzokaralar O'zbekiston – Qozog'iston munosabatlariga xos o'zaro hurmat va samimiyat ruhida o'tgani, barcha strategik masalalar bo'yicha tomonlar bir-birini qo'llab-quvvatlaganini alohida ta'kidladilar. Ushbu tashrif mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik rivojida tarixiy ahamiyat kasb etgani, imzolangan hujjatlar xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilishi qayd etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni Ostona shahrida "Vatan himoyachilari" monumentiga gul qo'ydi. 


Ushbu monument Prezident Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan 2001-yil Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan qozog'istonlik Vatan himoyachilari xotirasiga bag'ishlab bunyod etilgan. 

Davlatimiz rahbari tinchlik, ozodlik yo'lida jon fido qilgan vatanparvar insonlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Yodgorlik majmuasi bilan tanishdi. 

Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston poytaxtidagi Davlat rahbarlari xiyoboniga ko'chat o'tqazdi. Bu yerda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ekkan daraxt baravj o'smoqda. 

Kunning ikkinchi yarmida Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev hamrohligida "Ostona opera" Davlat opera va balet teatriga tashrif buyurdi. 

Qozog'iston Prezidenti tashabbusi bilan qurilgan ushbu teatr 2013-yilda foydalanishga topshirilgan. Tomosha zali 1250 kishiga mo'ljallangan. Qozog'istonning ko'plab madaniy tadbirlari mazkur teatrda o'tkaziladi. 

Oliy martabali mehmon teatr bilan tanishtirildi. 

Prezidentlar bu yerda "Qiz Jibek" operasini tomosha qildilar. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali