Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xalqaromaqom sanʼati anjumanining ochilish marosimidagi nutqi

8931 7-Sentyabr, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 31 Kb)


Muhtaram xalqaro anjuman ishtirokchilari! 

Qadrli doʻstlar! 

Xonimlar va janoblar! 

Bugun bagʻrikeng, mehmondoʻst, sanʼatsevar oʻzbek diyorida katta bayram, katta shodiyona. 

Jonajon Vatanimizning goʻzal va betakror maskanlaridan biriShahrisabz zaminida, buyuk Amir Temur bobomiz bunyod etgan muazzam Oqsaroy maydonida Xalqaro maqom sanʼati anjumani tantanali ravishda ochilmoqda. Shu munosabat bilan siz, azizlarni, oʻz hayotini noyob musiqa durdonasi boʻlmish maqom sanʼatiga bagʻishlagan fidoyi insonlarni chin qalbimdan muborakbod etaman. 

Bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmonlarimiz YUNЕSKO, Osiyo folklor ijodiyoti tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar vakillariga alohida minnatdorlik bildiramiz. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi Vladimir Ilich Tolstoyga, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sultanbay Rayevga, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Arstanbek Muhammed oʻgʻliga, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Oʻrumbekzodaga, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Abulfas Garayevga, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ahmat Xaluk Dursunga oʻz tashakkurlarimizni bildiramiz. Ularning yurtlarida ham mana shunday sanʼat bayramlari koʻp boʻlsin va ularda qatnashish bizga ham nasib etsin. 

Yana bir qator davlatlarning madaniyat sohasi rahbarlarini, xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi muhtaram elchilarini samimiy qutlab, chuqur minnatdorlik bildirishga ruxsat etgaysiz. 

Biz sizlarning timsolingizda tinchlik va ezgulik namoyandalarini, xalqimiz va madaniyatimizning haqiqiy doʻstlarini koʻramiz. 

Xush kelibsiz Oʻzbekistonga, xush kelibsiz Shahrisabzga! 

Hurmatli anjuman qatnashchilari! 

Mamlakatimizda birinchi bor oʻtkazilayotgan ushbu sanʼat bayramida dunyoning 73 davlatidan kelgan 300 ga yaqin ishtirokchilar va mehmonlar qatnashmoqda. Ularning orasida nafaqat oʻz yurtida, balki jahon miqyosida ham mashhur xonanda va sozandalar,madaniyat va sanʼat arboblari,musiqashunos olimlar borligi barchamizga katta mamnuniyat bagʻishlaydi. 

Bugun Shahrisabzning moviy gumbazlari ostida jahondagi koʻplab xalqlar va mamlakatlarning musiqiy xazinasiga aylangan, oʻzining teran falsafasi, ilohiy qudrati bilan ming-minglab qalblarni maftun etadigan maqom sadolari baralla yangramoqda. 

Haqiqatan ham, biz uchun bebaho badiiy qomus boʻlgan maqom sanʼati asrlar, necha yuz yillar davomida inson ruhini, uning dardu armonlarini, ezgu intilishlarini yuksak pardalarda ifoda etib kelmoqda. 

Sharq mumtoz adabiyoti, tasviriy sanʼati, ilmu maʼrifat, islomiy qadriyatlardan oziqlangan maqom sanʼatiga – ana shunday buyuk madaniy meros rivojiga oʻzbek xalqi ham munosib hissa qoʻshgani bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz. 

Bu noyob boylikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, undan dunyo ahlini bahramand qilish, kelgusi nasllarga bezavol yetkazish turli qitʼa va mamlakatlar vakillarini bu goʻzal maskanda mujassam etgan anjumanimizning asosiy maqsadidir. 

Qadrli doʻstlar! 

Bugungi sanʼat forumini aynan Shahrisabz shahrida tashkil etganimiz bejiz emas, albatta. 

Bu shahar oʻzining 2700 yillik koʻhna tarixi davomida ogʻir va mashaqqatli sinovlarni, tahlikali zamonlarni oʻz boshidan kechirdi. Ammo har qanday murakkab davrlar, urush va bosqinlar, tabiiy ofatlar ham uni tarix sahifasidan oʻchira olmadi. 

Shahrisabz buyuk sarkarda va davlat arbobi, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur bobomiz kamolga yetgan moʻʼtabar maskan sifatida ham dunyoga maʼlum va mashhurdir. 

Bu shahar qadim-qadimdan ulugʻ alloma va shoirlari, sanʼat va madaniyat ahli, qoʻli gul ustalari, mohir hunarmandlari bilan shuhrat qozonib keladi. Uning bagʻridagi noyob meʼmoriy obidalar, nodir yodgorliklar bu haqiqatni yaqqol tasdiqlaydi. 

Bugungi kunda xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, fidokorona mehnati bilan Shahrisabz yurtimizning eng obod maskanlaridan biriga, zamonaviy madaniyat va turizm markaziga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. 

Muhtaram mehmonlar! 

Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston zamini qadimiy sivilizatsiya, madaniyat va sanʼat beshiklaridan biri boʻlib kelayotgani, oʻylaymanki, sizlarga yaxshi maʼlum. 

Samarqand viloyatining Moʻminobod qishlogʻidan topilgan 3 ming yillik nay cholgʻusi, Termiz yaqinidagi Ayritom arxeologik yodgorligida aks etgan sozandalar tasviri va boshqa koʻplab misollar milliy musiqa sanʼatimiz, hech shubhasiz, boy va qadimiy tarixga ega ekanidan dalolat beradi. 

Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning aynan "navo", yaʼni, musiqiy ohang, degan soʻzni oʻzlariga taxallus qilib, butun dunyoda shuhrat topganini barchamiz yaxshi bilamiz. 

Xalqimiz badiiy tafakkurining mahsuli boʻlgan "Shashmaqom", yaʼni, olti maqomni, taʼbir joiz boʻlsa, olti azim daryoga qiyoslash mumkin. Bu daryolar asrlar davomida jahon madaniyat ummoniga quyilib, uni har tomonlama toʻldirib, boyitib kelmoqda. Shuning uchun ham bu muazzam musiqiy durdona YUNЕSKO tomonidan jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgani chuqur maʼno va ahamiyatga ega, deb oʻylayman. 

Azaldan sanʼatni, musiqani butun qalbi bilan sevadigan, ijod ahlini munosib qadrlaydigan el-yurtimiz bugungi anjumanni katta quvonch va hayajon bilan kutib olmoqda. 

Bugun biz ana shunday ulkan maʼnaviy boylikning shakllanishi va taraqqiyotida, bu umrboqiy sanʼatning bizgacha yetib kelishida beqiyos xizmat koʻrsatganulugʻ shoir va mutafakkirlar, bastakor va sozandalar, buyuk hofizlarning xotirasini hurmat-ehtirom bilan yod etamiz. 

Aziz doʻstlar! 

Bugungi zamonda barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirish, yoshlarni yuksak gumanistik ideallar ruhida tarbiyalashda musiqa sanʼatining oʻrni va ahamiyatini hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. 

Agar biz asl, haqiqiy sanʼatni bilmoqchi, oʻrganmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini bilishimiz, oʻrganishimiz kerak. 

Agar biz sanʼatni, madaniyatni koʻtarmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini koʻtarishimiz kerak. 

Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur. 

Maqom sanʼatining madaniy hayotimizdagi ana shunday beqiyos taʼsirini inobatga olib, mamlakatimizda bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Albatta, sizlar anjuman kunlarida hamkasb doʻstlaringiz, sanʼat muxlislari bilan muloqotda boʻlib, ana shunday ishlar bilan atroflicha tanishish imkoniga ega boʻlasizlar. 

Oʻylaymanki, bugungi anjuman oldimizda turgan muhim nazariy-amaliy muammolarni atroflicha muhokama qilish, bu borada xalqaro tajriba, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet imkoniyatlaridan keng foydalanish, turli madaniy va ijodiy tashkilotlar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, oʻzaro bordi-keldilarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar ishlab chiqishi ayni muddao boʻlur edi. 

Shu maʼnoda, anjuman doirasida oʻtkaziladigan "Maqom musiqa sanʼati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bu yoʻlda muhim qadam boʻlishi tabiiy. 

Fursatdan foydalanib, bugungi sanʼat va nafosat bayramini yuksak saviyada oʻtkazish uchun oʻzini ayamasdan, fidokorona mehnat qilgan barcha insonlarga, mehmondoʻst va olijanob Qashqadaryo viloyati va Shahrisabz ahliga anjuman ishtirokchilari nomidan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz. 

Muhtaram doʻstlar! 

Aziz mehmonlar! 

Sizlarning bevosita ishtirokingizda boshlanayotgan bugungi xalqaro anjuman bardavom boʻlib, uzoq va yaqin mintaqalarda maqom sanʼati rivojini yangi bosqichga koʻtarish uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi, deb ishonaman. 

Barchangizni xalqaro maqom anjumanining ochilishi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. 

Dillarni dillarga, ellarni ellarga payvand etadigan maqom sanʼatimiz hamisha gullab-yashnasin! 

Uning fidoyilari doimo bor boʻlsin, omon boʻlsin! 

Barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda yangi ijodiy yutuqlar, anjuman ishiga muvaffaqiyatlar tilayman. 

Katta rahmat sizlarga, yana bir bor xush kelibsiz Oʻzbekistonga! 

Eʼtiboringiz uchun tashakkur.

Manba: prezident.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali