Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tamal toshi qo'ydi

7992 18-Iyun, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 27 Kb)


Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 15-iyun kuni Toshkent shahridagi O'zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi qurilish maydoniga tashrif buyurib, inshoot poydevoriga ramziy tamal toshi qo'ydi. 

Mazkur tadbir yurtimizda muborak Ramazon hayiti nishonlanayotgan ulug' kunlarda o'tkazilganida chuqur ramziy ma'no bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev so'nggi bir yarim yil ichida xalqimizning milliy-diniy qadriyatlarini tiklash, ma'rifiy islomni rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning dinimiz sofligini ta'minlashga qo'shgan ulkan hissasini keng o'rganish va targ'ib etish yuzasidan ko'plab tashabbuslarni boshlab berdi. 

Davlatimiz rahbari BMT minbaridan turib islomning dunyo miqyosidagi o'rniga, ajdodlarimizning dinimiz rivojiga qo'shgan hissasiga yuksak baho berdi hamda "Ma'rifat va diniy bag'rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish taklifini ilgari surdi. Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi, din masalasidagi jaholatga barham berishni ko'zda tutuvchi "Jaholatga qarshi – ma'rifat" shiori joriy qilingani O'zbekistonning diniy bag'rikenglik sohasidagi tashabbuslarining yaqqol ifodasi sifatida dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otdi. 

Bundan bir yil muqaddam – 2017-yil 15-iyunda mamlakatimiz hayotida ilk bor imom-xatiblar bilan o'tkazilgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev muqaddas dinimiz pokligini asrash masalasi jamiyatda sog'lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni ta'minlashning muhim sharti ekanini ta'kidlab, bu borada muhim vazifalarni belgilab bergan edi. 

O'tgan davrda mazkur yo'nalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda ma'naviy muhitni asrash, din yo'lida adashgan fuqarolarni sog'lom hayotga qaytarish bo'yicha keng miqyosli ishlar bajarildi. O'zbekiston Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi va boshqa islomiy ta'lim muassasalari tashkil etildi. 

Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi dunyodagi 20 dan ortiq xuddi shunday markazlar bilan aloqalar o'rnatdi. Jumladan, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Turkiyadagi qator ilmiy-tekshirish institutlari, Istanbuldagi To'pqopi muzeyi, Fransiya islom markazi, Parijdagi Luvr muzeyi, Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyi va boshqa qator yetakchi markazlar bilan hamkorlik o'rnatilib, bu borada 7 ta memorandum imzolandi. Markaz kutubxonasi shakllantirilmoqda. Bugunga qadar unga 400 dan ortiq noyob qo'lyozmalar xarid qilindi, yurtdoshlarimiz o'zlaridagi qadimiy qo'lyozmalarni topshirmoqda. Bu xalqimizning imon-e'tiqod, ma'naviyat va ma'rifatga intilishidan, ezgu va savobli ishlarga bosh qo'shayotganidan dalolatdir. 

Kuni kecha SHHTning Sindao sammitida qabul qilingan SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo'shma murojaati ham O'zbekiston tashabbusidir. 

Davlatimiz rahbari tadbirga yig'ilgan diniy ulamolar va barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklab, shunday ulug' ayyom kunlarida markaz qurilishining boshlanayotgani zamirida ezgu niyat, chuqur ma'no-mazmun mujassam ekanini ta'kidladi. 

Bu markazni qurishdan maqsad islom ma'rifatini, buyuk ajdodlarimizning boy merosini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazishdir. Buning uchun buyuk bobolarimiz merosiga o'zimiz munosib bo'lishimiz, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishimiz zarur. Boshlagan hamma sa'y-harakatlarimiz yoshlar ta'lim-tarbiyasiga, xalqimiz tinchlik-osoyishtaligiga, yorug' kelajagiga zamin yaratadi, dedi Prezidentimiz. 

Ushbu markaz konsepsiyasida ulug' allomalarimizning merosini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazish g'oyasi chuqur ifoda topgan. Uch qavatli bino loyihasidan kutubxona, qog'oz va yozuv tarixi, ajdodlarimizning islom dini, ilm-fan rivojiga qo'shgan hissasi, san'at, ta'lim, shaharsozlik va me'morlik, an'ana va urf-odatlar, Usmon Qur'oni kabi zallar o'rin olgan. 

Bu yerga keluvchilar dastlab ajdodlarimizning xattotlik, me'morlik, san'at va madaniyat sohalarida erishgan yutuqlari, an'ana va urf-odatlari haqida hikoya qiluvchi kitoblar va nodir ashyolar bilan tanishadi, ajdodlarimizning sof islom ma'rifatidan bahramand bo'ladi. Bino tarxi shunday chizilganki, bitta zalni ko'rmasdan turib boshqasiga o'tib ketolmaysiz – uzviylik ta'minlanadi. Eng oxirida, ikkinchi qavatdagi Usmon Qur'oni turgan zalga kirilganda taassurotlar ortib, nurga, ma'rifatga aylanadi. 

Prezidentimiz o'tgan yili 1 sentyabr kuni Hazrati Imom majmuasiga tashrif asnosida Islom sivilizatsiyasi markazini mazkur qadimiy majmua yonida barpo etish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Shunga binoan bu yerdan o'n gektarga yaqin joy ajratildi. Eng zamonaviy me'morlik tajribalari asosida puxta loyiha ishlab chiqildi. 

Loyihaga ko'ra markaz binosi peshtoqi Samarqanddagi Ulug'bek madrasasiga monand qilib quriladi, yuqori qismi gumbaz bo'ladi. Usmon Qur'oni turgan asosiy zalning o'lchami 46x46 metr kvadratni, gumbazdan to Qur'on turgan joygacha bo'lgan oraliq 54 metrni tashkil etadi. Bino, shuningdek, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, konferensiya zali, xizmat xonalari va boshqa obyektlarni o'z ichiga oladi. 

Prezidentimiz O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, mahalla faollari, me'morlar bilan suhbatda mazkur imoratni buyuk ajdodlarimiz dahosi va zakosi, xalqimiz ma'naviy salohiyatiga mos mahobatli qilib barpo etish, uni yoshlar uchun ulkan tarbiya maktabi, chet ellik sayyohlar uchun muqaddas qadamjoga aylantirish, mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarga zarur sharoitlar yaratish kerakligini ta'kidladi. 

Jamiyatimizda sog'lom ma'naviy muhitni mustahkamlash, turli bid'atlarning oldini olish, adashganlarni avf etish, imom-xatiblar malakasini oshirish, yoshlar tarbiyasiga e'tiborni kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali