Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga keldi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, investitsiya loyihalari ijrosining borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2-iyun kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyati ham izchil rivojlanmoqda. Shahar va qishloqlar qiyofasi o'zgarib, odamlarning turmush farovonligi oshib bormoqda.
Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yirik sanoat korxonalari, kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy obyektlar, ko'p qavatli uy-joylar barpo etildi. Andijon shahridagi O'zbekiston, Mustaqillik, Istiqlol, Bobur ko'chalarining zamonaviy qiyofasi viloyatning bugungi taraqqiyoti ifodasidir.
Andijonda sanoat, qishloq xo'jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, savdo, xizmat ko'rsatish, san'at, sport kabi sohalar izchil rivojlanmoqda. Joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,5 foiz o'sgan.
Viloyatda besh mingga yaqin sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Mahsulotlarning 95 foizdan ortig'i avtomobilsozlik, yengil sanoat, kimyo, neft-kimyo, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida ishlab chiqarilmoqda.
Asaka shahridagi "Jeneral motors O'zbekiston" qo'shma korxonasi bu borada alohida o'ringa ega. Bu zavod mamlakatimizda yangi tarmoq – avtomobilsozlik sanoatiga asos bo'ldi, u bilan bog'liq infratuzilmalar, xizmat sohalari shakllandi. Zavodda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, eksport geografiyasini kengaytirish ishlari davom ettirilmoqda.
Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Ularning safi kengayib, tovar va xizmatlar turi ortib bormoqda. Mehnat bilan band aholining 84 foizi shu sohada faoliyat ko'rsatib, daromad topmoqda.
Andijonliklar mirishkorligi, izlanuvchanligi bilan mashhur. Viloyat dehqonlari mamlakatimiz paxta va g'alla xirmonining 8-9 foizini, meva-sabzavotning 11,5 foizini yetishtirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 1-noyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli reja va maqsadlarni bayon qilgan edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini "Bog'i Bobur" istirohat bog'i bilan tanishishdan boshladi.
Mazkur istirohat bog'i Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan. Bobur xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi so'lim maskan 357 gektar maydonni egallagan. Bog'da Bobur Mirzoning ramziy qabri va haykali, "Bobur va jahon madaniyati" muzeyi barpo etilgan. Bobur hayoti va merosini o'rganishga bag'ishlangan xalqaro ilmiy ekspeditsiya tomonidan olib kelingan noyob qo'lyozmalar, kitoblar va tarixiy ashyolar o'rin olgan muzey mamlakatimizdagi diqqatga sazovor maskanlardan biriga aylangan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan istirohat bog'ini yanada obod qilish, muzeyni ta'mirlash va faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan.
Har bir hududga borganda o'sha yerning tarixini o'rganish va tiklashga e'tibor qaratmoqdamiz. Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, ma'rifat nuqtai nazaridan u hamon yashayapti. Bu maskanni yanada obod qilib, tarbiya o'chog'iga aylantirish zarur. O'zligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-ma'rifatni rivojlantirsak, hech qachon kam bo'lmaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz muzey eksponatlari bilan tanishdi. Olimlar va nuroniylar bilan muloqotda bo'ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Andijon biokimyo zavodi" aksiyadorlik jamiyati tomonidan Xo'jaobod tumanida tashkil etilgan bog'ni borib ko'rdi.
Xalqimiz farovonligi, yurtimiz bozorlari to'kinligiga Andijon fermer va dehqonlari ham munosib hissa qo'shmoqda. Keyingi yillarda paxta maydonlari qisqartirilib, qishloq xo'jaligi tarkibiy o'zgartirilayotgani natijasida meva-sabzavot yetishtirish ko'paymoqda, eksport hajmi oshmoqda.
Xo'jaobod tumanidagi lalmi maydonda tashkil etilgan yong'oqzor va tokzor ham shu maqsadga qaratilgan. Bu yerda 20 gektarga Kaliforniya yong'og'i, 23 gektarga tok navlari ekilgan. Kelgusida ekin maydoni kengaytirilib, meva turlari ko'payadi. Qator oralariga bulg'or qalampiri, piyoz, kartoshka, loviya, moshning xaridorgir navlari va boshqa sabzavotlar ekiladi.
Prezidentimiz o'rmon xo'jaligini rivojlantirishga oid qaror mazmun-mohiyatiga to'xtaldi. Andijonning ilmiy va mehnat salohiyatidan foydalanib, bu yo'nalishda ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etish, xaridorgir mahsulotlar yetishtirish orqali xalqimizning daromadini ko'paytirish zarurligi ta'kidlandi. Andijon qishloq xo'jaligi instituti va kollejlarda o'rmonchilik sohasida malakali kadrlar tayyorlash bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
Shu yerda Qo'rg'ontepa tumanidagi "Bog'i Furqat" fermer xo'jaligi bazasida qishloq xo'jaligi urug'chiligi va ko'chatchilikni rivojlantirish loyihasi namoyish qilindi. Bu yerda zamonaviy biotexnologiya (In vitro texnologiyasi) asosida laboratoriya tashkil etilib, virussiz urug' va ko'chatlar yetishtirish yo'lga qo'yiladi. Bunday o'simliklar kasalliklarga chidamli bo'ladi, ularni yil bo'yi ekish mumkin. Qiymati 1,6 milliard so'm bo'lgan ushbu loyiha samarasida eksportbop qishloq xo'jaligi mahsulotlari urug' va ko'chatlari yetishtiriladi, agrosanoat tarmoqlari va aholiga yetkazib beriladi. 38 ish o'rni yaratiladi.
Mamlakatimiz qishloq xo'jaligi salohiyatini yanada oshirish maqsadida barcha hududlarda gidroponika usulida issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ixcham va samarador bunday issiqxonalar yuqori sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, minglab ish o'rinlari yaratish imkonini beradi.
Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifi davomida Xo'jaobod tumanidagi "Navigul" qo'shma korxonasi hududida tashkil etiladigan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, muzlatish va sotishga ixtisoslashtirilgan yirik logistika kompleksi loyihasi bilan tanishdi.
"Navigul" O'zbekiston – Germaniya qo'shma korxonasida jahon bozori kon'yunkturasi talabadan kelib chiqib, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, ichki bozorni yil davomida meva-sabzavot mahsulotlari bilan ta'minlash, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun bu yerda tayyorlanayotgan tomat pastasi, quritilgan bulg'or qalampiri, baqlajon, olma, olcha, o'rik qoqisi singari mahsulotlar nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda ham xaridorgir.
"O'zvinosanoat-xolding" kompaniyasi negizidagi "Toshkent vino kombinati" aksiyadorlik jamiyati va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda qo'shma korxona hududida "Fruit industries" mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etish rejalashtirilgan. Yangi korxona meva-sabzavotlarni qayta ishlash, quritish, sharbat tayyorlash va eksport faoliyati bilan shug'ullanadi. 6 gektar maydonda ko'chat yetishtiriladigan issiqxona, 255 gektar maydonda tomchilatib sug'oriladigan intensiv bog' tashkil etiladi, 615 gektar maydonda sabzavot yetishtiriladi, 7 ming tonna meva-sabzavotni saqlashga mo'ljallangan muzlatgich quriladi.
Davlatimiz rahbari korxonaning dastlabki bosqichi – meva-sabzavotlarni quritish liniyasining ish boshlashiga bag'ishlangan ramziy tugmani bosdi. Karam va lavlagi misolida texnologik liniyaning ish jarayonini kuzatdi. Quritilgan mahsulotlar namunalari bilan tanishdi.
Loyihaning umumiy qiymati 24 million dollar bo'lib, shundan 14 million dollari Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, qolgani korxona mablag'lari hisobidan qoplanadi.
Korxonani shu yilning uchinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu yerda yiliga 30 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari qayta ishlanadi, 1 ming 250 ish o'rni yaratiladi.
Asaka tumanidagi "Obod turmush orzusi" fermer xo'jaligida tashkil etiladigan meva-sabzavotlarni quritish va muzlatgich tashkil etish, "O'zbekoziqovqatxolding" kompaniyasi va tijorat banklari hamkorligida 2017-2018-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan oziq-ovqat sohasini rivojlantirish dasturi loyihalari namoyish etildi.
Prezidentimiz mazkur loyihalarni o'z vaqtida amalga oshirish, yangi korxonalarni malakali mutaxassislar bilan ta'minlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko'rsatmalar berdi. Yangi tashkil etilayotgan korxonalarga xomashyoni vaqtida yetkazib berish lozimligi ta'kidlandi.
Shu yerning o'zida davlatimiz rahbariga "O'zbekcharmpoyabzali" uyushmasi va tijorat banklari hamkorligida viloyatda 2017-2018-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan charmpoyabzal sohasini rivojlantirish dasturi va sohaga doir boshqa loyihalar, bozorlar infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo'yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma'lumot berildi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalar bilan tanishar ekan, tayyorlanadigan mahsulotlarni nafaqat ichki bozorga yetkazish, ekportga ham chiqarish choralarini ko'rish zarurligini qayd etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xonoboddagi "Xonobod" sanatoriyasini borib ko'rdi. Ushbu dam olish zonasi tog' yon bag'rida joylashgan.
Davlatimiz rahbari sanatoriya hududini obodonlashtirish, qurilish ishlarini oxiriga yetkazib, oromgohni kelgusi yili Navro'z bayramiga foydalanishga topshirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Sanatoriy hududini Andijon shahri va tumanlarga ajratib berish, viloyat aholisi dam olishi uchun zamonaviy sharoit yaratish zarurligini ta'kidladi.
Xonobodni har tomonlama rivojlantirish, aholi bandligi va farovonligini oshirish masalalariga e'tibor qaratildi.