Raqobat – bozor iqtisodiyotiga qatʼiy oʻtish jarayonida prinsipial masala
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-may kuni iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyoti bilan aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Bu esa ichki bozorda raqobat muhitini taʼminlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatdoshligini oshirishni talab etadi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bozor iqtisodiyotiga qatʼiy oʻtishi jarayonida raqobat masalasi prinsipial ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
– Meni tashvishlantiradigan masala shuki, korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi? Chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi boʻla oladimi? Mahalliy mahsulotlarning tannarxini pasaytirsak, xorijdan oʻzlari olib ketishadi, – dedi Prezident.
Bugungi kunda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolmoqda. Lekin bir qator yoʻnalishlarda raqobat muhiti shakllanib boʻlgan 19 xil mahsulot va xizmatlar boʻyicha 70 ta korxonani monopolistlar reyestrdan chiqarish mumkin.
– Raqobat boʻlmasa, sifat boʻlmaydi, narx tushmaydi. Zamon oʻzgaryapti, lekin monopol korxonalar oʻzgara olmayapti. Qatʼiy choralar koʻrish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz. Agar rahbarlar shunga munosib boʻlsa, ishlaydi, boʻlmasa – ketadi, – dedi Prezident.
Yigʻilishda korxonalarning bozordagi monopol mavqeini aniqlash boʻyicha yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish, monopol tovarlar roʻyxatini keskin qisqartirishga qaratilgan "yoʻl xaritasi" tasdiqlash vazifasi belgilandi.
– Dunyo tajribasini oʻrganib, oʻz yoʻlimizni topishimiz zarur. Monopoliyadan chiqarish, raqobatni taʼminlash, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha yakdil yoʻnalishimiz boʻlishi kerak, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan barcha rahbarlarni raqobat asoslari va komplayens boʻyicha oʻqitish muhimligi taʼkidlandi.
– Qachon raqobatga tayyor boʻlamiz? Soha va tarmoqlarimiz tayyor boʻlsa. Sohalar qachon tayyor boʻladi? Mutaxassislar boʻlsa. Eng zaif joyimiz: malakali mutaxassislar yetishmaydi, texnologiya yoʻq, standartlar yoʻq. Shuning uchun bu sohani deyarli boshidan boshlashimiz kerak, – dedi Prezident.
Raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashish borasida mutlaqo yangi tizim yaratish lozimligi taʼkidlandi. Oliy taʼlim tizimida raqobatni rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha alohida fakultet, kunduzgi va sirtqi oʻqish shaklini ochish, yangi fan joriy qilish va ushbu maqsadlar uchun akademik soatlar ajratish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida monopol korxonalarning rahbarlari va hokimlar uchun raqobatni rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etib, oʻquv jarayoniga halqaro moliya tashkilotlaridan ekspert va professor-oʻqituvchilarni jalb qilish vazifasi qoʻyildi.
Raqobat sohasiga oid nizolarning malakali koʻrib chiqilishini taʼminlash maqsadida Toshkent yuridik universitetida shu yoʻnalish boʻyicha sudyalar malakasi oshirish, sudyalarni ushbu yoʻnalishda ixtisoslashtirish va alohida sud kollegiyasini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
Iqtisodiyotda imtiyozlardan samarali foydalanish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Masalan, imtiyozdan foydalangan 23 ta yogʻ-moy korxonasida yangi ish oʻrinlari yetarlicha tashkil etilmagan.
Aksincha, parrandachilik va baliqchilik sohalarida raqobat muhiti yaratilgani natijasida soʻnggi 4 yilda parranda goʻshti yetishtirish 100 ming tonnadan 205 ming tonnagacha, baliq 65 ming tonnadan 122 ming tonnagacha koʻpaygan.
– Parrandachilik va baliqchilik uyushmalari monopoliyadan ozod qilingani natijasi sezilyapti. Tadbirkorlar oʻzini emin-erkin his qilib, harakat qilyapti. Narx va sifat jihatidan bozorga munosib tovar va xizmatlar chiqishi kerak. Raqobat boʻlsa, aholining tanlash imkoniyati va sotib olish qobiliyati oshadi, odamlar rozi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar ham batafsil tahlil qilindi.
– Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish haqida koʻp gapiriladi, lekin amalda bu tizim toʻla tashkil qilingani yoʻq. Buni talab qiladigan muhit yoʻq, bilim yoʻq, ommaviy axborot vositalarida targʻibot yetishmaydi, – dedi davlat rahbari.
Oʻtgan yilda isteʼmolchilardan tushgan 11 mingdan ortiq shikoyatlarning 50 foizi kommunal va transport, 25 foizi savdo, qolgan 25 foizi aloqa, moliyaviy xizmatlar va boshqa sohalarga oid boʻlgan.
Bunga asosiy sabab – monopol korxonalar oʻz manfaatiga moslab hujjatlar ishlab chiqqan boʻlib, ularda isteʼmolchilar manfaati toʻliq inobatga olinmagan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vakolatlarini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qaror loyihasi tayyorlash vazifasi qoʻyildi.
Qoʻmitani isteʼmolchilarning manfaatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri himoya qiladigan xalq vakillik organi – Oliy Majlisga hisobdor etib belgilash masalasini koʻrib chiqish topshirigʻi berildi.