Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

RASMIY MUNOSABAT

3038 13-Aprel, 2022 Chop etish Yuklab olish (PDF 24 Kb)


         Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi-foydalanuvchilarning avtomobil yo'llari holati bo'yicha shikoyatlari, joylardagi yo'l muammolari aks etgan foto va video murojaatlar soha mutaxassislari tomonidan atroflicha o'rganildi.

Bugungi kunda respublikadagi avtomobil yo'llari tarmog'ining uzunligi 209,5 ming kilometr bo'lib, ushbu yo'llarning asosiy qismi 1991 yilga qadar qurilgan va 190 ming kilometr qismining yuk ko'tarish qobiliyati 5-8 tonnaga mo'ljallangan hamda og'ir vaznli transport vositalarining bosimiga bardosh bera olmay yo'l qoplamalarining buzilishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, shahar ko'chalarida drenaj tizimlarining eskirganligi sababli yog'ingarchiliklar davrida yomg'ir suvlarining to'planib qolishi kuzatilmoqda.

Natijada yilning mavsumiy yog'ingarchilik davrida yo'llarda nosozliklar, jumladan, chuqurchalarning paydo bo'lishiga sabab bo'lmoqda.

Mazkur holatlarni tezkor bartaraf etish hamda avtomobil yo'llaridagi nosozliklarning tizimli ravishda oldini olish maqsadida alohida yo'nalishlar bo'yicha kompleks amaliy tadbirlar olib borilmoqda.

Jumladan, 2017 yil 1 yanvar holatida ta'mirtalab yo'llar uzunligi 119,5 ming kilometrni tashkil qilgan bo'lsa, oxirgi besh yil (2017-2021) davomida 53,8 ming kilometr avtomobil yo'llarida rekonstruktsiya va ta'mirlash ishlari olib borildi va  ushbu yo'llarning o'tkazuvchanlik qobiliyati yaxshilandi.

Birgina 2021 yil davomida 20,6 ming kilometr avtomobil yo'llari, shundan 16,6 ming kilometr shahar ko'chalari va ichki yo'llar ta'mirlandi. Shuningdek, 328 ta ko'prik, 23 ta yer osti va yer usti piyodalar yo'laklari, 348 km piyodalar va 286 km velosiped yo'lakchalari qurildi hamda ta'mirlandi.

Joriy yil 1 yanvar holatiga respublikadagi ta'mirtalab yo'llar uzunligi 65,7 ming kilometrni tashkil etib, ushbu ta'mirtalab yo'llarni 2022-2025 yillarda bosqichma-bosqich ta'mirlash bo'yicha dastur ishlab chiqildi.

Bugungi kunda joriy yilning fevral-mart oylarida me'yordan ortiq yog'ingarchiliklar natijasida avtomobil yo'llarida yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish bo'yicha respublikaning har bir hududida tezkor guruhlar tashkil etilib, ikki bosqichda ta'mirlash ishlari olib borilmoqda:

birinchi bosqichda – xavfsiz harakatni ta'minlash maqsadida yo'llardagi mayda nosozliklarni, jumladan, paydo bo'lgan chuqurchalarni tezkor ravishda asfalt-beton bilan bartaraf etish ishlari amalga oshirildi;

ikkinchi bosqichda – kelgusida chuqurchalar paydo bo'lishi mumkin bo'lgan ta'mirtalab yo'l uchastkalarini kartasimon ravishda asfalt-beton bilan ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Yo'l ishlarini bajarishda xalqaro standartlarni qo'llash
va sifat nazoratini doimiy ta'minlash
maqsadida xalqaro standartlarga to'liq rioya qilgan holda buyurtmachi, loyihachi
va pudratchi o'rtasida
FIDIC tizimi tadbiq etilishi boshlandi.

Mazkur tizim orqali bajarilgan ish hajmi mutaxassislar nazoratida bo'lib, sifatsiz ishlarga ularning moliyaviy javobgarligi belgilanadi.

Oxirgi ikki yil davomida sohaga oid 200 dan ortiq normativ hujjatlar qayta ishlab chiqildi va zamonaviy standartlarga moslashtirildi hamda bugungi kunda Germaniya va Turkiyadan malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda yangi me'yor
va standartlar ishlab chiqilishi davom etmoqda.

Yo'llardagi mavjud yo'l belgilarini zamonaviylariga almashtirish, yo'l chiziqlarini yuqori sifatli termoplast bo'yoqlari orqali chizish ishlari yo'lga qo'yildi. Bugungi kunda Xitoyning kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo'shma korxona tomonidan yo'l chiziqlari (razmetka) uchun termoplast bo'yoqlar ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, avtomobil yo'llarida harakat qatnovini boshqarish va xalqaro standartlar talabi asosida tashkil etish maqsadida axborot-kommunikatsiya tizimiga asoslangan zamonaviy raqamli intellektual texnologiyalarni qo'llash tizimi tashkil etilmoqda.

Xususan, sinov tariqasida A373 xalqaro avtomobil yo'lining "Qamchiq" dovonidan o'tgan 100 km qismida transport oqimini intellektual (ITS) boshqarish tizimi yo'lga qo'yilmoqda.

Bundan tashqari, "Ochiq byudjet" platformasi orqali tuman (shahar)lar byudjetlari parametrlarida hududiy avtomobil yo'llarini ta'mirlash uchun ajratilgan mablag'larni jamoatchilik fikri asosida ma'lum bir manzildagi avtomobil yo'lini ta'mirlashga yo'naltirish imkoni yaratildi.

Shu bilan birga, "Shaffof yo'l" platformasi yaratilib, ushbu platforma orqali aholining yo'llar nosozligi, yo'llarda xavfsiz harakatlanish uchun paydo bo'lgan favqulodda texnik muammolar haqida foto va video lavhalar yo'llash orqali murojaat qilish tizimi yo'lga qo'yilmoqda.

Respublika avtomobil yo'llaridan foydalanish holatini talab darajasida saqlash hamda qurilish va ta'mirlash ishlarining zamonaviy texnologiyalarni qo'llagan holda sifatini oshirish bo'yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Avtomobil yo'llari qo'mitasi 

Matbuot xizmati

 

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali