Respublika hududlaridagi yo'llar qurilishi va ta'miri bo'yicha mas'ullar belgilandi
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 2015 yilgi Investitsiya va ta'mirlash dasturlariga kiritilgan yo'l-qurilish ob'ektlarida yo'llar qurish dasturini so'zsiz bajarish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish bo'yicha yig'ilish bo'lib o'tdi. Yig'ilish yakunlari bo'yicha bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Avval xabar berganimizdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 6 martdagi "2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi to'g'risida"gi PQ-2313-sonli qarori asosida 2015 yilda Respublika yo'l jamg'armasi mablag'lari hisobidan 204,6 km, Xalqaro moliya institutlari mablag'lari hisobidan 156,5 km, Respublika yo'l jamg'armasi va Jahon bankining birgalikdagi mablag'lari hisobidan ham 15,2 km uzunlikdagi avtomobil yo'llari va undagi transport yechimlari, ko'priklar va yo'l o'tkazgichlarni qurish va rekonstruktsiya qilish ko'zda tutilgan edi.
Vazirlar Mahkamasining yuqorida aytilgan yig'ilishida ushbu dastur va shu paytgacha qabul qilingan boshqa hujjatlarning ijrosi muhokama qilinib, mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli ko'rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, 2015 yilda O'zbek milliy avtomagistralini qurish va rekonstruktsiya qilish, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo'llarni, ichki yo'llarni hamda shahar ko'chalarini mukammal ta'mirlash ishlarini tashkil qilishda bevosita Respublika mas'ul vazirlik va idoralari rahbarlaridan iborat mas'ul xodimlar va javobgar shaxslar ro'yxati ham tasdiqlandi. Bu ro'yxatda har bir viloyat bo'yicha alohida mas'ul shaxs, bundan tashqari tabiiy gaz ta'minoti bo'yicha hamda neft mahsulotlari ta'minoti bo'yicha alohida javobgar shaxslar belgilab qo'yilgan.
Eslatib o'tamiz, joriy 2015 yil oxiriga qadar Respublikamiz miqyosida Xalqaro va davlat ahamiyatida bo'lgan 376,3 km uzunlikdagi avtomobil yo'llari yangidan qurilib, rekonstruktsiya qilinishi, 111, 6 km yo'l mukammal ta'mirlanishi, bundan tashqari shahar, tuman va qishloqlardagi 1075,9 km ichki yo'llar qurilib, ta'mir qilinishi ko'zda tutilmoqda.
"O'zavtoyo'l" AK matbuot xizmati