Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Rustam Azimov Rejep Erdo'g'on bilan uchrashdi

7091 28-Fevral, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 24 Kb)


Turkiya Prezidenti ikki mamlakat biznes-forumida ishtirok etish uchun Istanbulga tashrif buyurgan O'zbekiston bosh vaziri o'rinbosarini qabul qildi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'on dushanba kuni Istanbulda bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar berdi Turkiya davlat rahbari sayti. Uchrashuv tafsilotlari ma'lum qilingani yo'q. Turkiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Turkiya bosh vaziri o'rinbosari, iqtisodiyot va mudofaa vazirlari ishtirok etgan uchrashuv bir soatga yaqin davom etgan.

O'zbekiston delegatsiyasi Istanbulda o'zbek-turk biznes-forumida ishtirok etdi. Mazkur forum yakunlariga ko'ra, iqtisodiy sohada hamkorlikni rivojlantirish to'g'risidagi bitim imzolandi.

Anadolu agentligi ma'lumotlariga ko'ra, tomonlar hamkorlik uchun 10 yetakchi yo'nalish, jumladan, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, elektronika, kimyo sanoati, turizm va logistika sohalarini belgilab olishdi.

Turkiya iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi forumda so'zga chiqar ekan, o'tgan yili qayd etilgan 1,2 mlrd dollarlik o'zaro savdo aylanmasi ko'rsatkichi ikki mamlakat imkoniyatlariga mos kelmasligini ta'kidlab o'tdi. U 1995 yil imzolangan investitsiyalar to'g'risidagi bitimni qayta ko'rib chiqish hamda erkin savdo yoki savdo preferensiyalari to'g'risidagi shartnomani imzolashga chaqirdi.

Turkiya statistikasiga muvofiq, 2016 yilda Turkiyadan O'zbekistonga qilingan eksport hajmi bir yil avvalgiga qaraganda 488,5 mln dollardan 533,3 mln dollarga oshgan, ayni paytda O'zbekistondan mport hajmi 711,5 mln dollardan 709,2 mln dollarga kamaygan.

Rustam Azimov o'z chiqishida O'zbekiston Turkiya bilan neft-kimyo sohasida hamkorlik qilish umid bildirayotganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, O'zbekistonda ikkita neftni qayta ishlovchi zavod ishlamoqda va uchinchisi bunyod etilmoqda.

"Biz O'zbekistonda oltin, kumush va uran kabi foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilishimiz mumkin", — deya iqtibos keltiradi Anadolu bosh vazir o'rinbosari so'zlaridan.

Temir va avtomobil yo'llari qurilishi loyihalari ham hamkorlikning yana bir yo'nalishi bo'lishi mumkin, deya qo'shimcha qildi u.

Rustam Azimov Turkiya O'zbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi mamlakat bo'lganini esga olib shunday dedi: "O'zbekiston xalqi buni hech qachon unutmaydi".

Gazeta.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali