Sanoatni rivojlantirish bo'yicha vazifalar belgilab berildi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 may kuni xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, eksportbop mahsulotlarni ko'paytirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazdi.
Sanoat barcha iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi. Keyingi yillarda bu soha rivojiga alohida e'tibor qaratilib, yuqori texnologiyali zavodlar, texnoparklar, ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi. O'tgan yili sanoatdagi qo'shilgan qiymat o'sishi 10 foizdan oshdi.
Lekin diversifikatsiya jihatidan qaraganda hali qilinadigan ishlar ko'p. Masalan, sanoatning 69 foizi asosan xomashyo yoki birlamchi qayta ishlashga to'g'ri keladi. Eksportning 52 foizini rangli metallar, energiya resurslari va ho'l meva tashkil etadi. Bu iqtisodiyotda haligacha tayyor mahsulotga nisbatan xomashyo ustunligini ko'rsatadi.
Yig'ilishda yuqori qo'shilgan qiymat yaratuvchi va tayyor mahsulot eksport qiladigan sanoat korxonalarini ko'paytirish, mavjud salohiyat va xomashyo resurslaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Import qilinayotgan tovarlarni yurtimizda ishlab chiqarish, xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirib sotish darajasi yetarli emasligi tanqid qilindi. Xususan, misning atigi 25 foizi qayta ishlanmoqda, ruxning 80, molibdenning 99, ipakning 88, xom terining 60 foizi xomashyo tarzida eksport qilinmoqda.
Yoki yana bir misol: 133 ming tonna o'simlik yog'i import qilingan bir paytda "O'zyog'moysanoat" uyushmasi korxonalari 48 foiz quvvatda ishlayotgani, albatta, qoniqarsiz holat. Sut va go'shtni qayta ishlab, keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash sohasidagi ulkan imkoniyatlar ham to'liq ishga solinmagan.
Shu bois yig'ilishda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Davlat geologiya qo'mitasiga mavjud xomashyo bazasi va import tarkibidan kelib chiqib, 2019-2021 yillarda sanoatlashtiriladigan mahsulotlar ro'yxatini shakllantirish vazifasi qo'yildi.
Davlatimiz rahbari kundalik sanoat mahsulotlarini keng ishlab chiqarish va kooperatsiyani rivojlantirish zarurligini ta'kidladi. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan sanoat mahsulotlarini solishtirgan holda ehtiyojni hisob-kitob qilish tizimli olib borilmayotgani qayd etildi. Kichik sanoat zonalarida kundalik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini ko'paytirish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Sanoat rivojida tarmoqlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash muhim omil hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 maydagi "Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo'lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq mahalliy sanoat ishlab chiqaruvchilarni davlat xaridlari orqali qo'llab-quvvatlash mexanizmi joriy etilmoqda.
Yana bir muhim masala borki, bu sanoat tovarlarini yetkazib berish bilan bog'liq. Yurtimizda mahsulotlar tannarxida transport xarajatlari hanuzgacha yuqori. Dunyoda ushbu ko'rsatkich 8-9 foizdan oshmaydi. Shuningdek, mahsulotlarni sertifikatlash ham eksportda juda muhim omil.
Shundan kelib chiqib, transport xizmatlari narxini kamaytirish, mahsulotlarni tashqi bozorlardagi texnik sifat talablariga uyg'unlashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. Ishlab chiqarish va sertifikatlash sohalari mutaxassislari malakasini oshirish masalalariga ham e'tibor qaratildi.
Muhokama qilingan masalalar bo'yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.