Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Saxovatli Qashqadaryo zamini ulkan oʻzgarishlar arafasida

6190 17-Dekabr, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 31 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatida boʻldi. 

Tashrifning ikkinchi kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qarshi shahrida Qashqadaryo viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat faollari, deputatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. 

Davlatimiz rahbari 2018 yilda qabul qilingan "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari doirasida viloyatning 28 ta qishloq va 4 ta mahallasi obod qilinib, ularda yashayotgan 300 ming aholining turmush sharoiti yaxshilanganini taʼkidladi. 

Jumladan, 17 mingta hovli-joy, 193 ta koʻp qavatli uy, 82 ta ijtimoiy soha obyekti, yuzlab kilometr yoʻl va koʻchalar, suv va elektr tarmoqlarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Bunga qariyb 300 milliard soʻm sarflandi. 

Viloyatda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash borasida sezilarli ishlar qilingani, biroq bu kifoya emasligi qayd etildi. Bu ishlar koʻlamini oshirish maqsadida Koson, Muborak, Qamashi va Gʻuzor tumanlari ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini rekonstruksiya qilish, Dehqonobod tumanidagi 38 aholi punktida yashayotgan 104 ming kishini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihalari amalga oshiriladi. 

Aholining arzon uylarga talabini qondirish uchun joriy yilda qishloq joylarda 3 mingdan ziyod yoki oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar koʻp arzon namunali uy-joy, shunindek, Qarshi shahrida jami 630 xonadonli 14 ta koʻp qavatli uy qurildi. 2019 yilda 190 mingdan ziyod aholi yashaydigan 39 ta qishloq va 6 ta mahalla obodonlashtiriladi. Qishloq joylarda 1 ming 205 ta arzon namunaviy uy-joy, shaharlarda 14 ta koʻp qavatli uy barpo etiladi, aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi, dedi davlatimiz rahbari. 

Mamlakatimizning Buyuk Britaniya, Eron va Polshadagi elchixonalari Qashqadaryo viloyatiga biriktirilgan. Prezidentimizning tashrifi doirasida Qarshi shahrida oʻtgan taqdimotlarda Buyuk Britaniyadagi elchimiz Alisher Shayxov 276 million dollarlik 5 ta loyiha, Polshadagi bosh diplomatimiz Bahrom Boboyev 163 million dollarlik 8 ta, Erondagi elchimiz Bahodir Abdullayev 61 million dollarlik 9 ta loyihani amalga oshirishga investitsiya kiritish boʻyicha takliflar berdi. 

Davlatimiz rahbari bu loyihalar yetarli emasligini, elchilar xorijiy investitsiya jalb etishni kamida 2 barobar koʻpaytirishi lozimligini taʼkidladi. 

Elchilarimiz bulardan tashqari 2019 yilda har bir tumanga qoʻshimcha kamida 10 million dollardan xorijiy investitsiya jalb qilishga koʻmak berishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yigʻilishda viloyatda ijtimoiy sohani rivojlantirish, taʼlim muassasalari faoliyatini yaxshilash, 2019 yilda maktabgacha taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash rejalari haqida ham soʻz yuritildi. 

Ishsizlikni kamaytirish masalasiga eʼtibor qaratildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida umumiy qiymati 15 trillion soʻm boʻlgan 1 ming 200 dan ziyod loyiha boʻyicha takliflar ishlab chiqilgani, ular amalga oshishi bilan 29 mingta doimiy ish oʻrni yaratilishi qayd etildi. 

Hududda turizmni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi. Bu borada Shahrisabzda yil davomida madaniy-koʻngilochar tadbirlar va anjumanlar oʻtkazib borish orqali turistlarni keng jalb qilish uchun koʻhna Keshni Festivallar shahriga aylantirish taklifi berildi. 

Ijtimoiy hayotni yaxshilash uchun, avvalo, iqtisodiyotni rivojlantirish kerak. Buning uchun iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish talab etiladi. Faqatxomashyo yetishtirish emas, balki uni tayyor mahsulot shaklida sotish tizimini yoʻlga qoʻyish zarur, dedi davlatimiz rahbari. 

Yigʻilishda paxta klasterlari faoliyatini samarali tashkil qilish, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish boʻyicha mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, har bir tuman iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda bogʻdorchilik, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Joylardagi ijro organlari bu borada sustkashlikka, befarqlikka yoʻl qoʻyayotgani tanqid qilindi. 

Qashqadaryo bagʻrikeng, tanti va gʻururli el. Bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ham shunga munosib boʻlishi kerak. Biz, albatta, Qashqadaryo aholisi uchun munosib turmush sharoiti yaratamiz, xususan, xotin-qizlar, yoshlar muammolarini hal etishga eʼtiborni kuchaytiramiz, ijtimoiy taʼminotga muhtoj qatlamni qoʻllab-quvvatlaymiz, buning uchun rahbar xodimlarimizdagi mudroqlik kayfiyatini, korrupsiyani yoʻqotamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezidentimiz videoaloqa orqali tumanlardagi aholi vakillari bilan muloqot qilib, ularning taklif va istaklarini bajarish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. 

Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qoʻyib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Islom Karimov Qashqadaryoga rahbarlik yillarida viloyat iqtisodiyotini koʻtarish, ijtimoiy muammolarni hal etish yoʻlida koʻp ishlar qilgani yodga olindi. 

Davlatimiz rahbari Qarshi shahrida bunyod etilayotgan "Vatanparvarlar" bogʻini borib koʻrdi. 

Shavkat Mirziyoyev joriy yil yanvar oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Qarshi shahridagi Islom Karimov koʻchasida joylashgan Bolalar bogʻi nomini "Vatanparvarlar" deb oʻzgartirish, bu yerda ana shu sharafli nomga uygʻun ruhda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish yuzasidan topshiriq bergan edi. 

Bogʻni barpo etishdan maqsad yoshlarda tariximiz va madaniyatimizdan gʻururlanish tuygʻusini kuchaytirish, Vatan ravnaqi yoʻlida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz nomini abadiylashtirish, armiyamiz qudrati va salohiyatiga ishonchni kuchaytirishdan iborat. 

Qariyb 7 gektar hududdagi "Vatanparvarlar" bogʻi ana shu maqsadlarga hamohang tarzda yangi qiyofa kasb etmoqda. Bu yerda 2018-2019 yillarda 29,3 milliard soʻmlik rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Sunʼiy koʻl, kirish darvozasi, amfiteatr, blendaj, oʻq otish joyi va lukodrom qurilishi yakunlandi. Muzey qurilishi tugallanish arafasida, parashyutdan sakrash minorasi qurilishi, koʻkalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda. 

Bogʻ hududiga Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan, turli yillarda xizmat qilgan 24 ta harbiy texnika maketi oʻrnatilgan. Maxsus tayyorlangan blendajni koʻrgan kishi koʻz oʻngiga Ikkinchi jahon urushida mardonavor jang qilgan vatandoshlarimiz keladi. 

Bogʻda oʻrnatilgan Oʻzbekiston xaritasining ulkan maketida har bir viloyatning buyuk siymolari, qadimiy obidalari, serviqor togʻlari, daryolari, bepoyon kengliklari aks ettirilgan. 

Muxtasar aytganda, bu yerga tashrif buyuruvchilar Oʻzbekistonimiz hududlari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻladi. 

Bogʻ yaqinida qurilgan 4 ta zamonaviy koʻp qavatli turar joy, xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy yopiq suzish havzasi hudud manzarasini yanada goʻzallashtiradi. 

Prezidentimiz bogʻda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi, taʼlim muassasalaridagi "Jasorat" guruhlari aʼzolari bilan suhbatlashdi. 

Bunday maskanlar yoshlarga xalqimiz tarixi, maʼnaviyati va madaniyati haqida yaqqol taassurot beradi. Endi bundan samarali foydalanish, ushbu maskanga yoshlarni koʻproq olib kelib, ochiq darslar oʻtkazish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Oʻzbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaga qoʻshgan hissasining ahamiyatini yoshlarga yetkazish, tinchlik-osoyishtaligimiz uchun katta xizmatlar qilgan vatandoshlarimiz haqida soʻzlab berish zarurligi taʼkidlandi. 

Davlatimiz rahbari "Vatanparvarlar" bogʻi yonida qad rostlagan yangi suv sporti majmuasi bilan tanishdi. Ushbu zamonaviy inshootda 25x11 metrlik toʻrt yoʻlakdan iborat ikkita suzish havzasi mavjud. Tashqi koʻrinishi parvoz qilayotgan qushni eslatadigan inshoot havzasidagi suv maxsus filtrlar yordamida toʻliq yangilab turiladi. Yuvinish, ovqatlanish, tibbiyot va fitnes xonalarida barcha qulayliklar yaratilgan. Bu yerdagi zamonaviy sharoitlar ota-onalarning, yoshlarning suv sportiga qiziqishini oshiradi. 

Shavkat Mirziyoyev bu yerda shugʻullanayotgan yosh sportchilar bilan suhbatlashib, ularga kelgusi musobaqalarda omadlar tiladi. 

Shu bilan Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi. 

OʻzA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali