Shavkat Mirziyoyev: 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Oxirgi yillarda oʻsib kelayotan avlodga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Yoshlar masalalari boʻyicha respublika idoralararo kengashi tuzildi.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etilib, 30-iyun Yoshlar kuni deb eʼlon qilindi. Hozirda Ittifoqning 7 million 690 ming nafar aʼzosi mavjud.
Joylarda 8 nafar yosh avlod vakillari hokim oʻrinbosari etib tayinlangan. Yaqinda boʻlib oʻtgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 9 nafar yigit-qiz saylangan, mahalliy kengashlarda gʻalaba qozonganlarning qariyb 10 foizini yoshlar tashkil etadi.
– Yoshlar orasida "Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta boʻlaman!" deb koʻzi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. Yetakchilikning, oʻz ortidan ergashtirishning eng toʻgʻri yoʻli shaxsiy oʻrnak va namuna boʻlishdir, – dedi Prezident.
Uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Yurtimizda yosh rahbarlarni saralaydigan, ularning layoqatiga mos lavozimlarni taklif etadigan samarali mexanizm mavjud emasligi aytib oʻtildi.
Globallashuv sharoitidagi xavf-xatarlar va mafkuraviy xurujlar haqida soʻz borar ekan, Prezident maʼrifatparvar bobomiz Fitratning "Bu dunyo kurash maydonidir.
Sogʻlom tan, oʻtkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir", degan soʻzlarini yodga oldi.
Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, oilaviy ajrimlarning oldini olish boʻyicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga koʻrsatmalar berildi.
Besh tashabbusning har bir yoʻnalishini tuman va shaharlarda tizimli amalga oshirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Oʻtgan yili mamlakatimizda buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu tajriba asosida fizika boʻyicha Ahmad Fargʻoniy, kimyo fani boʻyicha Abu Rayhon Beruniy, biologiya boʻyicha Abu Ali ibn Sino, astronomiya boʻyicha Mirzo Ulugʻbek nomlaridagi xalqaro fan olimpiadalari tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligi tashkil etish tashabbusi yigʻilganlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Oʻsib kelayotgan avlod auditoriyasiga yoʻnaltirilgan tele- va radiokanallar, bosma nashrlarni birlashtirib, "Yoshlar media xoldingi" tashkil etish taklifi ham bildirildi.
– Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi, – deya taʼkidladi Prezident.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda navqiron avlod vakillari oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Davlatimiz rahbari ularning takliflari boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Yigʻilishni videokonferensiya orqali mamlakatimizning barcha hududlaridagi yoshlar kuzatib bordi.