Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Shavkat Mirziyoyev Samarqandda

9919 28-Avgust, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 29 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Samarqandga keldi. Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi. 

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov qabriga gul qo'ydi. Qur'on tilovat qilindi. 

Prezidentimiz bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni ko'zdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi "O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug'aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to'g'risida"gi qaroriga muvofiq Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda. 

Prezidentimiz 2017-yil 14-aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog'ida ushbu maqbara loyihasi bilan tanishib, uni takomillashtirish bo'yicha ko'rsatmalar bergan edi. Shu asosda bu yerda ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Maqbara marmar va granitdan bunyod etilgan, Qur'on oyatlari bilan bezatilgan. Ayvon peshtoqlariga Islom Karimovning hikmatli so'zlari o'zbek, ingliz va arab tillarida bitilgan. Majmua atrofi kengaytirilib, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Birinchi Prezidentimiz maqbarasi Hazrati Xizr masjidi bilan uyg'unlik kasb etgan. 

Shavkat Mirziyoyev majmuadagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakuniga yetkazish, ziyoratchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, qabristonni obod qilish bo'yicha tavsiyalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi. O'tganlar xotirasi yod etilib, Qur'on tilovat qilindi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur majmua qoshida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi  barpo etilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi qoshida islom madaniyati, umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qo'shgan buyuk ajdodlarimizning ko'p qirrali boy merosini o'rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish tashabbusi mamlakatimiz jamoatchiligi va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo'llab-quvvatlandi. 

Tez orada mazkur loyihani amalga oshirish bo'yicha qurilish ishlari boshlab yuborildi. Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 14-aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog'ida mazkur markaz qurilishi bilan tanishdi. 

Prezidentimizning shu yil 21-may kuni Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida O'zbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki o'rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tuzish to'g'risida Anglashuv memorandumi imzolandi. 

Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot markazi qurilishi jadal davom etmoqda. Davlatimiz rahbari mazkur markazni zamonaviy qilib bunyod etish bilan birga uni ma'naviy mazmun bilan yanada boyitish, buyuk ajdodlarimiz merosini targ'ib etishni ilmiy asosda yo'lga qo'yish zarurligini ta'kidladi. 

Prezidentimizga Samarqand shahrining Dahbed ko'chasidan Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga olib boruvchi Nurafshon ko'chasini obodonlashtirish, yo'l bo'yida zamonaviy turar-joylar, savdo va maishiy xizmat inshootlari barpo etish loyihalari bo'yicha ma'lumot berildi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali