Shavkat Mirziyoyev: yangi markaz islom madaniyati taraqqiyotiga xizmat qiladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari 8-9-iyun kunlari Ostona shahrida o'tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazining tashkil etilishi millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo'lishini alohida ta'kidladi.
Tashkil etiladigan yangi markaz islom madaniyati va qadriyatlarini targ'ib qilish, yoshlarimizni turli yot g'oyalardan asrash, ularning zamonaviy ta'lim-tarbiya olishi, komil inson bo'lib yetishishi, navqiron avlodning qalbida buyuk ajdodlarimizga munosib bo'lishdek yuksak tuyg'ularni shakllantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimizga bunyod etilayotgan markazning umumiy konsepsiyasi, atrofini obodonlashtirish bo'yicha qilinadigan ishlar loyihasi haqida ma'lumot berildi.
Muborak Ramazon oyida bunday ezgu ishlarni boshlash va amalga oshirish har jihatdan xayrli va maqsadga muvofiqdir, dedi davlatimiz rahbari. Pok niyatlar bilan boshlagan ishimiz o'z mevasini beradi. Yana bir jihatga alohida e'tibor berish kerak. Imom Buxoriy majmuasiga ziyoratga keluvchilar markazga ham kiradi, ular haqiqiy islom ta'limoti to'g'risida kerakli ma'lumotlar olsin.
Loyihalarda majmua atrofini obodonlashtirish, yo'llarni kengaytirish, savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari qurish va ta'mirlash lozimligi o'z aksini topgan.
O'zbekiston Prezidenti 21-may kuni Saudiya Arabistonida bo'lib o'tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashdi. O'zbekiston bilan Islom taraqqiyot banki o'rtasida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazini tashkil qilish bo'yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ijrosi yuzasidan bugun tizimli ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari Payariq tumanida aholi uchun ikki va uch qavatli arzon uy-joylar qurish loyihasi bilan ham tanishdi.
Prezidentimiz Payariq tumanidagi "To'polos" fermer xo'jaligi dalasida bo'ldi. Fermer va dehqonlar bilan suhbatlashdi, qishloq xo'jaligi ekinlari hosildorligi bilan qiziqdi. Paxta va g'alla maydonlarini ko'zdan kechirdi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyat rahbarlari, mutasaddilari ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish, yangi ish o'rinlari yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar, istiqboldagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.