Shavkat Mirziyoyev: Yo'llarimizda piyodalar harakati, odamlarning halovati, salomatligi ustuvor bo'lishi kerak
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni Toshkent shahrida yangi yo'l va ko'prik loyihasi bilan tanishdi.
Oxirgi uch yilda Toshkent shahrining Sergeli tumanida 460 ta ko'p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi ko'chib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshdi.
Buning natijasida, tabiiyki, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ham ortdi. Shu bois bu yerda qo'shimcha muhandislik ob'ektlari, tumanni shaharning markaziy qismi bilan bog'lovchi yo'l va ko'priklar qurilmoqda.
Xususan, "O'zbekiston temir yo'llari" AJ tomonidan qiymati 83 million dollar bo'lgan, 7 kilometr uzunlikdagi Sergeli yer usti metrosi va uning "Choshtepa", "Toshkent xalqa yo'li", "Sergeli", "Afrosiyob", "Qipchoq", "Chinor" bekatlari barpo etilmoqda.
Albatta, bu yo'lovchilarga katta qulaylik yaratadi. Lekin, shu bilan birga, avtotransport harakatini ham inobatga olish zarur.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu masalaga doimiy e'tibor qaratib kelmoqda. 29-may kuni Sergeli tumani faollari bilan o'tgan uchrashuvda ham transport infratuzilmasini rivojlantirish choralari muhokama qilindi.
O'shanda Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bog'lovchi yo'l va ko'prik loyihasi haqida ma'lumot berilgan edi. Davlatimiz rahbari bugun ushbu loyihani joyiga chiqib, atroflicha o'rgandi.
Umumiy qiymati 280 milliard so'mdan ziyod bo'lgan mazkur loyiha Toshkent shahar hokimligi bilan Turkiyaning "Kaloyn" kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan. Unga ko'ra, Cho'ponota ko'chasi va Kichik halqa yo'li kesishmasida 583 metrlik yo'l o'tkazgich barpo etiladi. Bu chorrahadan Toshkent halqa avtomobil yo'ligacha yangi ko'cha qurilib, halqa yo'li ostidan tunnel orqali o'tkaziladi va Qipchoq ko'chasida qurilayotgan yangi ko'prikka tutashadi.
Jami 5,6 kilometrlik bu yo'l soatiga 3 mingta transport vositasini o'tkazish quvvatiga ega bo'ladi.
Ma'lumki, hozirgi kunda Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo'l – Yangi Sergeli ko'chasi orqali harakatlanadi. Shu bois unda qatnov juda ko'p, yuklama katta. Ayniqsa, ertalab va kechga yaqin bu ko'cha tirband bo'lib qoladi. Ushbu yangi yo'l va ko'priklar qurilishi natijasida Sergeli tumaniga transport qatnovi tirbandligi 50 foizga, transport harakati vaqti 20-25 minutga kamayadi.
- Odamlarning har kunlik rejalariga, kayfiyatiga, sog'lig'iga ta'sir qiladigan eng katta omil - transport taqsimoti. Yo'llar qurib, tirbandlikni kamaytirishdan maqsad shahar aholisi va mehmonlarga qulaylik yaratishdir. Bu ishlarni bugun qilmasak, yildan yilga qiyinlashib boraveradi. Bugun qilsak, kelajakda xarajat kamayadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda Toshkent shahrining transport konsepsiyasi taqdimoti o'tkazildi.
Bu konsepsiya geoinformatsion tizim orqali shahardagi transport va yo'lovchilar oqimini tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan. Undan maqsad, avvalo, xavfsizlik, qulaylik va iqtisodiy unumdorlikdir.
Masalan, yo'l harakatini to'g'ri tashkillashtirish natijasida yiliga 19 million dollarlik yoqilg'i tejalishi, 129 million dollarlik taxminiy zararning oldi olinishi hisob-kitob qilingan. Yoki avtobuslar soni va yo'nalishlarini optimallashtirish orqali yiliga 2,5 million dollar iqtisodiy samaraga erishish mumkin.
Konsepsiyada, shuningdek, avtomatik to'lov tizimini rivojlantirish, avtomobil to'xtash joylari va piyodalar o'tish yo'laklarini ko'paytirish kabi qator qulayliklar nazarda tutilgan.
Prezidentimiz piyodalar va velosipedlar harakatiga ko'proq sharoit yaratish zarurligini qayd etdi.
- Bizning yo'llarda transport vositalariga ko'p ustuvorlik berilgan. Aslida piyodalar harakatini, odamlarning halovati, salomatligini birinchi o'ringa qo'yish kerak, - deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Transport konsepsiyasini Toshkent shahrining bitta tumanida aprobatsiya qilish, keyinchalik butun poytaxtimiz va boshqa shaharlarda joriy qilish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
Yakkasaroy tumanida ko'p qavatli savdo kompleksi, mehmonxona va turar joy qurish bo'yicha investitsiya loyihalari taqdimoti ham o'tkazildi.