Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Sirdaryo viloyatiga tashrif

10071 4-Oktyabr, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 30 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo'jaligi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 1-oktabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida mamlakatimizning barcha hududlarida bo'lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Buning samarasida viloyat markazi, shahar va qishloqlarining qiyofasi tubdan o'zgarib, aholining hayot darajasi yuksalmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Shirin shahridagi mintaqadagi eng yirik Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida bo'ldi. Bu stansiya O'zbekiston energiya tizimining markaziy qismi iste'molchilarini elektr energiyasi bilan ta'minlaydigan asosiy manbadir.

Umumiy quvvati 3050 MVt bo'lgan 10 energiya blokdan iborat ushbu issiqlik elektr stansiyasida yiliga 16,1 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

1972-1981-yillarda bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilgan ushbu stansiyada uskunalar eskirgani ishlab chiqarish quvvati pasayishiga olib kelmoqda, shu bois bu yerda so'nggi yillarda muntazam rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz Birinchi Prezidentining "Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasidagi ikkita energoblokni to'liq modernizatsiya qilish" investitsion loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq 2014-yilning iyul oyidan 2015-yilning mart oyiga qadar ikkita energiya blok modernizatsiya qilindi.

Shavkat Mirziyoyev mutaxassislar bilan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi quvvatini oshirish, ishlab turgan energobloklarni modernizatsiya qilish masalalarini muhokama qildi.

Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi tannarxini pasaytirish, stansiya uskunalarini ta'mirlash uchun zarur bo'ladigan ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo'yicha vazifalar topshirildi. Iste'mol qilingan elektr energiyasi uchun to'lovlarni o'z vaqtida amalga oshirishni ta'minlash, elektr energiyasi hisobini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etishga alohida e'tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev shu yilning 1-oktabridan dastlabki mahsulot ishlab chiqarishni boshlagan viloyat markazidagi "Guliston medtexnika" O'zbekiston-Buyuk Britaniya qo'shma korxonasida ham bo'ldi. Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ushbu qo'shma korxonani barpo etish uchun 7,3 million AQSh dollari yo'naltirilgan.

Yangi korxonada yiliga 216 million dona shpris va 26 million dona infuziya sistemasi ishlab chiqariladi. Ushbu mahsulotlarni ichki bozordan tashqari Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston va Turkmanistonga eksport ham qilish rejalashtirilmoqda. Qo'shma korxonadagi 210 ish o'rnining yarmiga kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari qabul qilingan.

Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrida bunyod etilishi rejalashtirilayotgan kam ta'minlangan oilalar uchun mo'ljallangan ko'p qavatli zamonaviy uylar loyihasi bilan ham tanishdi. Bunday uy-joylarni jamoatchilik ishtirokida uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga imtiyozli kredit asosida adolatli ravishda berish lozimligi ta'kidlandi.

Mamlakatimiz Prezidenti vazifasini bajaruvchi viloyat paxta dalalarida bo'lib, yig'im-terim ishlarining borishi bilan tanishdi, Guliston tumani fermerlari bilan hududda yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, yuqori unumli navlarni ekish, zamonaviy qishloq xo'jaligi texnikalaridan foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Qishloq joylarda zarur muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmaga ega yakka tartibdagi zamonaviy ixcham uy-joylar qurish loyihalari muhokama etildi. Qisqa muddatlarda bunday ixcham, energiya tejamkor ko'p xonali uylar barpo etilishi qishloq joylarda kam ta'minlangan va yosh oilalarning yashash sharoitini qisqa vaqt ichida yaxshilash imkonini berishi ta'kidlandi.

Sirdaryo viloyati faollari bilan uchrashuv avvalida O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi yodga olinib, hurmat bajo keltirildi.

Viloyatning shahar va tumanlari markazlarida zamonaviy, shinam uy-joylar barpo etish, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish, obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish ko'zda tutilgan istiqbolli bosh rejalarni hayotga tatbiq etish asosida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga doir masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, viloyat eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlarning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha dolzarb vazifalar belgilab olindi. Yig'im-terim ishlari, kuzgi ekinlarni ekish, qishloq xo'jaligi mahsulotlari zaxirasini g'amlash, uy-joylar va ijtimoiy inshootlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, sanoat va viloyat iqtisodiyotining boshqa sohalari uzluksiz ishlashini ta'minlash masalalari muhokama qilindi.

Yig'ilishda Guliston tumani misolida viloyatni istiqbolda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kompleks dasturi ko'rib chiqildi. Xususan, yaqin ikki yilda ushbu tumanda qariyb 900 ish o'rni yaratish imkonini beradigan 11 sanoat korxonasi tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni ichki bozorda sotish bilan birga, tashqi bozorga chiqarish ham mo'ljallanmoqda.

Yig'ilishda Shavkat Mirziyoyev viloyat rahbarlari va faollarini hukumat portalida ochilgan Bosh vazirning virtual qabulxonasi manziliga hudud aholisidan kelayotgan murojaatlar bilan tanishtirdi. Viloyat mutasaddilariga ushbu masalalarni ko'rib chiqish va tezkor hal qilish bo'yicha aniq topshiriqlar berildi.

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali