Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning yig'iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida

13953 19-Iyul, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 47 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun soliq yukini izchillik bilan kamaytirish va qulay shart-sharoitlarni yaratishni ta'minlaydigan soliq tizimi shakllantirilgan. 

Shu bilan birga, soliq ma'muriyatchiligi sohasida, shu jumladan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni yig'ish, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliq to'lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishda muayyan muammolarning mavjudligi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi dasturlarini moliyalashtirishning barqaror manbalarini ta'minlashga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda, xususan: 

birinchidan, soliq organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish holati soliq ma'muriyatchiligining shaffofligini, soliq solish masalalarida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilish hamda nazorat samaradorligini, shuningdek davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlamayapti. 

Soliq to'lovchilarning, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlarining ularga to'g'ridan-to'g'ri muloqotsiz xizmat ko'rsatishni ta'minlaydigan "soliq to'lovchining shaxsiy kabineti"dan foydalanish manfaatdorligini oshirish bo'yicha faol ish tashkil etilmagan; 

ikkinchidan, soliq organlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi soliq solish obyektlarini to'liq qamrab olish va soliq solinadigan bazani kengaytirish, shuningdek soliq va boshqa majburiy to'lovlarni o'z vaqtida yig'ish uchun mavjud resurslarni safarbar qilish imkonini bermayapti; 

uchinchidan, soliqqa oid huquqiy munosabatlarning ahvoli va rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish, soliq siyosatining o'rta muddatli va istiqbolli yo'nalishlarini ishlab chiqish, soliq solishning dolzarb muammolarini tadqiq etish, shuningdek byudjetga soliq tushumlarini ishonchli prognozlashtirish faoliyati takomillashtirishni talab qilmoqda; 

to'rtinchidan, soliq nazoratini tashkil qilish mexanizmlarining mukammal emasligi, shu jumladan soliq tekshiruvi obyektlarining zarur tahlilsiz belgilanishi soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlash va ularni barvaqt profilaktika qilish samaradorligini pasaytirmoqda; 

beshinchidan, soliq nizolarini sudgacha hal etish – soliq apellatsiyasi instituti imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotganligi soliq to'lovchilarning sud organlariga murojaatlari ko'payishiga olib kelmoqda; 

oltinchidan, soliq solish tizimining murakkabligi va bir xil soliq solish bazasiga ega soliqlarning yetarli darajada unifikatsiya qilinmaganligi, soliq qonunchiligining o'zgaruvchanligi soliq to'lovchilar tomonidan o'z soliq majburiyatlarini to'liq bajarish imkonini bermayapti; 

ettinchidan, soliq organlarining Davlat byudjetiga tushumlar to'liqligini ta'minlash faoliyati ustidan tashqi nazorat mexanizmlarining mavjud emasligi soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yig'iluvchanligini oshirish va soliq to'lovchilarni hisobga olish imkonini bermayapti; 

sakkizinchidan, soliq to'lovchilarning soliqlarni to'lash bo'yicha o'z konstitutsiyaviy burchini ixtiyoriy bajarishini ta'minlashga qaratilgan huquqiy madaniyatini oshirish yuzasidan, ayniqsa, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni takomillashtirish talab etiladi; 

to'qqizinchidan, bozorlar va savdo komplekslari faoliyati ustidan samarali soliq nazorati o'rnatilmaganligi mahalliy byudjetlarni to'ldirish uchun mavjud rezervlarni to'liq safarbar qilish, shuningdek naqd pul mablag'larining kafolatli qaytishini ta'minlamayapti; 

o'ninchidan, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni yig'ish ko'rsatkichlarini yaxshilash, korrupsiya ko'rinishlarini profilaktika qilish, shuningdek soliq organlarida xizmat qilishga halol va yuqori malakali kadrlarni jalb etish maqsadida davlat soliq xizmati organlari xodimlarini moddiy rag'batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish talab etiladi. 

2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasidagi soliq solish tizimini izchillik bilan soddalashtirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish orqali soliq yukini pasaytirish kabi vazifalar ijrosi yuzasidan, shuningdek soliq ma'muriyatchiligining zamonaviy uslublarini joriy etish, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning yig'iluvchanligini oshirish maqsadida: 

1. Quyidagilar O'zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh etishning muhim yo'nalishlari hisoblansin: 

birinchidan, soliq ma'muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg'or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to'lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlariga to'g'ridan-to'g'ri muloqotsiz elektron xizmat ko'rsatishga to'liq o'tish; 

ikkinchidan, soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazaning o'z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta'minlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bog'liq bo'lgan ishonchli axborotni o'z muddatida taqdim etish bo'yicha mas'uliyatini kuchaytirish; 

uchinchidan, soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to'lovchilarga har tomonlama ko'maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta'sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to'lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish; 

to'rtinchidan, makroiqtisodiy ko'rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish obyektlarini to'liq qamrab olishni ta'minlash va soliq solinadigan bazani kengaytirish bo'yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

beshinchidan, faoliyat ko'rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama ko'maklashish, past rentabelli va zarar ko'rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog'lomlashtirish, o'zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yo'l qo'ymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish; 

oltinchidan, soliq solish masalalarida, shu jumladan respublika va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning qo'shimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish; 

ettinchidan, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yish, soliq organlarini ma'naviy-axloqiy jihatdan yuqori malakali xodimlar bilan to'ldirish bo'yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar o'rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta'minlash va ular uchun xizmatni o'tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish. 

2. Belgilansinki, 2018-yil 1-yanvardan: 

soliq organlari va halol soliq to'lovchilar o'rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko'maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etiladi; 

yirik soliq to'lovchilar bo'yicha soliq ma'muriyatchiligi funksiyalari Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi; 

vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to'qnash kelgan halol soliq to'lovchilar – xo'jalik yurituvchi subyektlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq ta'tillari berilishi mumkin; 

o'tkazilgan kameral nazorat natijalari bo'yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to'lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar summalarini sud tartibida undirish joriy etiladi; 

ortiqcha to'langan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq to'lovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab 15 ish kuni ichida amalga oshiriladi; 

davlat soliq xizmati organlariga kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xo'jalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlari bo'yicha operatsiyalarini 5 bank kunigacha bo'lgan muddatga vaqtinchalik to'xtatib turish vakolati beriladi; 

Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma'lumotlarning onlayn rejimida berilishini ta'minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo'llash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etiladi, respublikaning qolgan hududlarida mazkur tizim bosqichma-bosqich kiritiladi; 

soliq tekshiruvi obyektlarini samarali tanlab olish uchun soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavflarini tahlil qilish, shuningdek soliq organlari tomonidan yuqori likvidli mahsulotlar haqiqiy ishlab chiqarish hajmining doimiy hisobi va nazoratini amalga oshirish bo'yicha ixtisoslashtirilgan avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi; 

davlat soliq xizmati organlari xo'jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshiradi, natijasi bo'yicha soliq solinadigan bazani aniqlashtiradi. 

3. Davlat soliq xizmati organlarining shtatlar sonini qisqartirish hisobidan cheklangan shtat soni 41 nafardan iborat bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushumlarning to'liqligini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilsin, unga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin: 

soliq solish tizimi, soliq va bojxona ma'muriyatchiligini tahlil qilish va baholash asosida byudjet daromadlarini ko'paytirish zaxiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini ta'minlash; 

soliqlar turlari va hududlar kesimida soliq va bojxona to'lovlarining yig'iluvchanlik darajasini tizimli tahlil qilish, uning tarmoq va hududlar kesimida pasayishiga ta'sir etuvchi omillar va ularning oqibatlarini aniqlash; 

hududlarning o'ziga xos xususiyatlari va soliq to'lash salohiyatini hisobga olgan holda Davlat byudjeti daromadlari prognoz ko'rsatkichlarining xolisligi va asosliligini baholash; 

soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazani to'liq qamrab olish ustidan qat'iy nazorat o'rnatish, manzilli yo'nalishlar va nazorat dasturlarini, shu jumladan soliq va boshqa moliya organlarining axborot tizimlari ma'lumotlarini tahlil va monitoring qilish asosida shakllantirish; 

davlat organlari va tashkilotlarining soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan ma'lumotlar bazalarining ishonchliligini baholash; 

daromadlar prognozini sifatli shakllantirish va bajarish, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yig'iluvchanligi va soliq to'lovchilar hisobining to'liqligini ta'minlashda moliya va soliq organlarining mas'uliyatini oshirish hamda ularga har tomonlama ko'maklashish choralarini ko'rish. 

4. Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma'muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o'rinlarda Dastur deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Dasturda ko'rsatilgan vazirlik va idoralar rahbarlari unda nazarda tutilgan tadbirlarning o'z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan mas'ul ekanligi belgilab qo'yilsin. 

5. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tuzilmasida: 

Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi hamda Chakana savdo va xizmat ko'rsatish sohasida naqd xorijiy valyuta muomalasiga yo'l qo'ymaslik ustidan nazorat qilish, qisqa muddatli tekshirishlarni tashkil etish bo'yicha maxsus boshqarma negizida Chakana savdo va xizmat ko'rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi; 

Axborot-tahlil bosh boshqarmasining Texnik boshqarmasi negizida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bosh boshqarmasi tashkil etilsin. 

6. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tuzilmasida: 

Axborot-tahlil bosh boshqarmasi Tahlil va prognozlashtirish bosh boshqarmasiga; 

Soliq solish metodologiyasi boshqarmasi Metodologiya va soliq organlarini modernizatsiya qilish boshqarmasiga; 

Axborot xizmati Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo'limiga; 

Yuridik bo'lim Yuridik boshqarmaga aylantirilsin va uning tarkibida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarida tegishli bo'linmalari (shu'balari) bo'lgan soliq nizolarini sudgacha hal etish bo'limi tashkil etilsin. 

7. Soliq organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun mas'ul bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi raisining o'rinbosari – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bosh boshqarmasi boshlig'i lavozimi joriy etilsin. 

8. Belgilansinki, mazkur Farmonning 5-7-bandlarida nazarda tutilgan O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasining yangi tuzilmalarini tashkil etish va amaldagi tarkibiy tuzilmalarini o'zgartirish, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi raisining o'rinbosari yangi lavozimini joriy etish davlat soliq xizmati organlari asosiy xodimlarining belgilangan shtatlar soni doirasida amalga oshiriladi. 

9. Soliq qonunchiligi va soliq ma'muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo'yicha Ishchi komissiya 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin. 

Ishchi komissiya (J.Qo'chqorov) Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Dasturda belgilangan muddatlarda kiritsin: 

soliq ma'muriyatchiligi va nazoratini tashkil etish tartibi hamda metodologiyasini tubdan takomillashtirishni; 

xo'jalik yurituvchi subyektlar va jismoniy shaxslarning soliq yukini yanada kamaytirishni; 

xo'jalik yurituvchi subyektlarni "yirik soliq to'lovchilar" toifasiga kiritish mezonlarini belgilashni; 

bir xil soliq solish obyektlariga ega bo'lgan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni birlashtirishni; 

soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo'llash uchun qo'shimcha mezon (oborotning chegaraviy miqdori) joriy etishni va ushbu miqdor oshgan korxonaga, kichik tadbirkorlik subyekti maqomini saqlab qolgan holda, qo'shimcha soliq majburiyatlarini belgilashni; 

borish qiyin bo'lgan va tog'li tumanlarda faoliyatini amalga oshiradigan, shuningdek dehqon bozorlarida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini realizatsiya qiladigan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliq stavkalarini optimallashtirishni; 

alkogolli mahsulotlar hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan tayyorlangan buyumlarni chakana sotish huquqi uchun yig'imning hududlar bo'yicha tabaqalashtirilgan stavkalarini; 

halol, shu jumladan ish o'rinlarini va mehnatga haq to'lash fondini legallashtiradigan soliq to'lovchilarni rag'batlantirish choralarini joriy etishni; 

Internet tarmog'ida savdo va xizmatlar ko'rsatish sohasida soliq nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini joriy etishni; 

davlat soliq xizmati organlari xodimlarini moddiy rag'batlantirish mexanizmlarini takomillashtirishni; 

O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi Soliq akademiyasi faoliyatini yanada takomillashtirishni. 

10. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yilning 1-yanvariga qadar: 

soliq to'lovchilarga davlat soliq xizmati organlarining barcha davlat xizmatlaridan, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron foydalanish imkoniyatini ta'minlasin; 

soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliq nazoratini takomillashtirish maqsadida soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasiga taqdim etiladigan axborotning mazmunini tanqidiy qayta ko'rib chiqsin; 

barcha manfaatdor vazirlik va idoralar, shu jumladan "Ergeodezkadastr" davlat qo'mitasi, statistika, adliya, prokuratura organlari, sudlar, "O'zbekenergo" AJ va "O'ztransgaz" AK korxonalarining soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasiga integratsiya qilinishini ta'minlasin; 

tadbirkorlik subyektlarini elektron raqamli imzo bilan to'liq ta'minlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin. 

11. O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi Davlat soliq qo'mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat organlarining soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan ma'lumotlar bazasi ishonchliligini auditdan o'tkazsin. 

12. 2018-yil 1-yanvardan boshlab davlat soliq xizmati organlari xodimlariga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-oktabrdagi 312-son qarorining amal qilishi tatbiq etilsin. 

13. 2021-yil 1-yanvarga qadar O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va Dasturni amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro'yxat bo'yicha olib kiriladigan uskuna, dasturiy va moddiy-texnik vositalar bojxona to'lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvlari uchun yig'imlardan tashqari) to'lashdan ozod etilsin. 

14. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi, Hisob palatasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda: 

ikki hafta muddatda O'zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari va Hisob palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo'yicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihalarini; 

bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida takliflar kiritsin. 

15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari V.A.Golishev va O.B.Murodov zimmasiga yuklansin. 


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti                               Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 18-iyul 

* * *

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 

"Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, 

soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning yig'iluvchanligini 

oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoniga

SHARH

Zamonaviy talablarga javob beradigan soliq tizimi – iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, investitsiya muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmatlar ko'rsatishni kengaytirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. 

2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida soliq solish bazasini kengaytirish orqali soliq ma'muriyatchiligini soddalashtirish va soliq yukini kamaytirish masalalari alohida o'rin tutadi. 

O'tgan davr mobaynida tadbirkorlik subyektlarida tekshirishlarni qisqartirish va ularning faoliyatiga asossiz aralashishlarga barham berish bo'yicha zarur choralar ko'rildi. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirish tartiblari bekor qilindi, hisobotlarning shakli va taqdim etish muddatlari soddalashtirildi. 

Shu bilan birga, soliq ma'muriyatchiligini amalga oshirishda bir qator muammolar mavjudligi sababli Farmon bilan davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh qilishning quyidagi muhim yo'nalishlari belgilandi: 

soliq ma'muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg'or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to'lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlariga to'g'ridan-to'g'ri muloqotsiz elektron xizmat ko'rsatishga to'liq o'tish; 

soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazaning o'z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta'minlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bog'liq bo'lgan ishonchli axborotini o'z muddatida taqdim etish bo'yicha mas'uliyatini oshirish; 

soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to'lovchilarga har tomonlama ko'maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta'sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to'lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish; 

makroiqtisodiy ko'rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish obyektlarini to'liq qamrab olish va soliq solinadigan bazani kengaytirishni ta'minlash bo'yicha samarali tadbirlarni amalga oshirish; 

faoliyat ko'rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama ko'maklashish, past rentabelli va zarar ko'rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog'lomlashtirish, o'zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yo'l qo'ymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish; 

soliq solish masalalari, shu jumladan respublika va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning qo'shimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish; 

kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yish, soliq organlarini yuqori ma'naviy-axloqiy sifatlarga ega malakali xodimlar bilan to'ldirish bo'yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar o'rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta'minlash va ular uchun xizmatni o'tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish. 

Farmon bilan soliq organlari va halol soliq to'lovchilar o'rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko'maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etilmoqda. 

Ilg'or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yirik xo'jalik yurituvchi subyektlarga o'z vaqtida va samarali xizmat ko'rsatish maqsadida ular bo'yicha soliq ma'muriyatchiligi funksiyalari Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalariga yuklatilmoqda. 

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to'qnash kelgan halol soliq to'lovchilar – xo'jalik yurituvchi subyektlarga soliq ta'tillari berish tarzidagi davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning yangi shakli nazarda tutilmoqda. Shuningdek soliq to'lovchi tomonidan ortiqcha to'langan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni qaytarish yoki hisobga olish muddati ikki baravarga qisqartirilmoqda. 

Soliq nazoratining to'g'ridan-to'g'ri muloqotsiz shakllari samaradorligini oshirish maqsadida kameral nazorat natijalari bo'yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to'lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar summalarini sud tartibida undirish joriy etilmoqda. 

Bundan tashqari, xo'jalik yurituvchi subyektlar o'rtasida "sog'lom raqobat"ni ta'minlash va "xufiyona biznes" yuritishga barham berish maqsadida: 

davlat soliq xizmati organlariga kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xo'jalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlari bo'yicha operatsiyalarni 5 bank kunigacha bo'lgan muddatga vaqtinchalik to'xtatib turish vakolati berilmoqda; 

soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma'lumotlarning onlayn rejimida berilishini ta'minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo'llash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etilmoqda. 

Shu bilan bir qatorda, real ish o'rinlarini legallashtirish uchun davlat soliq xizmati organlariga xo'jalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish vazifalari yuklatilmoqda. 

Farmon bilan O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushumlarning to'liqligini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilib, uning faoliyati byudjet daromadlarini ko'paytirish zaxiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini ta'minlash, soliq va bojxona to'lovlarining yig'iluvchanlik darajasini tizimli tahlil qilish, Davlat byudjeti daromadlarining prognoz ko'rsatkichlarining xolisligi va asosliligini baholash, soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazani to'liq qamrab olish ustidan nazoratni amalga oshirishga yo'naltiriladi. 

Soliq organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini muvofiqlashtirish va soliq to'lovchilarga interaktiv davlat xizmatlari taqdim etish amaliyotini kengaytirish uchun mas'ul bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi raisining o'rinbosari lavozimi joriy etilmoqda. 

Bundan tashqari, Farmon bilan 37 ta banddan iborat Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma'muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. 

Nazarda tutilgan tadbirlarni o'z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida Soliq qonunchiligi va soliq ma'muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo'yicha Ishchi komissiya tashkil etildi. Ushbu komissiyaga, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish vazifalari yuklatildi: 

soliq ma'muriyatchiligi va nazoratini tashkil etish tartibi va metodologiyasini tubdan takomillashtirish; 

soliq yukini yanada kamaytirish, bir xil soliq solish obyektlariga ega bo'lgan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni birlashtirish; 

soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo'llash uchun qo'shimcha mezon (oborotning chegaraviy miqdori) joriy etishni va ushbu miqdor oshgan korxonaga, kichik tadbirkorlik subyekti maqomini saqlab qolgan holda, qo'shimcha soliq majburiyatlarini belgilash; 

ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliq stavkalarini optimallashtirish; 

halol, shu jumladan ish o'rinlari va mehnatga haq to'lash fondini legallashtiradigan soliq to'lovchilarni rag'batlantirish choralarini joriy etish. 

Farmonga muvofiq, 2018-yilning 1-yanvariga qadar tadbirkorlik subyektlarini elektron raqamli imzo bilan, shuningdek soliq to'lovchilarga soliq organlarining barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini to'liq ta'minlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. 

Farmon qoidalarining amalga oshirilishi soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi, uning shaffofligini ta'minlaydi, bu esa, shubhasiz, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida o'z aksini topadi.

Manba: O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali