Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish yoʻlida
Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻldi.
Oʻzbekiston va Rossiya vaqt sinovidan oʻtgan strategik hamkorlardir. Prezidentlarimizning strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yoʻlidagi qatʼiy saʼy-harakati tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarildi.
Oʻzbekiston va Rossiya rahbarlarining ushbu uchrashuvi oliy darajadagi muntazam muloqotlarning mantiqiy davomidir. Oʻzaro ishonch va konstruktivlikka asoslangan siyosiy muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarning uzoq muddatli istiqboli va muhim yoʻnalishlariga zamin yaratmoqda.
Tashrifning asosiy tadbirlari 19-oktyabr kuni Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtdi.
Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tor doirada muzokara oʻtkazdi.
Prezidentimiz oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlari keyingi ikki yilda yanada mustahkamlanganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari Moskva shahrida Birinchi Prezdentimiz Islom Karimovga haykal oʻrnatilgani uchun koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.
Keyingi bir yilda yuqori darajada 80 dan ortiq tashriflar amalga oshirildi. Hududlar oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Bugun Toshkentda Hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtmoqda. Unda Rossiya hududlari, jamoatchiligi va biznesining mingdan ortiq vakili ishtirok etmoqda. Joriy yil boshidan hozirgacha tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oʻsdi. Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari yana bir strategik loyiha – mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi boshlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Vladimir Putin davlatimiz rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Rossiyaning ishonchli ittifoqchisi, strategik sherigi ekanini taʼkidladi.
Sizning Rossiyaga oʻtgan yilgi davlat tashrifingizdan keyin ikki tomonlama munosabatlarning hamma sohalarida katta oʻzgarishlar boʻldi. Bu oʻrinda gap, avvalo, iqtisodiyot haqida ketmoqda. Biz Oʻzbekiston qanchalik tez va tubdan rivojlanayotganini, mamlakat iqtisodiyoti va xalqi uchun zarur islohotlar amalga oshirilayotganining guvohi boʻlmoqdamiz, dedi Rossiya Prezidenti.
Uchrashuvda hamkorlikning hozirgi holati va uni har tomonlama rivojlantirish, turli sohalarda yangi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, mamlakatlarimizning dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarga doir yondashuvlari mos yoki yaqin ekani taʼkidlandi.
Tomonlar BMT, MDH, SHHT, YEXHT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida oʻzaro hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladilar.
Prezidentlar xavfsizlik sohasida oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish prinsiplariga asoslangan sheriklik munosabatlarini kengaytirish Markaziy Osiyo mintaqasidagi yangi tahdid va xatarlarga qarshi kurashish vazifalarini birgalikda hal etishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Terrorizm, ekstremizm, ayniqsa, yoshlar orasida radikallashuvga qarshi kurashish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayonini afgʻon xalqining oʻzi amalga oshirishi zarurligini yana bir bor taʼkidladilar. Rossiya Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik jarayoniga koʻmaklashish borasidagi muhim saʼy-harakatlarini yuksak qadrlaydi.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda oʻzaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlik rivojida ijobiy tendensiyalar kuzatilayotganini qayd etdilar.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi. Unda savdo-iqtisodiy investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Rossiya Oʻzbekistonning muhim savdo hamkorlaridan. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo jadal surʼatlar bilan oʻsib bormoqda.
Muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish, transport va energetika sohalarida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Sentyabr oyida hukumat rahbarlari raisligida Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya majlisi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Hududlar oʻrtasidagi hamkorlik rivojlanmoqda. Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan birgalikda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Hisob-kitoblarimizga koʻra, joriy yilda tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollarga yetadi. Bu raqam rejalashtirganimizdan ham ortiq. Yaqin yillardagi vazifa savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Vladimir Putin davlatimiz rahbarining fikrini toʻliq qoʻllab-quvvatladi. Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlariga oʻzaro tovar ayirboshlashni koʻpaytirish boʻyicha zarur choralar koʻrish topshirildi. Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya faoliyatini yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Davlat rahbarlari tashrif doirasida umumiy qiymati 25 milliard dollar boʻlgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hujjatlar imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bugungi kunda Rossiyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga yoʻnaltirgan investitsiyalari hajmi 8,5 milliard dollardan oshadi. Tashrif doirasida Prezidentimiz tashabbusi bilan ilk bor oʻtkazilgan "Oʻzbekiston – Rossiya" hududlararo hamkorlik forumi bu borada katta ahamiyat kasb etdi. Uning yakunida qiymati 2 milliard dollardan ziyod loyihalar boʻyicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalar kengayib bormoqda. Joriy yilda ilk bor Oʻzbekiston – Rossiya media-forumi oʻtkazildi, kuni kecha Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalarining 80 nafar rahbari ishtirokida Taʼlim forumi boʻlib oʻtdi. "Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar" mavzuidagi mazkur forumda taʼlim va fan sohalaridagi hamkorlik, jumladan, mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari filiallarini ochish toʻgʻrisida 100 dan ortiq kelishuv imzolandi.
Shavkat Mirziyoyev bu keyingi paytlarda hamkorlikda erishilgan yuqori marralardan ayrimlari ekanini, Rossiya Prezidentining davlat tashrifi Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlari rivojiga yangi, kuchli impuls bagʻishlashini taʼkidladi.
Muzokaralarda madaniy-gumanitar aloqalarni, ayniqsa, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Joriy oʻquv yilidan Olmaliq shahrida Moskva poʻlat va qotishmalar instituti filiali ish boshladi. Mamlakatimizda samarali faoliyat yuritayotgan Moskva davlat universiteti, Rossiya iqtisodiyot universiteti, Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallariga qoʻshimcha ravishda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, "MMFI" milliy tadqiqot yadro universiteti, Butunrossiya kinematografiya davlat instituti, Moskva energetika instituti, Rossiya kimyo-texnologiya universiteti filiallarini ochish rejalashtirilgan.
Ilm-fan sohasida oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, jumladan, Jizzax viloyatidagi Suffa platosida yirik radioteleskop barpo etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish maqsadida mamlakatimizda Oʻzbekiston – Rossiya yoshlarining toʻrtinchiforumi oʻtkaziladi.
2020 yilda Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaning 75 yilligi nishonlanadi. Davlatimiz rahbari ushbu sanani munosib kutib olish maqsadida mamlakatimizda maxsus dastur ishlab chiqish va Toshkentda "Gʻalaba" bogʻ-majmuasini barpo etish rejalashtirilayotganini qayd etdi.
Ushbu maskan fashizmga qarshi kurashimiz ramzi boʻladi, yosh avlodni tarixga hurmat, vatanparvarlik va xalqlar doʻstligi ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aholi, avvalo, yoshlarni rus adabiyotining eng sara namunalari bilan keng tanishtirish maqsadida oʻzbek tilida 100 jildlik "Rus mumtoz adabiyoti durdonalari" toʻplamini nashr qilish rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Qoʻshma bayonotni imzoladilar.
Tashrif doirasida imzolangan 2019-2024 yillarda iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2019-2021 yillarda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik dasturi, "Suffa" xalqaro radioastronomik observatoriyasini tashkil etish boʻyicha yoʻl xaritasi, Oʻzbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarini tashkil etish va faoliyatini taʼminlash toʻgʻrisidagi bitim, Toʻqimachilik sanoatida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim oʻzaro almashildi.
"Mustaqillikning 25 yilligi" konini qoʻshimcha razvedka qilish va jihozlash hamda Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo majmuasini qurish boʻyicha "Oʻzbekiston mustaqilligi" investitsiya blokiga doir qoʻshimcha bitim, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma, Oʻzbekistonda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining filialini tashkil etish toʻgʻrisida bitim, Fanlararo ilmiy taʼlim markazini tashkil etish toʻgʻrisida bitim, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektorlari kengashi va "Butunrossiya rektorlari ittifoqi" jamoat tashkiloti oʻrtasida bitim, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiya qoʻshinlari federal xizmati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.
Tashrif asnosida jami 20 ta hujjat imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari uchun brifingda Prezidentlar tor va keng doiradagi muzokaralar har doimgidek ochiq va oʻzaro ishonch ruhida oʻtganini, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashilganini taʼkidladilar. Bu oʻzaro munosabatlarning bugungi holatini baholash, koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash imkonini berdi. Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi bir xilligi yoki yaqinligi qayd etildi.
Davlatlarimiz oʻrtasida doʻstona aloqalar va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil shaxsiy saʼy-harakatlari uchun Rossiya Federatsiyasi Prezidentiga alohida minnatdorlik bildiraman, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Biz Oʻzbekiston Prezidenti bilan konstruktiv va juda foydali muzokaralar oʻtkazdik, ikki tomonlama hamkorlikka oid keng doiradagi masalalarni batafsil koʻrib chiqdik, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdik. Ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarimizni rivojlantirishning muhim yoʻnalishlarini belgilab oldik. Bularning barchasi biz imzolagan Qoʻshma bayonotda oʻz aksini topdi. Unda mamlakatlarimiz vazirliklari, idoralari va tashkilotlari oldidagi hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan, dedi Vladimir Putin.
Kunning ikkinchi yarmida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qoʻydi.
Prezidentlar "Oʻzekspomarkaz"dagi "Oʻzbekiston – Rossiya" birinchi hududlararo hamkorlik forumiga tashrif buyurdi. Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ramziy tugmani bosib, mamlakatimizdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasining boshlanishiga start berdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi keng koʻlamli ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli surʼat bagʻishladi.
Davlat rahbarlari norasmiy uchrashuv ham oʻtkazdi.
Prezident Vladimir Putin Rossiyaga joʻnab ketdi. Uni Prezident Shavkat Mirziyoyev kuzatib qoʻydi.