Tadbirkor va investorlar murojaatlarini hal etish boʻyicha yangi tizim joriy etiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarini ishga tushirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish – mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining muhim yoʻnalishi etib belgilangan. Keyingi yillarda biznes muhitini yaxshilash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish boʻyicha farmon va qarorlar qabul qilindi. Ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlar qisqartirildi. "Har bir oila – tadbirkor", "Yoshlar – kelajagimiz" dasturlari tadbirkorlik istagidagilarni qoʻllab-quvvatlashda muhim omil boʻlmoqda. Natijada yangi tashkil etilgan subyektlar soni 2,3 baravarga koʻpaygani buning tasdigʻidir.
Biroq joylarda byurokratiya, taʼmagirlik va tadbirkor faoliyatiga toʻsqinlik qilish holatlari hali ham uchrab turibdi. Misol uchun, joriy yilning birinchi choragida Prezident Xalq qabulxonalariga tadbirkorlardan 16 mingta murojaat tushgan. Ular asosan yer ajratish, gaz, elektr va suv taʼminoti, qishloq xoʻjaligi, kredit, soliq masalalariga taalluqli. Ikki mingga yaqin murojaatda mansabdorlarning xatti-harakatlaridan norozilik bildirilgan.
Bu muammolarni tizimli hal etish, tadbirkorlarga chinakam koʻmak berish maqsadida joriy yil 14-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari tashkil etilishi belgilandi.
Yigʻilishda mazkur qabulxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Prezidentimiz adliya vaziri va Savdo-sanoat palatasi raisi rahbarligida Respublika ishchi guruhi tuzib, joylarda tadbirkorlar bilan ochiq, amaliy uchrashuvlar oʻtkazish zarurligini taʼkidladi. Aniqlangan muammolarning hududga taalluqlisi viloyat hokimiga, respublika ahamiyatiga molik boʻlgani esa Bosh vazirga berilishi, ular haftada bir kun qabulxona masalalari bilan shugʻullanishi koʻrsatib oʻtildi.
Qayd etilganidek, qabulxonalar ishi uch bosqichda olib boriladi. Avvalo, qabulxonada tasdiqlangan kunlik jadval asosida hokimliklar, Savdo-sanoat palatasi, investitsiya boshqarmasi, prokuratura, adliya, soliq organlari, qurilish, kadastr, bank va boshqa tashkilotlar vakillari tadbirkorlarni qabul qiladi.
Oʻz yechimini topmagan murojaatlar viloyat qabulxonalariga yuboriladi. Natija boʻlmasa, Vazirlar Mahkamasining kotibiyatida Biznes ombudsman, Savdo-sanoat palatasi va vakolatli idoralar ishtirokida koʻriladi.
Murojaatlar shunda ham oʻz yechimini topmasa, tadbirkorlarni Bosh vazirning shaxsan oʻzi qabul qiladi. Bosh vazir qabulxonasi murojaatlarni tahlil qilib, bu borada vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Prezident Administratsiyasi va Oliy Majlisga tadbirkorlarga sharoitlarni yanada yaxshilash boʻyicha takliflar kiritadi.
Xorijiy investorlarga koʻmaklashish Bosh vazir qabulxonalarining asosiy vazifalaridan biri boʻladi. Shu bois ularga xorijiy tillarni biladigan va investorlar bilan ishlash salohiyatiga ega kadrlar ishga olinadi.
Investitsiyalarni jalb etishga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni monitoring qilish, investorlarning turli idoralardagi muammosini hal qilib berish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda sektorlar va davlat idoralari rahbarlari tadbirkorlarga har tomonlama koʻmaklashishi, xalq deputatlari Kengashlari majlislarida ularning bu boradagi faoliyati muhokama qilinishi zarurligi taʼkidlandi.
Murojaatlarni koʻrib chiqishda shaffoflik va tezkorlikni taʼminlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga murojaatlar harakatini nazorat qilishning yagona elektron portalini joriy qilish vazifasi yuklatildi.
Yangi tizimning mazmuni va mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, jumladan, qabulxonalar faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish boʻyicha ham tavsiyalar berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning fikr-mulohazalari tinglandi.