Taraqqiyot ko'chasidagi yangi avtomobil yo'li
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz shahar va qishloqlarining ko'rkiga ko'rk qo'shilib bormoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrining borgan sari zamonaviy qiyofa kasb etib borayotganiga barchamiz guvohmiz. Yangi yo'llarning barpo etilishi, ko'priklar qurilishi bugungi kunda shahar infratuzilmasining yanada rivoj topishiga xizmat qilmoqda.
So'nggi yillarda qurilgan va qurilayotgan yo'llar nafaqat uzog'imizni yaqin qilyapti, balki shaharning ko'rkini ham ochib turibdi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Poytaxtimizning Taraqqiyot ko'chasida qurilayotgan yangi avtomobil yo'li ham, xuddi shunday, ko'zlarni quvontiradigan yo'l bo'lishi kutilmoqda.
"Avtomagistral" ixtisoslashtirilgan yo'l qurilish ta'mirlash birlashmasi bosh pudratchiligi hamda Zangiota tuman yo'l xo'jaligi pudrat ta'mirlash-foydalanish korxonasi yordamchi pudratchiligida qurilayotgan ushbu 6 tasmalik yo'lning uzunligi 2,9 km masofani tashkil qiladi. M.Ulug'bek ko'chasi va Ohangaron shossesini bog'lab turuvchi mazkur yangi yo'l foydalanishga topshirilganda, shahar ko'chalaridagi xarakat jadalligi kamayibgina qolmay, Ohangaron shossesiga to'g'ridan-to'g'ri chiqish imkoni paydo bo'lishi hisobiga harakat ishtirokchilarining vaqti va avtomobil yoqilg'isi tejalishiga ham erishiladi.
Mazkur yo'l qurilish ob'ektida amalga oshirilayotgan ishlar xususida "Avtomagistral" IAYQTB ishlab chiqarish bo'limi bosh mutaxasisi –
B. Avazov, shunday deydi:
-Taraqqiyot ko'chasidagi yangi avtomobil yo'lining qurilish jarayonida yo'l to'shamasi konstruktsiyasining yangi usulidan foydalanilmoqda. Ushbu usul yo'l sifatini oshirish barobarida, asfaltabeton qorishmasi sarfini kamaytiradi va tabiiyki, yo'l qurilishiga ketadigan xarajat ham sezilarli ravishda iqtisod qilinadi. Mazkur yo'l foydalanishiga topshirilganda, shahar ko'chalarida mashinalar tirbandligi kamayadi va haydovchilarning harakatlanishiga qulaylik yaratiladi.
Davlatimiz Mustaqilligining 25 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi mo'ljallanayotgan Tarqqiyot ko'chasidagi mazkur yangi avtomobil yo'li, bayramga munosib sovg'a bo'ladi degan umiddamiz.
"O'zavtoyo'l" AK matbuot xizmati