Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo'lida hamkorlik

10806 17-Dekabr, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 35 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Turkmaniston betarafligining 20-yilligiga bag'ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun 11-12-dekabr kunlari ushbu mamlakatda bo'ldi. 

Tashrifning asosiy voqealari 12-dekabr kuni bo'lib o'tdi. 

Prezidentimiz xorijiy davlatlar rahbarlari bilan birga Betaraf Turkmaniston maydoniga tashrif buyurdi. Ushbu mamlakatning betarafligi timsoli bo'lgan Betaraflik monumenti poyiga gul qo'ydi. 

1995-yil 12-dekabrda Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi tan olingani to'g'risida BMT Bosh Assambleyasining rezolutsiyasi qabul qilingan. 

Ushbu sananing 20-yilligi munosabati bilan Ashxobodda "Betaraflik siyosati: tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo'lida xalqaro hamkorlik" mavzuida xalqaro konferensiya bo'ldi. Konferensiyada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so'zladi. 

– Avvalo, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va turkman xalqini milliy bayram – Turkmaniston betaraf mamlakat deb e'lon qilinganining 20-yilligi bilan samimiy tabriklayman, – dedi Islom Karimov. 

Turkmanistonning betaraflik maqomi xalqaro miqyosda e'tirof etilishi mamlakat yangi tarixida tub burilish qilgan, davlat qurilishining asosiy bosqichlari va tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlarini belgilab bergan muhim voqealardan biridir. 

BMT Bosh Assambleyasining 1995-yil 12-dekabrda qabul qilingan "Turkmanistonning doimiy betarafligi" rezolutsiyasi o'ziga xos noyob hujjatdir. Turkmaniston BMTning ushbu rezolutsiyasini mamlakatning Asosiy qonuniga kiritib, o'zining betaraflik maqomini konstitutsiyaviy mustahkamlagan yagona davlatdir. 

Shuni ta'kidlash kerakki, dedi Prezidentimiz, ushbu xalqaro huquqiy maqom asosini Turkmanistonning tarixiy, geografik va etnomadaniy xususiyatlari, avvalambor, turkman xalqiga xos bo'lgan tinchlikparvarlik, mehnatsevarlik, bag'rikenglik va yaxshi qo'shnichilik kabi azaliy fazilatlar tashkil etadi. 

Turkman xalqining bunday fazilatlarini ushbu mamlakatning eng yaqin qo'shnisi bo'lgan O'zbekiston xalqi yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. Bizning munosabatlarimiz asrlar davomida vaqt sinovidan o'tgan. Xalqlarimiz og'ir kunlarda bir-biriga yelkadosh bo'lib, quvonchu shodliklarni baham ko'rib kelgan. 

Davlatimiz rahbari o'zbek va turkman xalqining tarixi, tili, dini va an'analari bir, maqsadlari mushtarak ekanini alohida qayd etdi. 

Mazkur konferensiya Turkmanistonning shu yillar davomida bosib o'tgan yo'lini tahlil etish, sarhisob qilish va mamlakatning bugungi taraqqiyot bosqichlari haqida fikr yuritish imkonini beradi. 

Betaraflik maqomi nafaqat Turkmaniston xalqining uzoq muddatli manfaatlariga, balki mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini isbotlashning zarurati yo'q, deb o'ylayman, dedi Islom Karimov. 

Turkmanistonni betaraf davlat sifatida e'lon qilish to'g'risidagi qaror SSSR parchalangandan so'ng, sobiq ittifoqning deyarli barcha respublikalari rivojlanishning maqbul yo'llarini topish, o'z mamlakati kelajagini ta'minlashning milliy modelini ishlab chiqish bo'yicha izlanayotgan bir paytda qabul qilindi. 

Sobiq ittifoq respublikalari o'ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda mustaqil taraqqiyot yo'lini tanladi. 

Yosh va mustaqil Turkmaniston uchun betaraflik mamlakat ichki va tashqi siyosatini o'zida mujassam etgan uzoq muddatli maqsad va vazifalarni amalga oshirishning o'ziga xos shakli va mustahkam asosi bo'lib xizmat qildi. 

Turkmanistonning doimiy ijobiy betaraflik maqomiga ega davlat sifatida zamonaviy rivojlanish davri bevosita Gurbanguli Berdimuhamedov nomi bilan bog'liqdir. U Prezident lavozimida faoliyatini boshlagach, Turkmanistonning betaraflik maqomi sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyidi, dedi Prezidentimiz. 

Gurbanguli Berdimuhamedov 2007-yil BMT minbaridan Turkmanistonning xalqaro hamjamiyat uchun ochiqligi, mamlakatning boshqa davlatlar bilan keng ko'lamli hamkorlikka tayyor ekanini bayon qilib, betaraflik o'z qobig'iga o'ralib qolish, xalqaro munosabatlar va hamkorlik aloqalaridan o'zini tiyish degan tushunchalarga chek qo'ydi. Bu bilan Turkmanistonning yangi tashqi siyosat strategiyasini belgilab berdi.

O'tgan davr mobaynida Turkmaniston Prezidenti xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, transport-kommunikatsiya, energetika sohalari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, Orolni qutqarish bo'yicha hamkorlikka oid dolzarb masalalar yuzasidan ko'plab amaliy taklif va g'oyalarni ilgari surdi. Ashxobodda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazini tashkil etish haqidagi tashabbusi shular jumlasidandir. 

Gurbanguli Berdimuhamedovning Kaspiy dengizida transport sohasida hamkorlik bo'yicha bitim ishlab chiqish, BMTning Transportni rivojlantirishga doir mintaqalararo maxsus dasturini qabul qilish, Turkmanistonda BMT Bosh Assambleyasining Transport koridorlari to'g'risidagi rezolutsiyasini amalga oshirishga bag'ishlangan mintaqaviy simpoziumni o'tkazish haqidagi takliflari alohida e'tiborga loyiqdir, deb ta'kidladi Islom Karimov. 

Yirik tranzit-transport salohiyatiga ega Turkmaniston ayni paytda qo'shni davlatlar bilan hamkorlikda temir yo'l, avtomobil, dengiz va havo yo'llari orqali qatnovni o'z ichiga olgan keng tarmoqli multimodal infratuzilmani shakllantirmoqda. Mamlakatlarimiz transport yo'llari mintaqadagi barcha davlatlarning Eron, Fors ko'rfazi va Qora dengiz bo'yida joylashgan mamlakatlar bandargohlariga, Janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlariga chiqishini ta'minlaydigan yagona tizimning integratsiyalashgan bo'g'iniga aylanishi darkor. 

Bugungi uchrashuvimiz xalqaro maydonda vaziyat shiddat bilan o'zgarib borayotgan, geosiyosiy keskinlik va qarama-qarshilik kuchayib, global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgan, jahon bozorlarida kon'yunktura beqaror bo'lib turgan bir sharoitda o'tmoqda. 

Xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm kengayib borayotgani g'oyat jiddiy tashvish uyg'otmoqda. Butun dunyo keskin o'zgarishlarni boshdan kechirmoqda, xalqaro xavfsizlik arxitekturasi o'zgarib bormoqda. 

Tabiatda vakuum, ya'ni bo'shliq bo'lmaydi, degan haqiqatni takrorlashga ehtiyoj yo'q, deb o'ylayman, dedi davlatimiz rahbari. Bo'shliq paydo bo'lgan joyda uni, birinchi galda, hech qanday chegara va cheklovlarni bilmaydigan turli buzg'unchi va bosqinchi kuchlar egallab oladi. 

Qo'shni Afg'onistondagi bugungi ahvolni qarama-qarshi tomonlar – asosan hukumat qo'shinlari va tolibonlar o'rtasidagi nizo cho'zilib ketayotgani bilan izohlash mumkin. AYSAF harbiy kontingentining Afg'onistondan olib chiqib ketilishi, shuningdek, ushbu mamlakatni tashqi moliyaviy qo'llab-quvvatlash kamaygani vaziyatni yanada murakkablashtirdi. 

Afg'onistondan xorijiy qo'shinlarning olib chiqilishi oqibatida yuzaga kelgan bo'shliqni Yaqin Sharq mintaqasidan qochib chiqayotgan bosqinchi va terrorchi guruhlar egallab olayotgani bu fikrning tasdig'idir. 

Afg'onistondagi vaziyat qanday kechishidan qat'i nazar, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Afg'oniston muammosini faqat bir yo'l, ya'ni o'zaro kurashayotgan tomonlar o'rtasida BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar o'tkazish orqali hal etishdan boshqa yo'l yo'q, dedi Islom Karimov. Hukumat va "Tolibon" harakati o'rtasida muzokaralarni qayta tiklash muhimdir. Bunda tomonlar muzokaralarga kirishishdan oldin bir-biriga hech qanday shart qo'ymasligi kerak. Hech bir vaziyat yoki masala muzokaralarga to'siq emas, balki murosaga erishish vositasi bo'lishi darkor. Buning uchun qat'iy siyosiy irodaga ega bo'lish, o'zaro murosa qilish, bir-biriga yon bosish zarur. 

Murosa, yana bir bor murosa, kurashayotgan tomonlarning o'zaro bir-biriga yon berishi – Afg'oniston muammosini hal qilishning yagona yo'li mana shu. 

O'zbekistonning Afg'oniston masalasi bo'yicha pozitsiyasi ochiq va ravshan. Biz Afg'onistonga qo'shni mamlakat sifatida barqaror va do'stona munosabatlarni milliy manfaatlarimiz, ichki ishlarga aralashmaslik siyosati asosida yo'lga qo'yganmiz va shunday bo'lib qoladi. 

Aynan shuning uchun O'zbekiston hech qanday blokka qo'shilmagan davlat sifatida har tomonlama puxta o'ylangan siyosat olib bormoqda. Ya'ni, tinchlikparvar siyosat yuritish, harbiy-siyosiy ittifoq va koalitsiyalarga qo'shilmaslik, o'z hududida xorijiy harbiy bazalar va obyektlar joylashuviga yo'l qo'ymaslik, harbiylari chet ellardagi operatsiyalarda ishtirok etmaslik kabi qat'iy yo'lni tanlagan. 

Kuchlarning global va mintaqaviy joylashuvidagi murakkab o'zgarishlarga nisbatan Turkmaniston bilan yondashuvlarimiz o'xshashligi, zamonamizning boshqa dolzarb muammolarini oshkora muhokama etishga tayyorligimiz bizning hamfikr ekanimizni ko'rsatadi, dedi Prezidentimiz. 

O'zbekiston Turkmanistonning betarafligi bo'yicha vazmin tashqi siyosat strategiyasini, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqamiz mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyalashuvi va barqaror rivojlanishiga qaratilgan tashabbuslarini hamisha qo'llab-quvvatlaydi. 

Turkmanistonning amaliy xalqaro hamkorlik uchun ochiqligini e'lon qilgan betaraflik konsepsiyasi bundan keyin ham mamlakat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, uning milliy manfaatlarini xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qilishiga ishonamiz, dedi pirovardida Islom Karimov. 

Tashrif doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning uchrashuvi bo'lib o'tdi. 

O'zbekiston bilan Turkmaniston o'rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Bunda avvalo ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi yaqin do'stlik, ishonch va hurmat muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Uchrashuvda O'zbekiston va Turkmaniston munosabatlariga yuqori baho berildi. O'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Dunyoning turli mintaqalarida vaziyat keskinlashmoqda, terrorizm, ekstremizm va narkotrafik xavfi ortib bormoqda, dedi davlatimiz rahbari. Bugun terrorizm turli shakl va ko'rinishlarda namoyon bo'lmoqda, uning tub sabab va manbalariga qarshi kurashish zarur. 

Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentimiz Islom Karimovga ushbu bayram va xalqaro konferensiyada ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Shu bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Turkmanistonga tashrifi nihoyasiga yetdi. 

O'zA 

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali