Toshkent Janubiy vokzali rekonstruksiya qilinadi
"Toshkent-Janubiy" vokzali kapital ta'mirdan so'ng yana mahalliy reyslarga xizmat qilishni boshlaydi.
O'zbekiston poytaxtida Mustaqillik kuniga (1-sentabr) qadar "Toshkent-Janubiy" vokzalining kuniga 10 ming nafargacha yo'lovchiga xizmat ko'rsatishga qodir yangi binosi foydalanishga topshiriladi.
"O'zbekiston temir yo'llari" kompaniyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, kapital ta'mirdan so'ng vokzal yana mamlakatning boshqa hududlariga reyslarni amalga oshirishni boshlaydi. So'nggi yillarda vokzal faqatgina shahar atrofidagi yo'nalishlarga xizmat ko'rsatayotgan edi.
Vokzal bir qavatliligicha qoladi, tutash hududlar obodonlashtiriladi. Vokzal qarshisiga favvora o'rnatilib, ikki tomonida avtotransportlar uchun turargoh quriladi.
Bino isitish va sovutish tizimlari bilan ta'minlanadi. Kassalar esa alohida binoda faoliyat ko'rsatadi.