Toshkent shahar hokimi isitish mavsumini boshlash to'g'risidagi qarorga imzo chekdi
Toshkent shahar hokimining 2017-yilning 7-noyabrda imzolangan "Toshkent shahrida 2017-2018-yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko'rish va issiqlik energiyasi bilan ta'minlash to'g'risida"gi qaroriga muvofiq 10-noyabrdan boshlab ijtimoiy soha obyektlarida, 12-noyabrdan turar-joy binolarida muntazam isitishga kirishiladi. Bu haqda Toshent shahar hokimligining rasmiy sayti xabar berdi.
Ushbu qarorga ko'ra, "TOSHKENT ISSIQLIK ELEKTR MARKAZI" AJ, "Toshkent issiqlik markazi" DUK, "Toshissiqquvvati" DUKga markazlashgan issiqlik tizimining barcha qismlarini tekshirish imkoniyatini ta'minlash uchun 2017 yil 9 noyabrdan Toshkent shahar issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakatini ishga tushirish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, "TOSHKENT ISSIQLIK ELEKTR MARKAZI" AJ, "Toshkent issiqlik markazi" DUK, "Toshissiqquvvati" DUKga Toshkent shahrida 2017-2018 yilgi isitish mavsumi davrida uzluksiz tabiiy gaz, suv ta'minoti va elektr energiyasini yetkazib berish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Toshkent shahar Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasiga ko'p kvartirali uylarda issiqlik ta'minoti tizimining barqaror ishlashi uchun mutasaddi xodimlar va aholi tomonidan qoidalarning buzilishiga yo'l qo'ymaslikni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.