Toshkent shahridagi ko'chalar ta'mirlana boshlandi
Joriy yilning 7 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika Yo'l jamg'armasi boshqaruv kengashi tomonidan "2017 yilda Toshkent shahri tumanlarining yo'l infratuzilmasini rivojlantirishning manzilli dasturi" tasdiqlandi.
Mazkur dasturga muvofiq Toshkent shahri ko'chalarini joriy va to'la ta'mirlash ishlari 2017 yilning o'zida ikki bosqichda asosan – birinchi navbatda hamda yil davomida ta'mirlanishi zarur bo'lgan ko'chalar kesimida amalga oshiriladi.
Shuni ta'kidlab o'tish kerakki, bugungi kunda ko'chalarning ta'miri va ulardagi infratuzilmani yaxshilash ishlari boshlangan va ular ayni kunda ham jadal sur'atlar bilan davom ettirilmoqda. Ta'mir ishlari O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tizimidagi korxonalar, jumladan, "Avtomagistral", "Toshkentko'prik" hamda "Transyo'lqurilish" tashkilotlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Masalan, Yunusobod tumani "Yuqori Qoraqamish", "Moyqo'rg'on" va "Baraka" ko'chalaridagi jami 7,1 km uzunlikdagi joriy ta'mirlash, Sergeli tumani "Obihayot", "Nilufar", "Rayhon", "Daryo bo'yi", "Kanora" ko'chalaridagi 9,5 km uzunlikda to'la ta'mirlash ishlari boshlandi.
Ushbu uchastkalardagi yo'llarning ta'mir ishlari bilan quyidagi suratlar orqali tanishishingiz mumkin:
Toshkent shahridagi ko'chalarning infratuzilmasini rivojlantirish va ta'mirlash maqsadlari uchun 1-bosqichda - 20,6 milliard so'm, 2-bosqichda esa - 50 milliard so'm mablag' ajratilishi ko'zda tutilmoqda.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi "2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yo'llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qarorida butun Respublikadagi, jumladan, Toshkent shahridagi ichki yo'llar va ko'chalarning ta'mirlanishi tumanlar kesimida belgilab berilgan edi.
Poytaxtning boshqa tumanlaridagi ko'chalarning ta'mir jarayoni bilan saytimiz orqali muntazam ravishda tanishtirib boramiz.
"O'zavtoyo'l" matbuot xizmati