Toshkent viloyatidagi yo'lsozlarning erishayotgan natijalari
Toshkent viloyatida avtomobil yo'llarini ko'ngildagidek saqlash, ularni ta'mirlash va qayta qurish bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada esa Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasining viloyatdagi bo'linmasi jamoasi jonbozlik ko'rsatmoqda.
Viloyat hududidan o'tgan 14319,2 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo'llarining sifati va holati – viloyatdagi yo'lsozlarning doimiy e'tiborida bo'lib kelmoqda. Bu yo'llarning 10 ming kilometrdan ziyodi – ichki xo'jalik yo'llari bo'lsa, 3965 km qismi – umumiy foydalanuvdagi, shu jumladan, uning 400 km qismi – xalqaro, 1241 km qismi – davlat, qolgan 2324 km qismi esa – mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo'llaridir.
Poytaxtdan Bekobod, Samarqand yoki Chimyon tomonlarga yo'lingiz tushsa, ya'ni viloyatni mamlakatning qo'shni mintaqalari bilan bog'laydigan yo'llardan o'tsangiz, so'nggi yillarida avtomobil yo'llarimizni xalqaro talablarga moslashtirish maqsadida qilingan ishlarning nechog'li samaraligiga o'zingiz ham guvoh bo'lishingiz mumkin.
Joriy yildagi Investitsiya dasturiga ko'ra viloyat hududida jami 8 ta ob'ekt rejaga kiritilgan bo'lib, jami 7,5 km avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish ko'zda tutilgan. Mazkur ishlar asosan "Guliston-Ohangaron", "Ohangaron-Angren" yo'nalishlarida hamda Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlari hududidan o'tuvchi asosiy yo'nalishdagi avtomobil yo'llarida amalga oshiriladi. Bugungi kunda ushbu ob'ektlarning trassa yo'nalishlarini belgilash va loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash ishlari yakuniga yetmoqda. Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlarini Toshkent shahri bilan bog'lovchi yangi avtomobil yo'lini qurish ishlari boshlangan bo'lib, bugungi kunda dastlabki yer ishlari bajarilmoqda.
Bundan tashqari viloyat hududida jami 13 ta ob'ekt to'la ta'mirlash rejasiga kiritilgan bo'lib, jami 8 km uzunlikdagi avtomobil yo'llarini to'la ta'mirlash ko'zda tutilgan. Bugungi kunda dasturga kiritilgan 4R2 "Toshkent sh. – Nurafshon sh." avtomobil yo'lining 11-13,5-kilometrlari va 17,5-26,5-kilometrlari qismida ta'mirlash ishlari bajarilmoqda.
Yo'llar – yilning to'rt faslida ham doimiy e'tibor va mehnat talab qiladigan iqtisodning qon tomirlari hisoblanadi. Bugungi kunda viloyatning barcha tumanlaridagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarida joriy ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, jami 6,8 km uzunlikda yo'l qatnov qismi ta'mirlandi. Yuqoridagilardan tashqari joriy yilda 259,2 km uzunlikdagi ichki yo'llarni ta'mirlash rejalashtirilgan.
Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi
matbuot xizmati