Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Turizm – mamlakatimiz iqtisodiyotining ertangi kuni

19824 23-Fevral, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 33 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-fevral kuni videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Unda xorijiy turistlar oqimini ko'paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish bo'yicha ko'rilayotgan choralar natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi. 

Mamlakatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo'la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to'liq va samarali foydalanilmadi. Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmadi, hamma o'z bilganicha faoliyat yuritib keldi. 

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi "O'zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoniga muvofiq, sayyohlik mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmog'i sifatida belgilandi. Prezidentning 2017-yil 16-avgustdagi qarori bilan 2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. 

Joriy yil fevral oyining o'zida Prezidentning shu sohaga doir 4 ta muhim hujjati qabul qilingani davlatimizning turizm rivojiga yuksak e'tiboridan dalolat bo'ldi. Ushbu hujjatlar bilan sohada yig'ilib qolgan muammolarni hal etish, turizm salohiyatini oshirish bo'yicha ustuvor vazifalar belgilandi, ichki turizmni yanada rivojlantirishga ko'plab imtiyozlar, yengilliklar berildi. 

Shavkat Mirziyoyev turizmning iqtisodiyotdagi o'rnini alohida ta'kidlab, mamlakatimizda bu boradagi ahvol va sohani rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan choralar samaradorligini birma-bir tahlil qildi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi va uning mintaqaviy tuzilmalari shtat birliklari oshirilgani, hududlarda turizm departamentlari va boshqarmalari, hokim o'rinbosarlari lavozimlari tashkil etilgani mazkur tashkilotlarning imkoniyatlarini kengaytirdi. 

Joriy yilning 10-fevralidan boshlab Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Isroildan kelayotgan turistlarga mamlakatimizda 30 kungacha vizasiz bo'lishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, 39 mamlakat fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. 2018-yil 1-iyuldan elektron vizalar joriy qilinadi. 

Yig'ilishda elektron viza tizimini belgilangan muddatda to'liq ishga tushirish, jahon tajribasini o'rgangan holda bu tizimni yanada soddalashtirish va xorijiy turistlar kelishi tartibini muntazam yengillashtirib borish bo'yicha topshiriqlar berildi. 

Turistlar mamlakatimizga kelgandan so'ng yashash joyi bo'yicha 3 kun ichida ro'yxatdan o'tishi zarurligi ularga noqulaylik tug'dirayotgani qayd etildi. Sayyohlar xavfsizligini ta'minlash huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi bo'lishi kerakligi ta'kidlandi. 

Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson bo'lmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish o'rinlari ochamiz desak, turistga shart qo'yish emas, balki sharoit yaratishimiz zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu bois ro'yxatga olish tizimini to'liq elektron shaklga o'tkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan ko'rsatmalar berildi. 

Yig'ilishda 2017-yilda O'zbekistonga qariyb 2 million 700 ming turist tashrif buyurgani aytildi. Bu ko'rsatkich sifat jihatidan tahlil qilinib, qarindoshlarini ko'rish, davolanish, o'qish yoki tijorat kabi maqsadlarda kelayotganlar ko'pchilikni tashkil etishi ta'kidlandi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, turizmning barcha istiqbolli yo'nalishlarida sayyohlar sonini ko'paytirish, turizm xizmatlari real eksportini 5 yil ichida kamida ikki barobar oshirish vazifasi qo'yildi. 

Turizm salohiyatini oshirishda aviaqatnovlarning tutgan o'rniga alohida e'tibor qaratildi. 

Jahon sayyohlik tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, dunyo bo'ylab sayyohlarning qariyb 60 foizi eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi. 

"O'zbekiston havo yo'llari" milliy aviakompaniyasining bu boradagi sustkashligi qattiq tanqid qilindi. Aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo'lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo'yicha natijali ish olib borilmayapti. 

Shundan kelib chiqib, "O'zbekiston havo yo'llari" milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qo'yildi. Ularga muvofiq, aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud bo'lgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi.

Chet el tajribasini o'rganish asosida "Qarshi" aeroportida "Ochiq osmon" rejimi joriy qilinib, sayyohlarga keng erkinlik yaratilmoqda. Kelgusida shunday tizim Andijon, Nukus va Navoiy aeroportlarida ham qo'llanadi. 

Yig'ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O'zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo'lgan aviachiptalar sotib bo'lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo'lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to'g'ridan-to'g'ri reyslar ochiladi. 

Prezident sayyohlarning kayfiyatiga ta'sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e'tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to'liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun'iy navbatlar, taksi xizmati ko'rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo'yicha ham topshiriqlar berildi. 

Turizmda mavsumiy davrni uzaytirish, ko'rsatiladigan xizmat turlarini ko'paytirish va turizm infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, mehmonxonalarning asosiy qismi Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida ekani, turistlar oqimi oshgan davrda ularda ham joy yetishmasligi qayd etildi. Mehmonxonalarni ko'paytirish, shu bilan birga, bu yo'nalishda xususiy joylashtirish obyektlari va mehmon uylari tashkil etish, tadbirkorlarga yer ajratish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. Sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlar va avtomagistral yo'llar bo'yida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini ko'paytirish zarurligi ta'kidlab o'tildi. 

Madaniy meros obyektlariga kirish tizimini takomillashtirish, turniketlar, videokameralar va yo'l ko'rsatkichlari o'rnatish, axborot markazlari tashkil etib, ularda turistlarni qiziqtiruvchi barcha xizmatlarni yo'lga qo'yish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. 

Yig'ilishda yangi xizmat va savdolar tashkil etish orqali valyuta tushumini ko'paytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, suvenirlar ishlab chiqarish va ularni maxsus kiosklarda sotish, aeroportlarda faoliyat yuritadigan "Duty Free", "Tax Free" tizimidagi savdo shoxobchalarini turistik shaharlarda ham ochish, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda avtomobil ijarasi markazlari va Wi-Fi zonalar tashkil etish zarurligi ta'kidlandi. 

Qadimiy shaharlarda tunu kun ishlaydigan sayyohlik hududlari, "Qadimiy Buxoro" va "Samarqand siti" turistik zonalari tashkil etish bo'yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

Videoselektor yig'ilishida ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. 

Xalqimiz, ayniqsa, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va kam ta'minlangan oilalar vakillarining mamlakatimiz hududlariga sayohatlarini an'anaga aylantirish, tashkilotlar kasaba uyushmalari mablag'larida sayohat uchun xarajatlar ulushini ko'paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

Ziyorat turizmi bo'yicha mamlakatimizning salohiyati juda yuqori. Bu yo'nalishda zarur qulayliklar yaratish maqsadida Din ishlari bo'yicha qo'mita tarkibida Ziyorat turizmini qo'llab-quvvatlash bo'limi tashkil etildi, Malayziya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlar uchun vizasiz rejim joriy qilindi. 

Yig'ilishda bu boradagi imkoniyatlardan to'la foydalanilmayotgani, bir qator ziyoratgohlar qarovsiz ahvolda ekani qayd etildi. 

Yurtimizda islom dunyosida tan olingan allomalarning maqbaralari, tabarruk qadamjolar ko'p, dedi Shavkat Mirziyoyev. Masalan, turli viloyatlarda Naqshbandiya tariqatini targ'ib qilgan 12 ulamoning qabri bor. Biz hozir ularning 8 tasi, ya'ni Buxorodagi "Etti pir" va Samarqanddagi "Xo'ja Ahror Valiy" ziyoratgohlarini obod qilyapmiz. Lekin Surxondaryodagi Muhammad Zohid Buxoriy, Alovuddin Attor va Qashqadaryodagi Muhammad Darvesh, Muhammad Imganakiy maqbaralari ta'mirga muhtoj. 

Shundan kelib chiqib, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimlariga ushbu qadamjolarni obodonlashtirish, ularga olib boruvchi yo'llar holatini yaxshilash, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratish bo'yicha topshiriqlar berildi. 

O'zbekiston turizm brendini xorijda targ'ib qilish masalasi ham tahlil qilindi. 

Mamlakatimiz investitsiya, savdo va turizm salohiyatini o'zaro muvofiqlashtirib, yagona brend ostida reklama qilish zarurligi ta'kidlandi. Milliy teleradiokompaniya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi zimmasiga O'zbekistonning turizm salohiyatini kecha-kunduz targ'ib qiluvchi, sayohatga oid turli qiziqarli ko'rsatuvlar namoyish etib boruvchi xalqaro telekanal tashkil etish vazifasi yuklandi. 

Xorij davlatlaridagi elchilar mamlakatimiz, milliy qadriyatlarimizning targ'ibotchilari bo'lishi, bunga chet eldagi vatandoshlarimiz ham hissa qo'shishi zarurligi ta'kidlandi. Turizm rivoji uchun zarur sharoitlar yaratishga doir ustuvor yo'nalishlar belgilab berildi. 

Soha mutasaddilari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari va joylardagi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.

Manba: president.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali