"Turkiston" saroyida O'qituvchi va murabbiylar kuniga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi
Tadbirda umumiy o'rta ta'lim
maktablari, o'rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalarining ilg'or
o'qituvchilari, fidoyi murabbiylar, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari
vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti Islom Karimovning O'zbekiston o'qituvchi va murabbiylariga bayram
tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o'qib eshittirdi.
Prezidentimiz rahnamoligida istiqlolning
dastlabki yillaridanoq ta'lim sohasini tubdan isloh etishga alohida e'tibor
qaratildi. "Ta'lim to'g'risida"gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida
belgilangan vazifalarning hayotga keng joriy etilishi mamlakatimizni taraqqiy
ettirish, turmushimizni farovonlashtirish, hech kimdan kam bo'lmagan navqiron
avlodni voyaga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Maktab ta'limini rivojlantirish
davlat umummilliy dasturi asosida mamlakatimizdagi umumta'lim maktablarining
deyarli barchasi rekonstruksiya qilindi, tubdan ta'mirlandi, yuzlab yangi
maktablar bunyod etildi. Maktabgacha ta'lim muassasalari, maxsus
maktab-internatlar, "Barkamol avlod" bolalar markazlari, bolalar va o'smirlar
sport, musiqa va san'at maktablari, litseyu kollejlar, oliy ta'lim
dargohlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, faoliyatini davr ruhiga
mos tarzda yo'lga qo'yish yuzasidan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning "Dunyo
imoratlari ichida eng ulug'i maktab bo'lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi
o'qituvchilik va murabbiylikdir" degan fikri xalqimiz orasida ezgu da'vatga
aylandi. Sharafli kasb egalarining mehnatini moddiy va ma'naviy
qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirdi. O'tgan yillar
mobaynida ta'lim sohasidagi yuzlab ustoz-murabbiylar Vatanimizning yuksak
unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. Ular orasida O'zbekiston
Qahramonlari borligi yanada quvonarlidir.
Bugungi integratsiyalashuv
jarayoni kuchaygan, axborotlashgan zamon o'qituvchini ilg'or pedagogik
texnologiyalar va interfaol usullardan unumli foydalanadigan ijodkor ustoz
darajasiga ko'tarishni taqozo etmoqda. O'zbekiston Xalq ta'limi vazirligi
tomonidan an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan "Yilning eng yaxshi fan
o'qituvchisi" respublika ko'rik-tanlovi ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Bu yil ham ushbu tanlovda o'z
fani bo'yicha o'ziga xos tajriba maktabi yaratgan, har bir darsni yangi
uslubda, qiziqarli va hayotiy misollar, turli ko'rgazmali vositalar bilan
o'tayotgan ilg'or pedagoglar saralandi. Tantanali yig'ilishda g'oliblarga
diplom va esdalik sovg'alari topshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2005-yil
25-noyabrdagi "Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to'lash tizimini
takomillashtirish va uni moddiy rag'batlantirishni kuchaytirish
chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori o'qituvchilar ko'nglini tog'dek
ko'tardi, ularni yanada ko'proq izlanishga, o'quv-tarbiya jarayonini yanada
boyitishga undadi.
Prezidentimizning 2012-yil
10-dekabrdagi "Chet tillarni o'rganish tizimini yanada takomillashtirish
chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori zamonaviy pedagogik va
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o'sib kelayotgan
yosh avlodga chet tillarini o'qitish, xorijiy tillarni puxta biladigan
mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohada xalqaro
hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit va imkoniyatlar
yaratmoqda.
Chet tili o'qituvchilari Davlat
test markazi tomonidan doimiy ravishda sinovdan o'tkazilib, ularning maoshiga
qishloq joylarda 30 foiz va boshqa ta'lim muassasalarida 15 foiz miqdorida
qo'shimchalar berib borilmoqda. Bu mas'uliyatli va sharafli kasb sohiblarini
o'z ustida tinimsiz ishlashga, barkamol avlod tarbiyasida yanada faol bo'lishga
undamoqda.
Ta'lim-tarbiya jarayoni ustidan
jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida barcha umumta'lim
maktablarida "Oila – mahalla – ta'lim muassasasi" hamkorligi jamoat
kengashining faoliyati yo'lga qo'yilgan. Bu ma'naviy-ma'rifiy ishlar sifatini
doimiy tahlil etib borish, yoshlarning bilim olishga bo'lgan qiziqishi va
ishtiyoqini tobora kuchaytirish, 9-sinfni tamomlagan o'quvchilarni ta'limning
keyingi bosqichiga to'liq qamrab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtboshimiz rahnamoligida barpo
etilgan 1500 dan ortiq akademik litsey va kasb-hunar kollejida yoshlarga o'zi
tanlagan yo'nalish va soha sirlari o'rgatilmoqda.
Mamlakatimizda oliy ta'lim tizimi
bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli standartga
o'tkazildi.
Tadbirda san'at ustalari va yosh ijrochilar
ishtirokida katta konsert namoyish etildi.
Tantanali tadbirda O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining Raisi N.Yo'ldoshev, Qonunchilik palatasining Spikeri
N.Ismoilov, O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev ishtirok
etdi.