Urgut, G'ijduvon, Qo'qon va Hazoraspda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etiladi
Prezident "Urgut", "G'ijduvon", "Qo'qon" va "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to'g'risidagi farmonni imzoladi.
Samarqand viloyatining Urgut tumani, Buxoro viloyatining G'ijduvon tumani, Farg'ona viloyatining Qo'qon shahri va Xorazm viloyatining Hazorasp tumanlarida "Urgut", "G'ijduvon", "Qo'qon" va "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonalari tashkil etiladi. O'zA e'lon qilgan shu haqdagi farmon O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 12-yanvarda imzolandi.
"Urgut", "G'ijduvon", "Qo'qon" va "Hazorasp" EIZ faoliyat ko'rsatish muddati, keyinchalik uni uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi. Bu davr mobaynida mazkur EIZlar hududlarida alohida soliq, bojxona va valyuta rejimi amal qiladi EIZ hududlarida logistika markazlari va bojxona postlari tashkil etiladi.
Quyidagilar "Urgut" EIZ, "G'ijduvon" EIZ, "Qo'qon" EIZ va "Hazorasp" EIZning asosiy vazifalari va faoliyati yo'nalishlari etib belgilandi:
tashqi bozorlarda talab katta bo'lgan va importning o'rnini bosuvchi, yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarini jalb etish;
Samarqand, Buxoro, Farg'ona va Xorazm viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta'minlash;
meva-sabzavot va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to'qimachilik, gilam to'qish, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yo'nalishlarda yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish;
mahalliy xomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o'rnatish hamda erkin iqtisodiy zonalar korxonalari o'rtasida va umuman respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish bo'yicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazlari tashkil etish va ularning qarorlari xalqaro darajada e'tirof etilishini ta'minlash chora-tadbirlarini ko'rish.
Tashkil etiladigan erkin iqtisodiy zonalari direksiyalari erkin iqtisodiy zonalarning butun faoliyat ko'rsatish davrida soliqlar va davlat maqsadli jamg'armalariga majburiy ajratmalar to'lashdan ozod qilinadi.