Vatanimiz taqdiri va kelajagi yo'lida yanada hamjihat bo'lib, qat'iyat bilan harakat qilaylik
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusidagi anjumanda so'zlagan nutqi
Shu yil 15-iyun kuni Toshkent shahrida "Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusida anjuman bo'lib o'tdi. Tadbirda O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, "Nuroniy" va "Mahalla" jamg'armalari, Xotin-qizlar qo'mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta'lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
* * *
Assalomu alaykum, muhtaram yurtdoshlar!
Avvalo, shu ulug' ayyom kunlarida – muborak Ramazon oyida siz, azizlar bilan ko'rishib turganimdan xursand ekanimni bildirib, barchangizga o'zimning yuksak hurmat va ehtiromimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Qadrli do'stlar!
Bugun sizlar bilan – el-yurtimiz o'rtasida katta obro'-e'tiborga ega bo'lgan din arboblari, ilm-fan, madaniyat namoyandalari, jamoatchilik vakillari bilan muhim bir masalani muhokama qilish uchun shu muhtasham zalga yig'ildik.
Kun tartibiga qo'yilgan masala, ya'ni, ijtimoiy-ma'naviy sohani yanada rivojlantirish, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sog'lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash vazifasi bugungi kunda qanday ulkan ahamiyat kasb etayotgani haqida, o'ylaymanki, ortiqcha gapirishning hojati yo'q.
Nega deganda, aynan shu masalalar bizning bugungi va ertangi kunimizni, farzandlarimiz, nabiralarimiz taqdiri va kelajagini, bir so'z bilan aytganda, hayot-mamotimizni hal qilishi hech kimga sir emas.
Har bir ongli insonni chuqur o'ylantirib, tashvish va xavotirga soladigan bu masalalar haqida so'z yuritishdan avval hozirgi vaqtda shu yo'nalishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarga, dastur va loyihalarga qisqacha to'xtalib o'tish, o'ylaymanki, maqsadga muvofiq bo'ladi.
Bugungi kunda ona yurtimiz, O'zbekistonimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko'tarish maqsadida 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilingani va uni hayotga tatbiq etish bo'yicha faol ish olib borilayotganidan sizlar albatta xabardorsiz.
Ta'kidlash kerakki, ushbu strategiya barcha soha va tarmoqlarda hayotimizga chuqur kirib, amaliy harakatlarimiz mezoniga aylanib bormoqda. Ayniqsa, 2017-yilning yurtimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e'lon qilingani bu borada katta ahamiyat kasb etadi.
Shu yo'ldagi amaliy qadamlar sifatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari hamda Virtual qabulxonasi tashkil etildi.
Bu tuzilmalar o'tgan qisqa davrda el-yurtimiz o'rtasida fuqarolarning talab va ehtiyojlarini qonuniy asosda hal qilishda muhim rol o'ynaydigan institutga aylanib borayotganini alohida qayd etish kerak.
Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalari o'z faoliyatini boshlaganidan buyon o'tgan davr mobaynida mamlakatimiz bo'yicha qariyb 890 mingga yaqin fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. Ushbu murojaatlarning 93 foizi o'rganilib, tegishli javob qaytarildi.
Murojaatlarning qolgan qismi esa, ayni paytda mutaxassislar tomonidan ko'rib chiqilmoqda. Alohida ta'kidlash zarurki, fuqarolarimizdan kelib tushayotgan murojaatlarning qariyb 80-90 foizi asosli va o'rinli bo'lib, ular yillar davomida e'tibor qaratilmasdan, to'planib qolgan muammolar ekanini tahlillar ko'rsatmoqda.
Bularning barchasi, ochig'ini aytadigan bo'lsak, katta-kichik bo'g'indagi rahbarlar, davlat va xo'jalik organlari xodimlari xalq bilan muloqot qilishni deyarli unutib qo'yganini, bu masala jamiyatimizda naqadar dolzarb bo'lib turganini ko'rsatadi.
Shu munosabat bilan men yana bir bor ta'kidlab aytmoqchiman: xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini ta'minlash – bu vaqtinchalik kampaniya emas, balki davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi bo'lib, doimo e'tiborimiz markazida turadigan masaladir.
Shu borada yana bir muhim institut – Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo'yicha Prezidentning davlat maslahatchisi xizmati tuzilganini qayd etish lozim.
Hozirgi kunda ushbu xizmat xodimlari tomonidan joylarda – Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sayyor qabullar tashkil etilib, aholining murojaatlari mahalliy davlat boshqaruvi idoralari vakillari ishtirokida ko'rib chiqilib, qonuniy hal qilinayotgani ham sizlarga ma'lum.
Bu haqda albatta ko'p gapirish mumkin. Lekin ana shu ishlarimiz, islohotlarimizning barcha-barchasi ulug' va yagona bir maqsadga qaratilgan. U ham bo'lsa, xalqimizning tinchligi, osoyishtaligini asrash, aholi farovonligini oshirish, farzandlarimizni sog'lom va barkamol insonlar etib tarbiyalashdan iborat.
Bugun sizlar bilan shu yo'nalishda olib borayotgan ishlarimizni atroflicha tahlil qilib, ularni tanqidiy baholab, o'z yechimini kutayotgan dolzarb vazifalarni belgilab olishimiz zarur.
Sizlarga yaxshi ma'lum, bizning davlatimiz ko'p millatli va ko'p konfessiyali davlat. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bu borada, hech shubhasiz, xalqimizga azaldan xos bo'lgan bag'rikenglik an'analari muhim rol o'ynamoqda.
Ana shu haqiqatning tarixiy tasdig'i sifatida bir misol keltirmoqchiman. Samarqand shahrida Sohibqiron Amir Temur davrida bunyod etilgan, Doniyor payg'ambar nomi bilan ataladigan maqbara islom, xristian va yahudiylik dini vakillari tomonidan birdek e'zozlanadi.
El-yurtimiz necha asrlardan buyon bu qutlug' qadamjoni asrab-avaylab, obod qilib, unga hurmat-ehtirom ko'rsatib kelmoqda.
Shu birgina misolning o'zi olijanoblik, ezgulik va tom ma'nodagi bag'rikenglik fazilati xalqimiz tabiati, mentaliteti asosini tashkil etishidan dalolat beradi.
Bizning Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda, millati, tili va dinidan qat'i nazar, barcha fuqarolarimiz teng huquq va erkinliklarga ega ekani kafolatlab qo'yilgan. Ularga o'z milliy madaniyati, an'ana va urf-odatlarini saqlash, har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Biz bugun amalga oshirayotgan Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo'nalishida ham millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash bo'yicha eng muhim vazifalar belgilab berilgan.
Yurtimizda etnik o'ziga xoslikni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uyg'unlashtirishda 138 ta milliy madaniy markaz katta rol o'ynamoqda.
Ana shu markazlar faoliyatini yangi bosqichga ko'tarish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy do'stlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida biz yaqinda muhim bir qaror qabul qildik. Unga binoan Respublika baynalmilal markazi negizida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi tashkil etildi.
Endigi vazifa – mazkur qo'mita oldiga qo'yilgan dolzarb masalalarni samarali hal qilish, uning faoliyatini talab darajasida tashkil etishdan iborat.
Aziz do'stlar!
Mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab vijdon erkinligini ta'minlash masalasiga ustuvor ahamiyat berildi. Jumladan, muqaddas dinimiz, milliy qadriyatlarimizni, buyuk aziz-avliyolarimizning xotirasi, merosini tiklash, qadamjolarini obod qilish bo'yicha juda ko'p ish qilindi va qilinmoqda.
Qiyoslash uchun faqatgina ba'zi bir misollarni keltirmoqchiman.
Agar sobiq mustabid tuzum davrida yurtimizda 80 ga yaqin masjid faoliyat ko'rsatgan bo'lsa, hozirgi kunda ularning soni 2 ming 42 tani tashkil etmoqda.
O'sha qaramlik yillarida O'zbekistonda sanoqli kishilargina haj qilish imkoniyatiga ega bo'lgan edi, xolos. Mustaqillik yillarida esa har yili 5 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj ziyoratiga borib keladi. Joriy yilda 7200 nafar fuqarolarimiz muborak haj safarini amalga oshirish imkoniga ega bo'ladilar.
Buning uchun barchamiz Ollohga shukrona keltirib, siz, muhtaram ulamolar, imom-xatiblar, jamoatchilik vakillari bilan birga dinimiz tarixi, buyuk allomalar va aziz-avliyolarimiz merosini o'rganish va targ'ib etish bo'yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirishimiz kerak.
Keyingi vaqtda men joylarda bo'lib, hududlarimiz hayoti bilan yanada yaqindan tanishar ekanman, shunday bir fikrga ishonch hosil qilyapmanki, biz hali yurtimizni, uning o'ziga xos tarixi, madaniyati, ulug' olimu ulamolarini, bebaho ma'naviy merosimizni to'liq o'rganganimiz yo'q.
Misol uchun, Qashqadaryo zaminida buyuk alloma, moturidiya ta'limotining yirik vakili Abu Muin Nasafiy bobomiz yashab o'tganlar. U kishi uzoq muddat Buxoro va Samarqandda tahsil olib, kalom ilmi, ya'ni islomiy e'tiqod pokligi masalasida 15 ga yaqin kitob yozganlar. Ana shu kitoblarida, bundan ming yil oldin din masalasida adashganlarga to'g'ri yo'l ko'rsatganlar.
Biz saylovoldi uchrashuvlarida va'da qilgan edik. Hammangiz "oynai jahon" orqali ko'rdingiz, buyuk hadisshunos alloma Iso Termiziy bobomizning Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi mangu oromgohlarini har tomonlama obod qilib, u yerda alohida ilmiy markaz barpo etdik.
Xudo xohlasa, Nasafiy bobomiz ziyoratgohida ham ana shunday muazzam majmua barpo etamiz, bu ulug' zotning kitoblarini tarjima qilib, nashrdan chiqaramiz.
Mana shunday savobli ishlarni Buxoroda Bahouddin Naqshband hazratlarining qadamjolari bo'yicha, Toshkentda Imom Termiziy nomidagi masjid va Suzuk ota maqbarasi bo'yicha boshlab yuborganimizdan sizlar albatta xabardorsiz, deb o'ylayman.
Shu bilan birga, ochiq tan olish kerak, tarixiy-diniy merosimizni o'rganish, tiklash ishlari hamma joyda ham talab darajasida emas.
Yaqinda Buxoro viloyatida safarda bo'lganimizda, mashhur Mir Arab madrasasini ko'rib, to'g'risi, ancha xijolat bo'ldim. Necha zamonlardan buyon xalqimizga, dinimizga xizmat qilib kelayotgan, nafaqat yurtimiz, balki musulmon dunyosida shuhrat qozongan qanchadan-qancha ulamolarni kamolga yetkazgan bu muqaddas dargoh achinarli holga tushib qolgani albatta afsuslidir.
Bugungi kunda mazkur diniy o'quv maskanining nufuzi va maqomini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bu yerdagi qadimiy binolarni tubdan ta'mirlash, yon-atrofdagi hududni obodonlashtirish bo'yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday ezgu ishlarimiz qatorida biz hozir yana bir yirik loyihani amalga oshirish ustida ish olib boryapmiz.
Ma'lumki, bizning mintaqamiz, avvalambor, bugungi O'zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi.
Xalqimizning ana shunday boy tarixiy, ilmiy, ma'naviy merosini har tomonlama o'rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida biz azim poytaxtimiz Toshkent shahrida O'zbekistondagi Islom madaniyati markazini barpo etishga qaror qildik.
Nega deganda, "Jaholatga qarshi – ma'rifat" shiori ostida mana shunday markazni tashkil etishni bugun davrning o'zi taqozo etmoqda.
Ushbu markazni mashhur Xastimom majmuasi hududida tashkil etish, bu yerda yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk islom olimlari, alloma va mutafakkirlari, jahon madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo'shgan ulug' shoir va adiblar, rassom va xattotlarga oid boy ma'lumotlarni mujassam etish ko'zda tutilmoqda.
Markaz avvalo me'moriy va binokorlik nuqtai nazaridan nihoyatda ulug'vor, muhtasham va noyob bo'lishi lozim. Ushbu majmua o'zida nodir eksponatlarga boy muzey va kutubxonani mujassam etadi. Shu bilan birga, bu yerda keng ko'lamda ilmiy-tadqiqot ishlari ham olib boriladi.
Bu maskanga tashrif buyuruvchilar bir vaqtning o'zida islom olamining o'nlab eng yorqin namoyandalarining hayoti va faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo'ladi.
Masalan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Xo'ja Ahror Valiy kabi aziz-avliyolarimiz, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari alloma va mutaffakirlar, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib kabi musavvirlarning bebaho merosidan namunalar, ular tavallud topgan va faoliyat ko'rsatgan tarixiy shaharlar manzaralari turli noyob eksponatlar orqali aks ettiriladi.
Bizga vatandosh bo'lgan har bir alloma va mutafakkirning hayoti va faoliyatiga ekspozitsiyada alohida bir bo'lim bag'ishlanadi.
O'zbekistonda ularning sharafiga barpo etilgan me'moriy yodgorliklar maketlari, qo'lyozma va bosma asarlar, xattotlik namunalari, o'sha davrdagi amaliy san'at buyumlari va boshqa eksponatlar shu bo'limlarda namoyish etiladi.
O'z vaqtida Sohibqiron Amir Temur bobomiz yurtimizga olib kelgan muqaddas Qur'oni karimning Usmon nusxasi mazkur muzeyning markazida nur sochib, butun zalni charog'on etib turadi.
Aziz do'stlar, fursatdan foydalanib, barchangizni ana shu savobli ishda o'z taklif va maslahatlaringiz bilan faol ishtirok etishga chaqiraman.
Sizlarga yaxshi ma'lumki, turli davr va sharoitlarda taqdir taqozosi bilan yurtimiz tarixi va madaniyatiga, dinimizga oid ko'plab noyob qo'lyozmalar va arxiv hujjatlari chetga olib ketilgan. Ular bugungi kunda xorijiy davlatlarning fond va muzeylari, ilmiy-ma'rifiy muassasalarida saqlanmoqda. Ushbu noyob tarixiy ashyolar va san'at asarlari nafaqat xalqimizning nodir durdonasi, balki jahon ahamiyatiga molik yirik kolleksiyalar hisoblanadi.
Chet ellarda saqlanayotgan madaniy boyliklarimizni aniqlash va ularni har tomonlama o'rganish, imkon qadar mamlakatimizga olib kelish maqsadida keyingi davrda birmuncha ishlar amalga oshirildi. Lekin hammamiz tushunamizki, bu ishlarni jamoatchilik asosida hal qilib bo'lmaydi. Bu masalani davlat siyosati darajasiga ko'tarish zarur.
Bu esa tegishli moliyaviy va tashkiliy resurslarni, sohaga yuqori ilmiy salohiyatli kadrlar va mutaxassislarni jalb qilishni talab etadi.
Bu muhim vazifani amalga oshirish uchun biz hozirgi vaqtda Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida markaz tuzish bo'yicha qaror loyihasi ustida ishlayapmiz.
Bundan asosiy maqsad shuki, tariximiz, madaniyatimiz, dinimizga aloqador bir varaq qo'lyozma bo'lsa ham, ularni to'plab, xalqimizni, yoshlarimizni tanishtirish, bizning qanday buyuk va betakror merosimiz borligini anglatish, farzandlarimizni shu ulug' merosga munosib etib tarbiyalashdan iborat.
Bizning ana shunday ishlarimiz nafaqat yurtimizda, balki chet ellarda ham jiddiy qiziqish uyg'otmoqda.
Dunyodagi, musulmon olamidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, katta obro'-e'tiborga ega bo'lgan rasmiy shaxslar bu borada biz bilan hamkorlik qilish istagini bildirishmoqda.
Sizlarga ma'lumki, 2016-yil oktabr oyida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida o'tkazilgan uchrashuvida O'zbekiston tomonidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazini tuzish to'g'risida tashabbus ilgari surilgan edi.
Yaqinda Saudiya Arabistoniga safarimiz paytida O'zbekiston Respublikasi hukumati bilan Islom taraqqiyot banki o'rtasida ayni shu masala bo'yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur bank prezidenti Bandar Hajar janoblari ushbu tashabbusni qo'llab-quvvatlab, "Islom taraqqiyot banki – bu O'zbekistonning banki", deb aytdilar. Bu so'zlar butun islom ummati, islom jamoatchiligining Imom Buxoriy yurtiga, uning avlodlariga bo'lgan yuksak hurmat-ehtiromi ifodasi, desak, ayni haqiqat bo'ladi.
Saudiya Arabistonida o'tkazilgan xalqaro sammitda katta-katta davlatlar, arab, musulmon mamlakatlari va AQSh rahbariyati bir fikrga alohida urg'u berishdi. Ya'ni, ular jaholatga qarshi ma'rifat, ta'lim-tarbiyani kuchaytirish bilan kurashish zarur ekanini ta'kidlashdi.
Bu fikrlar diniy masaladagi bizning yondashuvimiz bilan uyg'un va hamohang ekani ayniqsa e'tiborlidir. Jumladan, AQSh Prezidenti Donald Tramp janobi oliylari ham shu borada aniq va konstruktiv takliflarni ilgari surdi.
Men Prezident sifatida Amerika xalqi va o'z nomimdan kafolat beraman, biz terrorizm va ekstremizmga qarshi qattiq kurash olib boramiz, bu yo'lda, qaysi din vakili bo'lishimizdan qat'i nazar, barchamiz birlashishimiz zarur. Yer yuzida tinchlikni saqlash va mustahkamlash eng asosiy vazifamiz bo'lishi kerak, dedi AQSh Prezidenti.
Sammit minbaridan yangragan bunday gaplar albatta bizga ham ma'qul bo'ldi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz bugungi kunda ijtimoiy-ma'naviy hayotimizni rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan ishlarimizni yangi bosqichga ko'tarishimiz, buning uchun davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etishimiz shart. Chunki hozirgi vaqtda dunyo miqyosida hukm surayotgan tahlikali vaziyat, siyosiy va iqtisodiy inqirozlardan tashvishga tushmayotgan birorta davlat yoki jamiyat yo'q, desak, hech qanday mubolag'a bo'lmaydi.
Ayniqsa, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, diniy qarama-qarshilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ekologik muammolar, ayrim mintaqalarda iqtisodiy nochorlik, ishsizlik, qashshoqlik kuchayib borayotgani butun insoniyatni qattiq xavotirga solmoqda.
Ana shunday o'ta murakkab va qaltis sharoitda qanday yo'l tutish, qanday qilib tinchlik va osoyishtalikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta'minlash mumkin, degan savol barchamizni jiddiy o'ylantirishi zarur.
Ayniqsa, keyingi paytda turli mamlakatlarda sodir etilayotgan terrorchilik harakatlarining ijrochilari qatorida millatimizga mansub kimsalar ham borligi xalqimizda afsus va nadomat uyg'otmoqda.
Tinchlik va osoyishtalikni, insoniylikni hamma narsadan ustun qo'yadigan xalqimiz bunday shaxslarni, ularning qilmishlarini keskin qoralaydi. Ularni o'zbek degan nomga nomunosib deb hisoblaydi.
Hozirgi vaqtda yoshlar, ayniqsa, chet elda ishlab, halol mehnat bilan daromad topaman, deb yurgan fuqarolarimiz terrorizm va ekstremizm changaliga tushib qolmasligi uchun biz barcha choralarni ko'ryapmiz.
Avvalambor, qo'shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beryapmiz. Bizning maqsadimiz ular bilan raqobat qilish emas, balki hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, umumiy muammolarni birgalikda yechishdan iborat.
Shu maqsadda, mana, Turkmaniston va Qozog'iston Respublikasiga qisqa muddatda ikki marta tashrif bilan bordik. Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Saudiya Arabistoniga tashriflarimiz ham samarali bo'ldi.
Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog'ida mehnat migratsiyasi bo'yicha muhim kelishuvga erishdik. Bizning bu boradagi pozitsiyamiz aniq: odam qayerda bo'lsa ham ishlashi, oilasi, bola-chaqasini boqishi kerak. Lekin u halol mehnat qilishi, qonuniy yo'l bilan daromad topishi lozim. Buning uchun davlatimiz barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor.
Ammo yaratilgan imkoniyatlardan to'g'ri foydalanmasdan, egri qadam bosadigan, el-yurtimizga isnod keltiradigan kimsalar – ularni nonko'r desak, to'g'ri bo'ladi – bunday shaxslar bilan boshqacha ish olib boramiz. Buyuk shoirimiz Zahiriddin Muhammad Bobur aytganidek, "Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur, Har kimki jafo qilsa, jazo topqusidur".
Muhtaram do'stlar!
Bugungi kunda ijtimoiy-ma'naviy muhitni va aholi turmush sharoitini yaxshilash, yoshlarni turli diniy ekstremistik oqimlar ta'siridan asrash masalasi barchamiz uchun eng asosiy masala bo'lib turibdi.
Shu munosabat bilan men Toshkent shahrining Shayxontohur tumani va Andijon viloyati faollari bilan bo'lgan uchrashuvda aytgan ba'zi fikrlarimni bugun sizlarning oldingizda takrorlashni o'rinli, deb bilaman.
Biz ko'p joylarda jaholatga qarshi ma'rifat tashabbusi bilan chiqyapmiz. Muqaddas islom dinini niqob qilib boshqa ko'chalarga kirib ketayogan johil kimsalar bir narsani tushunmaydi yoki tushunishni istamaydi. Ya'ni, islom faqat nurli hayotga, ilm-ma'rifatga, yaxshilikka undaydi. Hech qachon xunrezlik, qotillik, zo'ravonlikka chaqirmaydi. Ana shu haqiqatni tan olmasdan, soxta g'oyalarga aldanib, zararli oqimlarga kirish, terrorchi bo'lish – bu O'zbekiston xalqiga mutlaqo to'g'ri kelmaydi.
Alhamdulilloh, hammamiz musulmonmiz, buning shukronasini qilib, farzandlarimizni ham bunday ne'matning qadriga yetadigan insonlar etib tarbiyalashimiz kerak emasmi?
Muhtaram imom-xatiblarimiz Xudo yo'lida xolis xizmat qilishni o'z zimmalariga olganlar. Bu ham mas'uliyat, ham ulkan sharaf. Shuning uchun sog'lom e'tiqod yo'lini targ'ib qilishni avvalo kimdan so'raymiz? Siz, azizlardan so'raymiz. Shu borada barchamiz kimdan ibrat olamiz? Siz, azizlardan.
Shuning uchun ham sizlarning katta bilimingiz, obro'-e'tiboringizni inobatga olib, men sizlarga, barcha din ahllariga, jamoatchiligimizga murojaat qilmoqchiman: yurtimizda tinchlikni, osoyishtalikni saqlashda bizga yordam bering.
Agar mahallangizda birorta bola zararli diniy oqimga kirib qolgan bo'lsa, uni noto'g'ri yo'ldan qaytarishga harakat qiling.
Avvalo, ular bilan gaplashib, bu – ota-bobolaring yo'li emas, bu yo'ldan qayt, haqiqat mana bu yoqda, tinchlik va ezgulik yo'lidan borib, hech kim kam bo'lmagan, deb ularni sog'lom e'tiqodga ishontirish kerak. Bilim bilan, aql va ma'rifat, namunali ishlar bilan ishontirish kerak. Tarixdan, bugungi hayotimizdan olingan hayotiy, ta'sirchan misollar bilan inontirish kerak.
Bunday targ'ibot, bunday tashviqot sizlarning qo'lingizdan albatta keladi.
Yo'ldan adashgan bolani darrov dushmanga chiqarmasdan, uni o'zimizning farzandimiz, deb bilishimiz kerak. Unga butun qalbimiz, yuragimiz bilan achinayotganimizni shu bola bilsin. Zora, shunda ularning ham qalb ko'zi ochilsa, to'g'ri yo'lga qadam qo'ysa...
Bir bolaning yo'ldan adashishi – bu nafaqat bir oila, balki butun jamiyat boshiga tushgan kulfat. Bundan avvalo shu bolaning ota-onasi, aka-ukalari, yaqinlari jabr ko'radi. Bunday paytda ularga yordam berish kerak. Biz esa, afsuski, ulardan o'zimizni olib qochamiz. To'yga chaqirmaymiz, marosimga chaqirmaymiz, u falonchining akasi yoki o'g'li, deb ularning nafratini battar avj oldiramiz, aybsiz odamlarni ashaddiy dushman qilamiz.
Natijada nima bo'ladi? Kulfat kamayish o'rniga ko'payadi. Boshqa oilalar hayotiga ham kirib boradi.
Bugun shu masalani ko'ndalang qo'yadigan vaqt keldi.
Buyuk ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy "Olijanob kishilar uzrni qabul qilur", deb ta'kidlagan ekanlar. Xalqimiz – mard va olijanob xalq. Kim chin dildan uzr so'rasa, tavba qilsa, albatta gunohidan kechadi. Shuning uchun hozirgi kunda qancha adashganlarni kechirib, to'g'ri yo'lga solyapmiz. Birini o'qishga, birini ishga, birini kasbga qaytaryapmiz.
Ming afsuski, zararli diniy oqimga kirgan bolani "Bu – qo'shnining bolasi, boshqa qishloq yoki tumanning bolasi", deb loqayd bo'layotganlar ham oramizda yo'q emas. Kimdir chetga chiqib, ekstremistlarga qo'shilib yurgan bo'lsa, ba'zi rahbarlar, u Farg'onadan emas, Andijondan, Qashqadaryodan emas, Samarqanddan, deb beparvo bo'lmoqda. Lekin u O'zbekiston farzandi, O'zbekiston fuqarosi-ku!
Shu munosabat bilan bir fikrni alohida ta'kidlab aytmoqchiman: O'zbekistonda davlat davlatchiligini qiladi, qonun ustuvor bo'ladi. Xudoga shukur, davlat rahbari sifatida buni ta'minlashga mening kuchim ham, bilimim va salohiyatim ham albatta yetadi. Bu haqiqatni hech kim, hech qachon esidan chiqarmasin.
Xalqimizda "Ikki kemaning boshini tutgan g'arq bo'ladi", degan maqol bor. Qaysi rahbar, qaysi imom-xatib u tomonga ham, bu tomonga ham yoqaman, deb ish ko'rmoqchi bo'lsa, qattiq adashadi. Bizga bunday ikkiyuzlamachi, munofiq odamlar mutlaqo kerak emas.
Musulmonchilik har birimizning yuragimizda, vijdonimizda bo'lishi lozim. Inson imon-e'tiqodli bo'lsa, yurtiga sodiq bo'lib xizmat qilsa, u haqiqiy vatanparvar bo'ladi.
Agar u e'tiqodsiz bo'lib, chalasavod bo'lib, xiyonat qilib, boya aytganimdek, ikki tomon bilan ham "o'yin" qilaman, bu davlat ketsa, anavilar kelib qolsa, ular bilan ham til topishaman, deb nayrang qiladigan bo'lsa, bilib qo'yinglar, bunday "nomer"lar bizga o'tmaydi.
Albatta, ashaddiy terrorchi va ekstremistlar o'z yo'lidan qaytmaydi. Ularning miyasi, butun hujayrasi zaharlanib, qo'li qonga botib bo'lgan. Ularga gap uqtirib, insofga chaqirishning hech qanday foydasi yo'q.
Shuning uchun ham har qaysi mahalla, har bir tuman va viloyat o'z hududidan chiqqan, chet ellarda terrorchi guruhlar safida yurgan ashaddiy ekstremistlarni O'zbekiston fuqaroligidan chiqarish haqida O'zbekiston Prezidentiga taklif kiritishi zarur.
Bu masalani avvalo chuqur o'rganish kerak, aybi isbotlangan taqdirda men ularni O'zbekiston fuqaroligidan mahrum qilishga tayyorman. Oqni – oq, qorani – qora, deydigan vaqt keldi. Bizga bunday nonko'rlar kerak emas.
Ayni vaqtda bu masala bo'yicha joylardagi ijro organlari, hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari ham o'z munosabatini o'zgartirishi lozim.
Adashganlar haqida gapirganda, jamoatchiligimiz, imom-xatiblarimiz, kerak bo'lsa, tuman hokimiga borib, "Bu yigitga ish bering, uy bering, u o'zi asli yomon odam emas ekan, kimningdir noinsofligi, adolatsizligi tufayli shu ko'yga tushibdi", deb aytishdan qo'rqmasin.
Bugungi yig'ilishda ishtirok etayotgan va viloyatlarda o'tirgan barcha rahbarlar ham bu gaplardan albatta xulosa chiqarishi kerak.
Bugun qancha yoshlar soxta aldovlarga uchib, o'z umrini xazon qilayotganini o'ylab, to'g'risi, tunlari uxlamasdan chiqaman. O'zingiz ayting, aziz birodarlar, bu achchiq haqiqat yuragimizga xanjar bo'lib sanchilishi kerak emasmi?
Axir, kechagina shu yoshlar, o'zimizning qorako'zlar, birimizning mahalladoshimiz, birimizning o'g'limiz, birimizning qizimiz yoki jiyanimiz edi-ku! Ular qachon adashdi, qachon noto'g'ri yo'lga kirib ketdi?
Biz nega g'aflatda qoldik? Qachon, qayerda xatoga yo'l qo'ydik? Farzandlarimiz qachon begonalarning qo'liga o'tib ketdi? Nima jin urdiyu ular o'z ota-onasi, o'z yurtining dushmaniga aylanib qoldi?
Bugun bu mudhish balo-qazoning oldini olmasak, bor kuchimizni shunga safarbar etmasak, ertaga kech bo'ladi.
Yurtimizda yashayotgan, oilasini, farzandlarining ertangi kunini o'ylaydigan hech bir inson, din arboblari, jamoatchilik vakillari bu hayot-mamot masalasidan chetda turmasligi kerak.
Mana, o'zingiz ko'ryapsiz, Afg'oniston, Suriya, Iroq, Liviya kabi davlatlarda nima bo'lyapti? Yana qanday misollar kerak o'zi? Bu fojialar barchamizning ko'zimizni ochishi zarur emasmi?
Qur'oni karimda aytilgan "O'z qo'llaringiz bilan o'zingizni halokatga tashlamang", degan hikmatli so'zlardan hammamiz xulosa chiqarishimiz lozim. Bizning beparvoligimiz, loqaydligimiz faqat fojia keltiradi. Bolalarimiz, oilamiz, butun yurtimiz boshiga falokat keltiradi. Aytinglar, o'zini inson deb biladigan, vijdoni, imoni bor hech bir odam buni istaydimi? Yo'q, albatta.
"Bola ota-ona qo'lida bir omonatdir", deydi buyuk allomalarimiz. Bolalarimiz, ularning taqdiri, kelajagi haqiqatan ham juda omonat ekanini bugungi hayot har tomonlama isbotlamoqda.
Agar farzandimizga to'g'ri tarbiya bermasak, har kuni, har daqiqada uning yurish-turishi, kayfiyatidan ogoh bo'lib turmasak, ularni ilmu hunarga o'rgatmasak, munosib ish topib bermasak, bu omonatni boy berib qo'yishimiz hech gap emas.
Biz, ko'pincha bolam maktabda, o'qishda yoki chet elda ishlayapti, deb xotirjam yuribmiz. Lekin bizning bunday soddaligimiz, beparvoligimizdan dushmanlar makkorlik bilan foydalanmoqda. Bizning jonu jahonimiz bo'lgan farzandimiz dushmanlar qo'lida qurolga aylanib qolsa, buning uchun avvalo kim aybdor? O'zimiz emasmi?
Shuning uchun maktab, litsey va kollejlardagi, oliy o'quv yurtlaridagi ta'lim-tarbiya, birinchi navbatda, davomat masalasiga nihoyatda jiddiy e'tibor berishimiz shart.
Bironta o'quvchi yoki talaba uzrsiz o'qishga kelmay qo'ysa, ta'lim maskani ham, oila ham, mahalla, hokimiyat idoralari ham bu to'g'rida bong urishi, sergak tortishi, buni favqulodda bir hol deb baholashi kerak.
Ana shunday nazorat tizimi samarali va o'zaro bog'liqlikda ishlaydigan bo'lsa, albatta biz vaziyatni qo'lga olib, uni ijobiy tomonga o'zgartira olamiz.
Shuning uchun ham biz tumanlarda hokimlar hamda ichki ishlar bo'limi boshliqlarining yoshlar bilan ishlash bo'yicha o'rinbosari lavozimini tashkil etdik.
Keyingi yillarda xalqimiz o'rtasida keng tarqalgan "O'z uyingni o'zing asra!" degan da'vatga bugun "O'z bolangni o'zing asra!" deb qo'shimcha kiritish vaqti keldi, deb o'ylayman.
Adashgan yoshlarni tarbiyalashimiz, kerak bo'lsa, jazoni o'tash joylariga ham borib, ular bilan gaplashishimiz lozim. Chin dildan tavba qilib, ota-onasi, oilasi bag'riga, to'g'ri yo'lga qaytishni niyat qilgan odamlarga amaliy yordam berishga men davlat rahbari sifatida doimo tayyorman.
"Nuroniy", "Mahalla" jamg'armalari, Xotin-qizlar qo'mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, ichki ishlar idoralari va boshqa tegishli tashkilotlar bu masala bo'yicha bevosita javobgar bo'lib, ish samaradorligini tubdan oshirishlari, mutlaqo yangi tizimga o'tishlari zarur.
Bu boradagi eng muhim vazifalar haqida gapirganda, quyidagilarni alohida ta'kidlashni istardim.
Birinchidan, joylarda maxsus hisobga olingan fuqarolarning turmush sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, muammolarini o'rganish, ushbu toifa shaxslar nega radikallashib ketganining sabablarini har tomonlama chuqur tahlil etish lozim.
Ana shu ishlarning natijalari bo'yicha davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatida qo'llash uchun aniq tavsiya va takliflar ishlab chiqishni bugun hayotning o'zi talab etmoqda. Agar biz shu yo'nalishdagi ishlarni avvalgidek davom ettiradigan bo'lsak, ya'ni, umumiy profilaktika ishlarini yoshlar radikal diniy oqim a'zosiga aylanganidan so'ng o'tkazadigan bo'lsak, bunday xavf-xatarga qarshi hech qachon samarali kurasha olmaymiz.
Qisqacha aytganda, uzoqni ko'zlab, kerak bo'lsa, hayotda bir qadam oldinda yurib, bizni dog'da qoldirmoqchi bo'lganlarning hiyla-nayranglarini avvaldan bilib, birinchi zarbani ular emas, biz berishimiz zarur. Shunda davlatning – davlat, jamiyatning – jamiyat ekani bor kuchi va qudrati bilan namoyon bo'ladi.
Ikkinchidan, diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha mahalla maslahatchilari, profilaktika inspektorlari, imom-xatiblar va huquqni muhofaza qilish organlarining tegishli xodimlari uchun malaka oshirish o'quvlarini tashkil etish kerak. Bu o'quvlarda ularni diniy ekstremistik va terrorchi guruhlarning ish usuli, g'arazli g'oya va maqsadlari bilan tanishtirib borish zarur.
Adashgan shaxslar bilan ishlaydigan mutaxassis, u mahalla maslahatchisi, imom-xatib yoki profilaktika inspektori bo'ladimi, avvalo buzg'unchi kuchlar qanday g'oyalarni ilgari surayotganini bilishi kerak.
Aks holda u ana shu g'oyalar xato ekani, dinu diyonatimiz, elu yurtimiz manfaatlariga zid kelishini tushuntirib berolmaydi. Bunday holatda qanday qilib adashgan kimsani to'g'ri yo'lga ishontirish mumkin?
Uchinchidan, hokimlarning yoshlar bilan ishlash hamda jamoatchilik va diniy tashkilotlar, shuningdek, xotin-qizlar bo'yicha o'rinbosarlari avvalo o'zlari tashabbus ko'rsatib, turli soxta va'dalar, havoyi gaplar ortidan ergashgan fuqarolarimizning xonadonlariga kirib borishlari kerak. Ular bilan suhbat o'tkazishlari, issiq-sovug'i, tashvish va muammolaridan xabardor bo'lishlari lozim. Ularning kundalik rejasida har kuni qaysi diniy oqim a'zosi bilan uchrashish, diniy-axloqiy jihatdan muammosi bo'lgan xonadonning masalasini hal etish bo'yicha aniq vazifalar aks etishi shart.
Agar biz yolg'on g'oyaga aldanganlarni o'z holiga tashlab qo'yadigan bo'lsak, ertaga chetda payt poylab turgan qabih yov kelib, uni o'z ortidan yetaklab ketmasligiga kim kafolat beradi?
Bugungi kunda diniy ekstremistik oqim a'zolarining farzandlarini jamoat ishlariga, dunyoviy turmush tarziga, xususan, fan va kasb-hunar to'garaklari, san'at festivallari, sport musobaqalariga jalb qilishga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti. Buni albatta qoniqarli deb bo'lmaydi. Nega deganda, bir-ikki marta nomiga tadbir o'tkazish bilan ish bitmaydi. Bu yo'nalishda har kuni, har soatda, doimiy va tizimli ravishda ish olib borish kerak. Buni ma'naviy hayot, g'oyaviy-mafkuraviy ish deb qo'yibdi. Bu bizga g'alla yoki chigit ekish emas, urug'ni tuproqqa tashladik, bo'ldi, endi kutamiz, deb qarab o'tirsak.
Mafkura sohasida bo'shliq degan narsaning o'zi hech qachon bo'lmaydi. Chunki insonning qalbi, miyasi, ongu tafakkuri hech qachon axborot olishdan, fikrlashdan, ta'sirlanishdan to'xtamaydi.
Demak, unga doimo ma'naviy oziq kerak. Agar shu oziqni o'zi yashayotgan muhitdan olmasa yoki bu muhit uni qoniqtirmasa, nima bo'ladi, aytinglar? Bunday oziqni u asta-sekin boshqa yoqdan izlaydi. Shunga yo'l bermasligimiz kerak. Mana, gap nima haqida ketyapti!
Buning uchun o'zini jamiyatimiz, yoshlarimiz ma'naviyati, g'oyaviy-mafkuraviy tarbiyasi uchun mas'ul deb bilgan insonlar – bu mahalla yoki diniy tashkilotlar bo'ladimi, huquq-tartibot idoralari xodimlari yoki katta ta'sir kuchiga ega ijodkor ziyolilar bo'ladimi – ularning barchasi ayniqsa faol bo'lishlari lozim.
Afsuski, biz bu masalalarda uxlab o'tiribmiz. Gapning ochig'i shu: uxlab o'tiribmiz. Dushman esa o'z ishini qilyapti. Ba'zi o'rinlarda hatto maqsadiga ham erishyapti.
Agar bu so'zlarim kimgadir qattiq botsa, noto'g'ri bo'lsa, marhamat, buni ham ochiq aytinglar. Men eshitishga tayyorman.
Yana bir masala – el-yurtga peshvo bo'lib yuradigan muhtaram imom-xatiblarimiz yuksak ma'naviyati, odob-axloqi bilan avvalo o'zlari boshqalarga ibrat va namuna ko'rsatmas ekan, ularning va'zxonligi odamlarga chivin chaqqandek ham ta'sir qilmaydi.
Xolisona aytganda, barcha imom-xatiblarimiz shu talablarga javob bera oladimi?
To'rtinchidan, har bir mahallada mahalla raisi, maslahatchilar, uchastka inspektori va imom-xatibning mas'uliyati va javobgarligini oshirish fursati yetdi.
Imom-xatiblar keng jamoatchilik orasida mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va xotirjamlikni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash, bunday barqaror va osoyishta muhit osmondan tushmayotganini targ'ib etish, ota-bobolarimiz ming yillardan buyon pok saqlab kelayotgan islom dini har qanday zo'ravonlikka, buzg'unchilikka, begunoh insonlarning qonini to'kishga mutlaqo qarshi ekanini oyat va hadislar asosida, jonli misollar yordamida ta'sirchan yetkazib berishlari zarur.
Muqaddas Qur'oni karimda musulmonlarga qarata firqalarga bo'linmang, degan mazmundagi ko'rsatmalar bor. Bu turli oqimlarga bo'linib, odamlarni to'g'ri yo'ldan adashtirishga dinimiz mutlaqo qarshi ekaniga yaqqol dalil emasmi?
Beshinchidan, bizni hamisha o'ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so'z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog'liq.
Bugun zamon shiddat bilan o'zgaryapti. Bu o'zgarishlarni hammadan ham ko'proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o'z davrining talablari bilan uyg'un bo'lsin. Lekin ayni paytda o'zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug' zotlarning avlodimiz, degan da'vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o'zligiga sodiq qolishga undab tursin.
Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan. Lekin tarbiya degani faqat maktab tarbiyasidan iborat emas. Hozir hammamiz bor aybni maktabga ag'darishga o'rganib qolganmiz.
Mahalla, oila, keng jamoatchilik-chi? "Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona" degan maqolning haqiqiy ma'nosini anglaydigan vaqt keldi. Anglab, shu asosda yashaydigan vaqt keldi.
Lekin bugungi kunda mahalladagi, ayniqsa uyushmagan yoshlarning taqdiri bilan kim qiziqyapti? Bolalar kimlar bilan hamsuhbat bo'layotgani, o'qishga qachon borib, qachon kelayotganini kim nazorat qilyapti?
Yoshlar, xususan, o'smirlar orasida bezorilik, jinoyatlar soni ortishiga qanday omillar sabab bo'lyapti?
Ba'zi yoshlarimiz uchun mehr-oqibat, axloq-odob tushunchalari butunlay begona bo'lib borayotgani, ularda befarqlik, mas'uliyatsizlik, mehnat qilmasdan kun ko'rishga intilish kabi illatlar paydo bo'layotgani – achchiq bo'lsa-da, haqiqat.
Buning tasdig'ini ko'plab misollarda ko'rish mumkin.
Ayrim yoshlarning qisqa yoki uzoq vaqt chet elga, mehnat safariga borib kelib, o'z e'tiqodini xato deb hisoblab, bizga butkul yot bo'lgan oqimlar, g'oya va tushunchalarni olib kelayotgani ham – bor gap. Ayni haqiqat bu. Bunday holatlar barchamizni tashvishga solishi shart.
Yoki turmush qurgan yoshlar orasida hayotni yengil-elpi tasavvur qilish, oila muqaddas ekanini tushunib yetmaslik holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi.
Yosh oilalar orasida arzimas sabablar bilan ajralishlar ko'payib bormoqda. Begunoh bolalar yetim bo'lib, mehr va e'tiborga eng tashna vaqtida ota-ona tarbiyasidan chetda qolmoqda.
Yana bir noxush holatni bugun afsus bilan aytmoqchiman: oilalarda nosog'lom munosabatlar, qaynona-kelin, er-xotin o'rtasidagi janjallar, xotin-qizlarimiz orasida o'z joniga qasd qilish holatlari borligi shaxsan meni qattiq iztirobga solmoqda.
Sizlar yaxshi bilasizlar, Qur'oni karimda "O'zingizni nohaq o'ldirmangiz" deb buyuriladi. Muborak hadislarda o'z joniga qasd qilganlar hech qachon jannatga tushmasligi ham bayon qilinadi.
Shunga qaramasdan, ayollarimiz orasida o'z joniga qasd qilish holatlari barham topmayotgan ekan, biz avvalo buning sabablarini bartaraf etish haqida har tomonlama o'ylashimiz, jumladan, aholimiz, ayollarimiz o'rtasida dinimizning bu ko'rsatmalarini tushuntirishimiz lozim.
Shu o'rinda yana bir nozik masala bo'yicha alohida to'xtalib o'tmoqchiman. Ba'zan hayotda "ZAGS", ya'ni, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan o'tmasdan turib, pul evaziga yashirincha shar'iy nikoh o'qitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, ming afsuski, uchrab turibdi.
Bir paytlar hayotning o'zi rad etgan kundoshlik, qo'shxotinlik balosi qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizni tashvishga solishi kerak. Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy "O'tkan kunlar" romanida kundoshlik tufayli butun bir oila boshiga tushgan fojialarni juda ta'sirchan tasvirlab bergani nahotki saboq bo'lmagan bo'lsa?
Axir, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan "nikoh"dan tug'ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo'ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo'yicha ular ko'pgina huquqlardan mahrum bo'lib qoladi. Xususan, otalikni belgilash, tug'ilganlik to'g'risida guvohnoma olish, meros huquqi, o'sib-ulg'ayganidan keyin bog'chaga, ta'lim muassasalariga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo'ladi.
Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo'lib, turli ma'naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o'zini jamiyatning to'laqonli a'zosi deb his etolmaydi.
Hurmatli imom-xatiblar, sizlar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatni ko'rmasdan turib, turli boyvachchalarga shar'iy nikoh o'qib berayotganingizda mana shunday ishingiz oilalarga qanday baxtsizlik, jamiyatga qanday katta muammo olib kelayotganini loaqal tasavvur qilasizlarmi o'zi?!
Hozirgi kunda hayotimizda avj olayotgan ana shunday xunuk, yaramas holatlarga chek qo'yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Bu qonunda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatga ega bo'lmagan shaxslarga shar'iy nikoh o'qigan har qanday mullaga, agar u vallomat bo'lsayam, jinoiy jazo berish ko'zda tutiladi.
Oltinchidan, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda jamoatchilik nazoratini tizimli yo'lga qo'yish eng maqbul yo'ldir. Bu – jahon tajribasida sinovdan o'tgan yo'l.
Davlat qachon o'z vazifasini muvaffaqiyatli ado etadi? Qachonki davlat idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazorati o'rnatilgan bo'lsa.
Afsuski, hozirgi kunda jamoatchilik nazoratining ta'siri amalda sezilmayapti. Odamlar orasida haligacha boqimandalik kayfiyati hukm surmoqda. Davlat bor-ku, boqsin-da, degan kayfiyatlardan, afsuski, to'liq qutula olmayapmiz.
Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish bo'yicha Prezidentning davlat maslahatchisi rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi keyingi paytda qariyb barcha hududlarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni o'rganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Lekin shuning o'zi yetarli emas. Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, ana shu muammolarni birgalikda yechmasak, chetdan kelib hech kim ularni hal qilib bermaydi.
Hammangiz bilasiz, hozirgi paytda biror-bir tashkilotga bitta qo'shimcha shtat berish qanchalik qiyin. Ammo biz jamiyatimiz, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini o'ylab, ichki ishlar tizimi, "Mahalla" va "Nuroniy" jamg'armalariga, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatiga, Xotin-qizlar qo'mitasiga qo'shimcha shtatlar berdik, ularning ish sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirdik.
Endi ulardan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning natijasi bo'yicha, jumladan, adashganlarni to'g'ri yo'lga solish bo'yicha amaliy ishlarni kutishga haqlimiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Bugungi uchrashuvimizdan foydalanib, sizlar bilan yana bir masala haqida fikrlashib olmoqchiman.
Sizlarga yaxshi ayonki, mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida dinimiz ravnaqi yo'lida beqiyos xizmat qilgan buyuk aziz-avliyolar, alloma zotlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmualari, ilmiy markazlar faoliyat ko'rsatmoqda. Ularning qoshida islom dinining alohida yo'nalishlari bo'yicha ilm olishga, mutaxassis bo'lishga tayyorlab boradigan ilmiy maktablar tashkil etsak, nima deysizlar?
Masalan, Samarqandda – Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg'onada – Marg'inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o'ylaymanki, bu juda foydali bo'ladi.
Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog'lom e'tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo'lib xizmat qiladi.
Kuni kecha Imom Buxoriy bobomiz yodgorlik majmuasida bo'lganimda bu masalaning naqadar muhim va dolzarb ekanini ayniqsa chuqur his etdim.
Ayni vaqtda O'zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati samaradorligini oshirish, uning tasarrufidagi tashkilotlar va imom-xatiblarga qulayliklar yaratish uchun quyidagi masalalarni ko'rib chiqishimiz zarur, deb o'ylayman.
Birinchidan, O'zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimidagi masjid va ta'lim muassasalarining notijorat tashkilot sifatida faoliyat yuritishini inobatga olib, ular tomonidan to'lanadigan yagona ijtimoiy to'lovning miqdorini qayta ko'rib chiqish zarur.
Ikkinchidan, O'zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi qoshida faoliyat ko'rsatayotgan imom-xatiblar malakasini oshirish o'quv markazining faoliyatini kuchaytirish, uning ilmiy salohiyatini, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo'yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishimiz va amalga oshirishimiz zarur.
Uchinchidan, mamlakatimizda ma'rifiy yo'nalishdagi nashrlarga berilgan imtiyozlarni O'zbekiston musulmonlari idorasining "Hidoyat" jurnali va "Islom nuri" gazetasi hamda diniy-ma'rifiy nashrlar uchun ham joriy etib, ularga ham soliq va majburiy ijtimoiy to'lovlar bo'yicha belgilangan imtiyozlar berish adolatdan bo'ladi, deb o'ylayman.
To'rtinchidan, "O'zbekiston" telekanali orqali beriladigan "Hidoyat sari" ma'rifiy dasturi va "Ziyo" studiyasi ko'rsatuvlarini, o'ylaymanki, yurtimizda ko'pchilik katta qiziqish bilan tomosha qiladi. Ana shu ko'rsatuvlar ijodkorlarining samarali mehnatini inobatga olib, ularni bundan buyon ham qo'llab-quvvatlaymiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Yurtimiz ostonasiga bostirib kelayotgan yovuz xavf-xatarlarning oldini olish, ularga ma'rifat bilan qarshi kurashishda, hech shubhasiz, dinu diyonatimiz yo'lida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz, muhtaram domla-imomlarimiz, barcha diniy xodimlarning o'rni va ta'siri beqiyos.
Sizlar inson tug'ilganida chaqaloqqa azon aytishdan to uni so'nggi yo'lga kuzatishgacha – bir umr u bilan birga bo'lasizlar. Ya'ni, hayotimizdagi barcha yaxshi-yomon kunlarda doimo biz bilan birgasiz.
Biz sizlarning odamlarni mehr-oqibatga, halollikka chaqirish, yoshlarni axloq-odob ruhida tarbiyalash, oilalar, mahallalarda tinchlik, hamjihatlik muhitini mustahkamlash bo'yicha olib borayotgan savobli ishlaringiz uchun barchangizdan minnatdormiz.
Ayni paytda bugun zamon shuni talab qilyaptiki, bu boradagi faoliyatimizni yanada kuchaytirmasak, uning samarasini oshirmasak, shuncha qilgan sa'y-harakatlarimiz bekor ketadi. Bundan buyon har bir imom-xatib faoliyatiga u ish olib borayotgan tumandagi diniy vaziyatga qarab baho beriladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Shayxontohur tumani va Andijon viloyati faollari bilan bo'lgan uchrashuvda muhokama qilingan masalalar va ularning yechimi bo'yicha boshlangan ishlarni mamlakatimiz miqyosida keng targ'ib etish maqsadga muvofiq, deb o'ylayman.
Men o'zim ko'p joylarda eshitaman, imom-xatiblarimizning ma'ruza va suhbatlari, afsuski, ko'pincha faqat tor diniy mavzu bilan cheklanib qoladi.
Holbuki, odamlarimizda shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg'usini, sog'lom e'tiqodni kuchaytirishga asos beradigan juda ko'p misollarni bugungi hayotimizdan istagancha keltirish mumkin.
Misol uchun, birgina "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi doirasida 300 dan ziyod chora-tadbir belgilangan bo'lib, ularning ijrosi uchun 37,7 trillion so'm va 8,3 milliard AQSh dollari miqdorida mablag' sarflash ko'zda tutilgan.
Dastur doirasida 2017-yilda qishloq joylarda 15 mingta yangi namunadagi arzon, takror aytaman, arzon uy-joylar barpo etiladi. O'zingiz yaxshi tushunasiz, bu dunyoda uyga muhtoj bir odamga boshpana qurib berish ham dinimizda katta savob ish deb baholanadi.
Shu ma'noda, bunday olijanob an'analar xalqimiz hayotida hech qachon to'xtab qolmagani, davlatimiz tomonidan bugungi kunda yanada keng miqyosda davom ettirilayotganini aytib o'tish joiz, deb o'ylayman.
Yurtimizda tadbirkorlik sohasida yaratilayotgan qulay sharoitlardan foydalanib, yoshlarni o'z mustaqil ishini ochishga da'vat qilish – bu ham dinimiz buyurgan yaxshi amallardan biri.
"Diling – Ollohda, qo'ling – mehnatda bo'lsin" degan da'vat buyuk Bahouddin Naqshband bobomiz tomonidan ayni shu maqsadda aytilgan, desak, o'ylaymanki, adashmagan bo'lamiz.
Mana, bu yil qishloq joylarda yana bir ibratli tajribani boshladik. Ya'ni, g'alladan bo'shaydigan 1 million 15 ming gektar yerda takroriy ekinlar ekish uchun ruxsat beryapmiz. Bu o'tgan yilga nisbatan ikki barobar ko'p. Maqsad – yer bekor turmasin, odamlar daromad olsin.
Albatta, bunday misollarni yana ko'plab keltirish mumkin.
Bularning barchasi xalqimiz uchun, uning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qaratilganini anglash albatta qiyin emas.
Eng muhimi, ular muqaddas dinimiz da'vat etadigan ezgu ishlarga har tomonlama uyg'un va hamohang ekanini siz, azizlar ayniqsa chuqur tushunasiz va qadrlaysiz, deb o'ylayman.
Aziz do'stlar!
Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug'aniyevich Karimov tomonidan mamlakatimiz mustaqilligini barcha sohalarda mustahkamlash, xususan, muqaddas dinimizni tiklash, uning pokligini saqlash, jamiyatimizda diniy bag'rikenglik, millatlar o'rtasida do'stlik va hamjihatlik muhitini qaror toptirishda ulkan ishlar amalga oshirilganini barchamiz yaxshi bilamiz.
Bugun, Olloh roziligi yo'lida, xalqimizning ulug' farzandi Islom Karimov xotirasiga bag'ishlab yurtimizning barcha viloyatlarida iftorlik marosimlari tashkil etilmoqda.
Shu fursatdan foydalanib, siz, azizlarning barchangizni kechki payt "Navro'z" majmuasiga taklif etishga ijozat bergaysiz. Tutgan ro'zalaringiz dargohida qabul bo'lsin.
Qadrli va muhtaram vatandoshlar!
Biz o'z yo'limizda qanday xavf-xatarga duch kelmaylik, uni faqat mustahkam irodamiz, dinu diyonatimiz bilan yenga olamiz.
Biz qanday marraga erishmoqchi bo'lsak, unga faqat ona yurtimizga mehr-muhabbat, sadoqat va fidoyilik bilan erishamiz.
Biz erkin va farovon kelajagimizni qurmoqchi bo'lsak, faqat mard va olijanob xalqimiz bilan birga barpo etamiz.
Ishonchim komil, bu haqiqatni bugun barchamiz chin yurakdan his qilib turibmiz. Istardimki, shu buyuk tuyg'u amaliy ishlarimiz, faoliyatimizda asosiy mezon bo'lsin.
Shu yo'lda Olloh taolo barchamizga doimo madadkor bo'lsin, kuch-g'ayrat ato etsin!
E'tiboringiz uchun rahmat.