Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Vladimir Putin Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi

16455 7-Sentyabr, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 110 Kb)


O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasini yod etish marosimlari davom etmoqda. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 6 sentyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev kutib oldi. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev hamrohligida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. 

Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo'ydilar va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. 

Rossiya Federatsiyasi rahbari Samarqand shahridagi Forumlar majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova va qizi Lola Karimova-Tillaevaga chuqur hamdardlik izhor etdi. 


Forumlar majmuasida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo'lib o'tdi. 

O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi hamkorlik 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to'g'risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnoma asosida izchil rivojlanib bormoqda. 

O'zaro hamkorlik keng ko'lamli va samarali bo'lib, hukumatlararo va idoralararo aloqalar oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim omil bo'lmoqda. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. 

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga xalqimizning ardoqli farzandi, O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini yod etish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tashrif Vladimir Putinning Islom Karimovga, O'zbekiston xalqiga yuksak hurmatidan dalolat berishini qayd etdi. O'zbekiston Islom Karimov va Vladimir Putin asos solgan mamlakatlarimiz o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini davom ettirishi va yanada mustahkamlashini alohida ta'kidladi. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov O'zbekiston uchun, o'z xalqining farovonligi uchun ulkan ishlar qilgani, eng murakkab paytlarda ham tinchlik va barqarorlikni ta'minlagani, bu mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilganini alohida ta'kidladi. Rossiya davlatlarimizning o'zaro hamkorligini davom ettirish va rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi. 

Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o'rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Shu bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O'zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali