"Wirtgen" kompaniyasi vakillari ishtirokida seminar
"O'zavtoyo'l" DAKda Germaniyaning
"Wirtgen International GmbH" kompaniyasi vakillari ishtirokida seminar bo'lib o'tdi.
Mazkur seminardan ko'zlangan asosiy maqsad - avtomobil yo'llarini qurish va saqlash
ishlarida qo'llaniladigan zamonaviy innovatsion texnologiyalar va uskunalar bilan
tanishish hamda kompaniya tizimida mehnat qilayotgan yo'lsozlar va ularning nemis
hamkasblari o'rtasida yo'lga qo'yilgan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iboratdir.
Ma'lumot o'rnida shuni aytish lozimki,
"Wirtgen International GmbH" kompaniyasi – mashinasozlik sanoatida faoliyat olib
boradigan xalqaro "Wirtgen Group" kompaniyalar guruhining tarkibiy qismi hisoblanib,
uning 2014 yildagi umumiy mablag' aylanmasi 2,01 milliard yevroni tashkil etgan.
Xalqaro "Wirtgen Group" kompaniyalar guruhiga
bundan tashqari "Vogele", "Hamm", "Kleemann" va "Benninghoven" kabi yirik
kompaniyalar ham a'zo. Ularning
bosh ofisi Germaniyada, qo'shimcha ishlab chiqarish markazlari esa Braziliy, Xitoy
va Hindistonda joylashgan.
Zavodlardagi yo'l qurilishiga ixtisoslashgan mashinalarni
loyihalashtirishdan torib, ularni yig'ish hamda sifatini tekshirish - korxonalarning
o'zida o'rnatilgan maxsus texnik tizimlar yordamida nazorat qilinadi va bunda jahon
standartlaridagi zamonaviy sifatga alohida urg'u qaratiladi.
Bo'lib o'tgan seminar davomida "Wirtgen
International GmbH" kompaniyasi vakillari tomonidan yangi texnologiya va innovatsion
loyihalar asosida tsement-beton qorishmasini tayyorlash va yotqizish, asfalt-beton
qorishmasini mustahkamlash, resayklerlardan foydalanish kabi mavzularda ma'ruzalar
qilindi. Shuningdek, kompaniyaning yangilangan mahsulotlar tizimi haqidagi ko'rgazmali
namoyishlar tashkil etildi.
Seminar yakunlari bo'yicha o'zbek
va nemis kompaniyalari rahbariyati o'rtasida bo'lib o'tgan uchrashuvda tomonlar
yo'l qurilishi borasidagi kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan,
O'zbekistonda hozirgidek foydali tadbirlarni tashkil etish, bundan tashqari o'zbek
yo'lsozlarini Germaniyaga tajriba almashish uchun yo'llash, yo'l sanoati rivojlangan
bu mamlakatdagi asfal-beton va tsement-beton asosga ega bo'lgan avtomobil yo'llarini
qurish va saqlash borasida yo'lga qo'yilgan an'analarni o'rganish masalalari bo'yicha
bundan buyon ham muzokaralar o'tkazishga tayyor ekanliklarini ma'lum qilishdi.
"O'zavtoyo'l" DAK matbuot xizmati