Xalqimiz farovonligini yuksaltirish, turmush sharoitini yanada yaxshilash – asosiy vazifamizdir
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni poytaxtimizning Shayxontohur tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Istiqlol yillarida poytaxtimiz o'zgacha tarovat va zamonaviy qiyofa kasb etdi. Bir-birini takrorlamaydigan ma'muriy binolar, turar joylar, keng va ravon ko'chalar, zamonaviy ko'priklar, muhtasham savdo majmualari, bozorlar bunyod etildi.
Prezidentimiz Shayxontohur tumanidagi "Suzuk ota" maqbarasi va jome' masjidida bo'ldi.
Mamlakatimizda vijdon erkinligi, diniy bag'rikenglik tamoyillarini ta'minlash, ularning qonuniy asoslarini yaratish va rivojlantirish masalalariga alohida ahamiyat berilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida milliy urf-odat va qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas dinimizni, aziz avliyolar va ulamolarimizning boy merosini o'rganish, ularning qadamjolarini obod qilish, tarixiy obidalarni asrab-avaylash yo'lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Suzuk otaning ismi Mustafoqul bo'lib, 1140-yilda tavallud topgan. U Ahmad Yassaviy qizi Gavhari Hushtojning kenja o'g'li bo'lgan. Bolalik chog'ida bobosi u kishini erkalab "Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!", degani bois atrofdagilar ham uni shu ism bilan chaqira boshlagan. Suzuk ota yuzlab shogirdlarga ilm berib, hunarga, halol mehnatga o'rgatgan. 1363-1364-yillarda buyuk bobokalonimiz Amir Temur Yassaviyning nabirasi Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettirgan.
Mustaqillik yillari bu muqaddas qadamjo qayta tiklanib, obodonlashtirildi. "Suzuk ota" mahalla fuqarolar yig'inida besh mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallada hunarmandlik, duradgorlik, o'ymakorlik rivojlangan.
Bunday masjid va maqbaralar ma'naviyatimizni yanada yuksaltirishga, yurtimizda ezgulik nurini ziyoda etishga xizmat qilishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Bu yerda ham hunarmandlar markazi va kutubxona tashkil etish lozim.
Prezidentimiz mutasaddilarga maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo'yicha topshiriqlar berdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, milliy qadriyatlarimizni tiklash, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, kelajagimiz egalari bo'lgan barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi sa'y-harakatlar, keng ko'lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari samarasi barchamizga cheksiz faxr-iftixor baxsh etmoqda.
Shavkat Mirziyoyev "Toshkent issiqlik markazi" aksiyadorlik jamiyatining 3-issiqlik markazida bo'ldi. Mazkur issiqlik markazi 1970-yillarda qurilgan bo'lib, tumandagi 937 obyektga issiqlik quvvati yetkazib beradi.
Bugungi kunda qozonxona va tarmoqlar texnik va ma'naviy eskirgani, markaziy qozonxonalar iste'molchilardan uzoq masofada joylashgani sababli issiqlik yetkazib berishda ayrim muammolar yuzaga kelmoqda. Toshkent shahrini to'liq energiyatejamkor lokal qozonxonalarga o'tkazish zarur, dedi Prezidentimiz.
Shu yerda Shayxontohur tumanida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bo'lib o'tdi.
Tijorat banklari aholiga bank xizmatlari ko'rsatish bilan birga, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, daromadini oshirish, ish bilan ta'minlashda ham samarali ishlar olib bormoqda. Taqdimoti o'tkazilgan loyihalarda ana shunday masalalar o'z ifodasini topgan. Unda tijorat banklari tomonidan aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma'lumotlar keltirildi. Loyihalarda yaratiladigan ish o'rinlariga qarab kreditning yillik stavka foizi pasayib boradi. Bitta ish o'rni yaratgan tadbirkor uchun 9 foiz, ikkita ish joyi yaratganlik uchun 8 foiz, beshta va undan ortiq ish o'rni yaratgan tadbirkorning kredit stavkasi 6 foiz qilib belgilanadi.
Bu loyihalardan maqsad xalqimiz farovonligini oshirish va turmush sharoitini yanada yaxshilashdir. Shuning uchun har bir loyihani sifatli va o'z vaqtida bajarishga alohida e'tibor berish kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Joriy o'quv yilida tumandagi 9 kasb-hunar kollejini 4,5 mingdan ko'proq o'quvchi tamomlaydi. Ularning aksariyati bilan to'rt tomonlama shartnoma tuzilgan, bitiruvchilar iqtisodiyot kompleksiga kiruvchi tashkilotlarda amaliyot o'tamoqda.
Tumandagi kollejlarda o'quvchilar qaysi sohalar bo'yicha o'qishni tamomlayotgani, kredit olib o'z tadbirkorligini boshlamoqchi bo'lgan yoshlar haqida ma'lumot berildi.
Davlatimiz rahbari bitiruvchilarning birontasi ham bo'sh qolmasligi, ularning ishga joylashishini qat'iy nazoratga olish zarurligini ta'kidladi.
Tumanda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan ko'p tarmoqli sanoat klasteri istiqbolli loyiha sifatida baholandi.
Shayxontohur tumanida sanoatni yanada rivojlantirish kerak, dedi Prezidentimiz. Buning uchun sohani atroflicha o'rganish va chet ellik investorlarni jalb qilish zarur.
Tashkil etilayotgan klasterda trikotaj, farmatsevtika, charm-poyabzal, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga keng o'rin beriladi. 2 ming ish o'rni yaratilishi ko'zda tutilgan loyihaning umumiy qiymati 250 million dollarni tashkil qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan moliyalashtirilayotgan qog'oz ishlab chiqarish loyihasida qog'oz mahsulotlariga bo'lgan ehtiyoj, joriy qilinayotgan zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyasi haqida ma'lumot berildi.
Mamlakatimizda xususiy tibbiyot tarmog'i ham jadal rivojlanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-apreldagi "Sog'liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bu borada muhim bosqichni boshlab berdi. Shayxontohur tumanida amalga oshiriladigan loyihalarda bu sohaga ham alohida e'tibor qaratilgan.
"Trust medikal centre" mas'uliyati cheklangan jamiyati ochayotgan tibbiy markazga rivojlangan davlatlardan yuqori sifatli jarrohlik uskunalari keltirib o'rnatilmoqda. Joriy yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan mazkur klinikada 60 ish o'rni yaratiladi.
"Zangiota zam-zam" MChJ "Savdogarbank" kreditlari evaziga otoloringologiya va ginekologiya sohasida zamonaviy tibbiy xizmat ko'rsatish bo'yicha loyihaga qo'l urgan. 2018-yilning ikkinchi choragida to'liq ishga tushirilishi kutilayotgan loyihada 30 kishining bandligi ta'minlanadi.
Tumanda 2017-yilda sanoat va xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirish uchun kiritiladigan investitsiyalar haqida ham ma'lumot berildi.
Kimyo va neft-kimyo, qurilish materiallari, mebel va qog'oz, oziq-ovqat, to'qimachilik, farmatsevtika, charm-poyabzal, qandolatchilik, mehmonxona xo'jaligi, elektrotexnika sohalaridagi loyihalarga ajratiladigan kreditlar miqdori, yangi korxonalarda yaratiladigan ish o'rinlari haqida batafsil axborot berildi.
Shavkat Mirziyoyev Beltepa va Jarariq ko'chalari kesishgan joyda barpo etilayotgan ko'ngilochar istirohat bog'i qurilishini ko'zdan kechirdi.
Mazkur bog' konsepsiyasida milliy me'morlik an'analari va zamonaviy shaharsozlik talablari uyg'unligiga alohida e'tibor qaratilgan. Bog' hududi 10 gektar bo'lib, bu yerda ko'ngilochar maskanlar, zamonaviy attraksionlar, qishki bog', charxpalak, musiqali favvoralar, skeytbord va chang'i uchish joylari, velosiped yo'laklari, bog' bo'ylab dor yo'li, kafelar, 5 qavatli avtomobillar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan.
Ushbu bog'dagi yopiq ko'ngilochar maskanlar yilning to'rt faslida ham odamlar hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyat yaratadi. Bog' hududiga quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan yoritish ustunlari va zamonaviy soyabonlar o'rnatiladi.
Hudud musaffoligini ta'minlash maqsadida boqqa kashtan, qarag'ay, yapon saforasi, magnoliya, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar, turli butalar ekiladi.
Istirohat bog'ida ommaviy tomoshalar, konsert dasturlari, ko'rgazma, sport musobaqalari va boshqa turli tadbirlar o'tkazish imkoniyati yaratiladi. Turli hunarmandlik, sport to'garaklari, mahorat darslari tashkil etiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun birinchi bosqichda 18 million dollar, ikkinchi bosqichda 22 million dollar mablag' o'zlashtirilishi mo'ljallanmoqda.
Bog'ning birinchi bosqichini 2018-yilda, ikkinchi bosqichini 2019-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bog' to'liq ishga tushgach, 350 kishi ish bilan ta'minlanadi.
Davlatimiz rahbari bog' loyihasi bilan tanishar ekan, mazkur maskan poytaxtimiz aholisi va mehmonlarining sevimli dargohlaridan biri bo'lishi, odamlar hordiq chiqarishi uchun barcha zarur qulayliklar, atrof-muhit musaffoligini ta'minlaydigan infratuzilma barpo etish lozimligini ta'kidladi.
Bizning asosiy vazifamiz – odamlarning samarali mehnati va ko'ngilli dam olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iborat, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu yerda sayr qilish uchun imkoniyat yaratish va turli attraksionlar o'rnatish bilan cheklanmay, bu maskanni katta-yu kichik uchun sevimli hordiq maskaniga aylantirish zarur.
Mutasaddi rahbarlarga qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish, obodonlashtirish ishlarida manzarali daraxt va butalarni ko'proq ekish bo'yicha zarur ko'rsatmalar berildi.
Prezidentimiz ko'rsatmasiga muvofiq poytaxtimizda bunyod etiladigan Qoraqamish istirohat bog'i, "Eski shahar" savdo markazi, ko'p qavatli turar joylar, talabalar milliy ilmiy-ma'rifiy markazi, Islom madaniyati markazi loyihalari yanada takomillashtirildi.
Islom Karimov ko'chasida 3,5 ming o'rinli Universal sport saroyi, Maxtumquli ko'chasida Ashxobod bog'i, Shayxontohur tumanida zamonaviy savdo markazi, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy bog'ida Yozuvchilar uyushmasi binosini qurish bo'yicha loyihalar ishlab chiqildi.
Ushbu loyihalar qurilishini tezlashtirish bo'yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz raisligida Davlat soliq qo'mitasi binosida o'tgan yig'ilishda Toshkent shahri va tumanlar hokimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, poytaxt jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Unda davlatimiz rahbari asos solgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylardagi Xalq qabulxonalari xalq bilan muloqotning noyob tizimiga aylangani, turli masalalarga o'z vaqtida yechim topilib, odamlarni rozi qilayotgani ta'kidlandi. 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko'tarishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Yig'ilishda aholiga barcha zarur sharoitlar yaratish, yangi ish o'rinlari tashkil etish, kommunikatsiya tizimlarini yangilash, hududlarni obodonlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va boshqa dolzarb masalalarga alohida e'tibor qaratildi.