Yangi tashabbus va keng imkoniyatlardan samarali foydalanish – barqaror iqtisodiyot va yuqori daromad manbai
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 6 may kuni Fargʻona viloyatiga keldi.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yili 12-13 iyun kunlari viloyatga tashrifi chogʻida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Shu davr mobaynida mazkur masalalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.
2018 yilda viloyatga 152,7 million AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Natijada qoʻshma korxonalar soni 80 taga koʻpayib, 283 taga yetdi. Joriy yil yanvar-mart oylarida 66 million dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, "Winchemical", "Listem-Fergana" kabi qoʻshma korxonalar ishga tushirildi.
Prezidentimiz dastlab Fargʻona neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi.
Mazkur korxona oʻz vaqtida Fargʻona vodiysidagi neft konlarini oʻzlashtirish va mintaqa davlatlariga neft mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida bunyod etilgan. U hozirgi kunda ham uglevodorod xomashyosini qayta ishlash boʻyicha mamlakatimizdagi yirik majmualardan biridir. 475 gektar yer maydoni, 52 ta texnologik obyekt uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
Lekin texnika va texnologiyalar eskirgani, ishlab chiqarish asosan importga bogʻliq boʻlgani sababli korxona keyingi oʻn yilda oʻzini oqlamayotgan edi. Yillik loyiha quvvati 6 million 450 ming tonna boʻlgani holda, ishlab chiqarish bor-yoʻgʻi 30 foizga tushib qolgandi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish vazifasini qoʻygan edi. Shunga muvofiq, 10 aprelda "Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident qarori qabul qilindi.
Modernizatsiya jarayoni Indoneziyaning "RT Trans Asia Resources" kompaniyasi bilan hamkorlikda uch bosqichda amalga oshiriladi. Sohada katta tajribaga ega jahon bozorida ushbu kompaniyaning oʻz oʻrni bor. Bu zavodni xomashyo bilan barqaror taʼminlash, uni jahon standartlari asosida qayta ishlab, ichki va tashqi bozorga yetkazib berishga xizmat qiladi. Kelgusida yetakchi xalqaro kompaniyalardan iborat boʻlgan konsorsium tashkil etish rejalashtirilgan.
Zavodga joriy yilning oʻzida kamida 300 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etiladi. Bu mablagʻ evaziga ikki oy davomida hozirda ishlamay turgan 11 qurilmaning 7 tasidan foydalanish tiklanadi. Buning natijasida 7 ming 100 ta ish oʻrni saqlab qolinadi. Shuningdek, zavod ikki barobar koʻproq xomashyo bilan taʼminlanadi. 2020 yildan boshlab "Yevro-4", "Yevro-5" kabi yuqori sifatli dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarishga erishiladi. Mahsulotlar tannarxi tushib, sifati oshirilishi natijasida viloyatning eksport salohiyati yanada yuksaladi.
Umuman, loyiha doirasida 2022 yilgacha kamida 875 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etiladi. Bu 60 yildan buyon ishlab kelayotgan Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi va 110 yillik tarixga ega Oltiariq neftni qayta ishlash korxonasini zamonaviy majmualarga aylantirish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Eng muhimi, yana koʻplab odamlar, ayniqsa, yoshlar ish bilan taʼminlanadi. Soliq tushumi oyiga qoʻshimcha 100 milliard soʻmga oshadi.
Shavkat Mirziyoyev zavod ishchilari va investorlar bilan suhbatlashdi.
Asosiy maqsad korxonani toʻliq quvvat bilan ishlatish, odamlarni ish bilan taʼminlash. Bu Fargʻona neftni qayta ishlash zavodining yangi davri boʻladi, dedi davlatimiz rahbari.
Zavodga xomashyo olib kelish, ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz Qoʻshtepa tumanidagi "Ipak gilamlar" korxonasida boʻlib, xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta muhim tashabbusdan soʻnggisi ayollarning bandligini taʼminlash orqali ularga toʻlaqonli turmush sharoiti yaratishga qaratilgan. Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun har bir tumanda yengil konstruksiyali tikuv-trikotaj korxonalari tashkil etish koʻzda tutilgan. Ushbu korxonalarga birinchi navbatda boquvchisini yoʻqotgan, turmushi ogʻir xotin-qizlar, shuningdek, koʻp bolali ayollar ishga jalb qilinmoqda.
Oʻtgan davrda tikuv-trikotaj korxonalariga ishga jalb qilingan ayollar qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitildi. Ularga oʻqish davomida stipendiya berildi, oʻqituvchilar oylik maosh bilan taʼminlandi.
Fargʻona viloyatida ham beshinchi tashabbus doirasidagi ishlar keng quloch yoymoqda. "Oʻzbekpaxtasanoat" AJ tomonidan joriy yilda viloyatda 7 ta, 2020 yilda 8 ta tikuv-trikotaj korxonasi tashkil etiladi. Natijada 4,5 mingta yangi ish oʻrni yaratilib, ayollar bandligi taʼminlanadi.
"Oʻzbekipaksanoat" uyushmasi tomonidan ham viloyatda mavsumiy va doimiy ish oʻrinlari yaratish moʻljallangan. Uyushma pilla yetishtirishdan tayyor mahsulot chiqarishgacha boʻlgan jarayonni klaster usulida tashkil etish orqali ipak mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishni rejalashtirgan. Uyushma tomonidan 2019 yilda viloyatda xotin-qizlarni kasanachilikka jalb etish orqali 30 ming ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.
Ahamiyatlisi, bir mavsum davomida pillakorlarga bir yillik mehnat staji yoziladi. Ilgari ularga na maosh toʻlangan, na mehnat staji yozilgan. Hozir ayollar buyurtma olib, uyida ishlash imkoniyatiga ega boʻldi. Bunday amaliyot mamlakatimizning barcha hududlarida joriy qilinmoqda.
"Ipak gilamlar" korxonasi Qoʻshtepa tumanidagi "Ismoiljon gilamlari" masʼuliyati cheklangan jamiyatining filiali boʻlib, bu yerda 200 nafar, jamiyat tarkibidagi 9 ta shunday korxonada jami 2 mingga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ushbu korxonalarda atlas, adras va shoyidan 300 ga yaqin turdagi tayyor mahsulot, 400 dan ortiq nusxadagi ipak gilamlar toʻqilmoqda.
Prezidentimiz ipak gilamlar eskizini tayyorlash va toʻqish jarayonini koʻzdan kechirdi, mahsulotlar sifati va xaridorgirligi bilan qiziqdi.
Ipakdan toʻqilgan gilamlarning noyobligi shundaki, yillar oʻtsa ham u xususiyatini yoʻqotmaydi, aksincha, rangi yanada ochilib boradi. Shuning uchun bunday gilamlarning oʻlchami kichik boʻlsa-da, jahon bozorida juda qimmat.
Davlatimiz rahbari qishloqda xotin-qizlar uchun yangi korxona tashkil etib, jahon standartlariga mos ipak mahsulotlar tayyorlanayotganiga yuksak baho berdi. Pillachilik klasterlarini tashkil etish boʻyicha Fargʻona tajribasini ommalashtirish, mahallalar huzurida 300-400 kishilik korxonalar, ularning oldida 1-2 gektarlik pillaxonalar ochish kerakligini taʼkidladi.
Bunday korxonalar ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan juda zarur. Birinchidan, yuzlab xotin-qizlar ish bilan taʼminlanadi. Ikkinchidan, yurtimizda bu sohada yaxshi anʼana, keng imkoniyat mavjud. Tashqi bozorga esa yoʻllar ochiq. Shuning uchun Xotin-qizlar qoʻmitasi tasarrufida ipakdan mahsulotlar tayyorlash boʻyicha klasterlar tashkil etish kerak. Shunda xomashyo yetkazish ham barqaror boʻladi, tannarx ham tushadi. Pilla boqishdan to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonda minglab xotin-qizlar ishlaydi. Ishlagan ayolning turmushi, dunyoqarashi, farzand tarbiyasiga eʼtibori ham boshqacha boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
"Ismoiljon gilamlari" masʼuliyati cheklangan jamiyati yil oxirigacha yana 15 ta toʻquv sexi tashkil etib, ishchilar sonini 4,5 mingtaga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Davlatimiz rahbari korxona faoliyatini yanada kengaytirish, bu yerni Fargʻona turizm yoʻnalishiga kiritish, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda uning rastalarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Ipak mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, uni tashqi bozorga arzon narxlarda yetkazish, xotin-qizlar uchun ish oʻrinlarini koʻpaytirish boʻyicha qaror loyihasi ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berildi.
Prezidentimiz Fargʻona shahridagi zamonaviy rentgen apparatlari ishlab chiqaradigan qoʻshma korxonada boʻldi.
Mamlakatimizda elektrotexnika sanoati jadal rivojlanib, yangi loyihalar ishga tushirilmoqda. Yaqinda faoliyat boshlagan Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi "Listem-Fergana" masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona shulardan biri. Bu nafaqat yurtimiz, balki mintaqada yuqori texnologiyali tibbiy texnika tayyorlaydigan yagona zavod hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili viloyatga tashrifi chogʻida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, zamonaviy diagnostika asbob-uskunalarini oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq bergan edi. Mazkur qoʻshma korxona ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir.
Shavkat Mirziyoyev korxona ishchi-xizmatchilari bilan muloqot qildi.
Ushbu zamonaviy qoʻshma korxona loyihasining umumiy qiymati 8 million dollar boʻlib, yiliga ikki turdagi 300 dona rentgen apparati ishlab chiqarishga moʻljallangan. Birinchi bosqich doirasida 35 kishi ish bilan taʼminlangan. Ayni paytda keyingi bosqichni hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar yana 100 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi.
"Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan" brendi ostida eksportbop mahsulotlar tayyorlash, avvalo, ichki bozor talablarini qondirish maqsadida qoʻshma korxonada yillik ishlab chiqarish quvvatini 500 donaga yetkazish, mahsulot turini 10 dan oshirish koʻzda tutilgan. Bu shu paytgacha katta valyuta evaziga import qilinayotgan tibbiy uskunalar oʻrnini toʻldirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli jihozlar bilan taʼminlash imkonini beradi.
Janubiy Koreyaning dunyoga mashhur "Listem" korporatsiyasi 1960 yilda faoliyat boshlagan, 12 xil rentgen apparati ishlab chiqaradi, ularni 75 ta mamlakatga eksport qiladi. Albatta, mazkur nufuzli korporatsiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Listem-Fergana" qoʻshma korxonasi ham tez orada dunyoda nom qozonadi.
Bunday deyishimizga toʻliq asos bor. "Listem-Fergana"da ishlab chiqarilayotgan rentgen uskunalariga hozirdanoq talab yuqori. Korxona toʻla quvvat bilan ish boshlagach, mahsulotning asosiy qismini eksportga yoʻnaltirish moʻljallangan. Mazkur mahsulotlar Oʻzbekiston bozori uchun noyob va innovatsion hisoblanadi. Bu nafaqat aholini diagnostika qilishda tibbiy yordam sifati va darajasini oshiradi, balki mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Fargʻona shahridagi 5-oilaviy poliklinika ushbu qoʻshma korxonaning ilk mijozi boʻldi. Bosh shifokor Feruza Madaliyevaning qayd etishicha, poliklinikaga korxonaning dastlabki "Smart-DR" raqamli rentgen apparati oʻrnatilgan. U boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan shunday uskunalardan uch barobar arzon, energiya tejamkor. Misol uchun, Fargʻonada ishlab chiqarilgan "Smart-DR" raqamli rentgen apparati 50 ming AQSH dollariga sotiladi. "Philips" kompaniyasining shunday rentgen apparati 144 ming dollar, "Siemens" konserniniki esa 168 ming dollar baholanadi.
"Smart-DR" raqamli rentgen apparatida soatiga 12-15 mijozni tekshiruvdan oʻtkazish mumkin. Tekshiruvdan oʻtish va xulosani olish uchun 3-5 daqiqa kifoya. Olingan tasvirlar kompyuter xotirasida 5 yilgacha saqlanadi. Bu, oʻz navbatida, kasallik dinamikasini kuzatishda muhim ahamiyatga ega. Yana bir muhim jihati, nurlanish darajasi 4-5 marta kamaytirilgan. Olinayotgan tasvirni internet orqali davolovchi shifokorga yuborish mumkin. Boshqa shifokorlar bilan masofadan turib konsilium qilish imkoniyati ham mavjud.
Davlatimiz rahbari aholi salomatligini mustahkamlashda, eng avvalo, toʻgʻri tashxis qoʻyish muhimligi, tibbiy jihozlarni yurtimizda ishlab chiqarish ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan yaxshi samara berishini taʼkidladi. Korxonada mahalliylashtirish darajasini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xodimlar malakasini yuksaltirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu yerda Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan "Fargʻonaazot" va "Qoʻqonsuperfosfat" aksiyadorlik jamiyatlarida azotli va fosforli oʻgʻit ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish, Vodil koʻmir konida koʻmir qazib chiqarish, toshdan ekologik toza qogʻoz ishlab chiqarishga oid rejalar, Fargʻona viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimotlari oʻtkazildi.
Jumladan, Fargʻona shahrida Janubiy Koreyaning JEI universiteti filialini ochish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 5,3 million dollar. Uning 3 million dollari xorijiy investorlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu yerda maktabgacha taʼlim muassasalari, mehmonxona, turizm va kosmetologiya sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash koʻzda tutilgan. 400 talaba tahsil oladigan filialni joriy yilda ochish moʻljallangan.
Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan "Qoʻqon" erkin iqtisodiy zonasida yiliga 10 ming dona "Hyundai" elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil etish rejalashtirilgan. 1000 ta ish oʻrni yaratiladi.
Prezident Fargʻona shahridagi "Temurbeklar maktabi"ni borib koʻrdi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari jangovar qudratini oshirish jarayonida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni kuchaytirish, harbiylarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugun armiya va harbiy taʼlim muassasalari oʻzlikni anglash, milliy gʻurur, mustahkam iroda maktabiga aylandi. Yosh askar va kursantlar uchun harbiy qasamyod qabul qilishdan avval Oʻzbekiston tarixi fani va "Temur tuzuklari" kitobi boʻyicha sinov oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Prezidentimizning 2017 yil 5 iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida"gi farmoni bu borada yana bir muhim qadam boʻldi. Buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning mardligi va vatanparvarligi, jasorati va adolatparvarligini yoshlarimizga oʻrnak qilish maqsadida mamlakatimizdagi barcha harbiy litseylarga "Temurbeklar maktabi" deb nom berildi.
Chunki har bir yigit-qiz, ayniqsa, harbiylik kasbini tanlagan yoshlar jonajon Vatanimiz tarixini, xalq qahramonlari, buyuk sarkarda va qoʻmondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan faxrlanishi kerak. Bu insonda milliy gʻururni, vatanparvarlik, fidoyilik tuygʻusini tarbiyalaydi.
Fargʻonadagi "Temurbeklar maktabi"da taʼlim-tarbiya ishlari shu asosda yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda bu yerda 437 oʻquvchi tahsil olmoqda.
Maktab yoshlarni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy bilim yurtlari va boshqa oʻquv muassasalariga aniq fanlarga chuqurlashtirilgan holda tayyorlashga ixtisoslashgan. Oʻquvchilar darsdan boʻsh vaqtini foydali oʻtkazishi uchun turli fan va sport toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Davlatimiz rahbari harbiy litseylarning nomi oʻzgarganini, endi uning mazmun-mohiyati, taʼlim sifati ham Temur bobomizga munosib boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
"Temurbeklar maktabi" yoshlar ham, ota-onalar ham havas qiladigan maskan boʻlishi kerak. Buning uchun ularning mavqei, saviyasi, bilim berish darajasi yuqori boʻlishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Temurbeklar maktablarini rivojlantirish boʻyicha yangi tizimni belgilab berdi. Unga koʻra, bu maktablarga yoshlar cheklangan miqdorda tanlab olinadi, oʻquvchilar zamonaviy axborot texnologiyalari va kamida ikkita xorijiy tilni puxta oʻrganadi, jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanib, har tomonlama barkamol, yoshlar orasida yetakchi boʻlib shakllanadi. Ushbu maktablar bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi.
Davlatimiz rahbari "Temurbeklar maktabi"da yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi, oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.
Shu yerda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan muloqot boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz ularni yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duo qildi.
"Temurbeklar maktabi"ga avtobus sovgʻa qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Fargʻona tumanidagi "Komiljon ota Mamajonov" fermer xoʻjaligida boʻlib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, agrar sohani rivojlantirishda ilgʻor tajriba va innovatsiyalarni, zamonaviy agrotexnik tadbirlarni qoʻllash, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksportini tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, koʻplab ish oʻrinlari yaratish imkonini berayotir.
2005 yili tashkil etilgan "Komiljon ota Mamajonov" fermer xoʻjaligi 72 gektarda dehqonchilik qiladi. Joriy yilda 31 gektar yerdagi gʻalladan 70 sentnerdan hosil olish va 135 million soʻm sof foyda koʻrish koʻzda tutilgan. Shunda davlat shartnoma rejasi 110 foizga bajariladi, fermer ixtiyorida 80 tonna don qoladi. Bundan xoʻjalikda mehnat qilayotgan 20 nafardan ortiq ishchi ham manfaatdor. Bundan tashqari, xoʻjalikda 7 gektar uzumzor, 14 gektar bogʻ tashkil etilgan. 9 gektarda chorva uchun ozuqa ekinlari, 11 gektarda esa sabzavotlar ekilib, parvarishlanmoqda.
Fermer xoʻjaligi aʼzolari gʻalladan boʻshagan 31 gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekishni rejalashtirgan. Yetishtiriladigan mahsulotning xaridori ham bor, sababi xoʻjalik eksportyor korxona bilan 20 tonna tashqi hamda 45 tonna ichki bozorga mosh sotish boʻyicha shartnoma tuzgan. Bundan esa 130 million soʻm foyda koʻriladi.
Shuningdek, xoʻjalik faoliyatini kengaytirish, daromadini oshirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun tijorat bankidan 1,8 million dollar kredit olinadi va 5 gektar maydonda limonchilik yoʻlga qoʻyiladi.
Dehqonchilikda qishloq xoʻjaligi texnikalarining ham oʻrni katta. Fermer xoʻjaligi hisobidagi "Keys", "Klass Dominator" kombaynlari, "Orion" haydov traktori, bogʻ qator orasiga ishlov beruvchi mini-traktor, ekskavator kabi texnika va agregatlar yer unumdorligi, ish samaradorligini oshirish, hosildorlikni koʻpaytirishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari shu yerda viloyat fermerlari bilan muloqot qildi. Joriy yilda suvdan omilkorlik bilan tejab foydalanish, dalaga takroriy ekinlarni toʻgʻri joylashtirish va hosildorlikni oshirish, urugʻ sifatini yaxshilash boʻyicha dolzarb vazifalar turganini taʼkidlab, mutasaddilarga bu borada zarur topshiriqlar berdi.
Mamlakatimizning barcha joylarida boʻlgani singari Fargʻonada ham hali foydalanilmagan imkoniyatlar koʻp. Ularni ishga solib, qoʻshimcha daromad topish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish mumkin. Buning uchun samarali harakat qilish, odamlarda tadbirkorlik faoliyatiga boʻlgan qiziqishni kuchaytirish, tomorqadan unumli foydalanish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerning oʻzida Prezidentimizga Fargʻona viloyatida 2019-2020 yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra, bogʻdorchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, issiqxona, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, paxtachilik klasterlari, logistika markazi tashkil etish, sovutgichli omborxonalar qurish kabi 493 loyihani hayotga tatbiq etish koʻzda tutilgan. Mazkur loyihalar amalga oshirilgach, 10 mingdan ziyod ish oʻrni yaratiladi.
Shuningdek, Quva hamda Oltiariq tumanlarida meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalarini tashkil etish, viloyatda 2019-2020yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida 2 ming gektar maydonda bogʻ va tokzorlar barpo etish, Oltiariq tumanidagi "Agro maks dolina" korxonasi tomonidan goʻsht yetishtirish va qayta ishlash klasterini tashkil etish, Qoʻqon shahridagi "Kokand milk quality" MCHJ tomonidan sutni qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha investitsiya loyihalari, joriy yilda innovatsion yutuqlarni amaliyotga joriy etgan holda veterinariya xizmatini rivojlantirish, Fargʻona shahrida "UZ-SEGANG" MCHJ tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport logistika markazi tashkil etish, Fargʻona vodiysida suv resurslarini boshqarish boʻyicha "Faza-2" loyihasi, parrandachilik va tuyaqush boqishni, chorvachilik va naslchilik ishlarini rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish loyihalari taqdimoti ham oʻtkazildi.
2019 yilda Quva tumani va Quvasoy shahrida 300 gektar gilos bogʻi, Oltiariq va Oʻzbekiston tumanlarida 200 gektar oʻrikzor va uzumzor tashkil etiladi. 2020 yilda qoʻshimcha 1500 gektar maydonda bogʻ barpo qilinadi. Buning uchun 38,6 million dollar mablagʻ sarflanishi rejalashtirilgan. Umuman, viloyat oziq-ovqat sanoatida 2019-2020 yillarda 703,4 milliard soʻm mablagʻ evaziga 81 ta loyiha amalga oshiriladi. 1 ming 500 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.