Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining uchrashuvlari

10057 21-Iyul, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 19 Kb)


Mamlakatimizga tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Peter Burian rahbarligidagi delegatsiya a'zolari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida, vazirlik va idoralarda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida uchrashuvlar o'tkazdi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashuvda O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik aloqalari iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va parlamentarizm kabi ko'plab yo'nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani alohida ta'kidlandi.

O'zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik Yevropa Ittifoqi uchun istiqbolli yo'nalishlardan biridir. Ikki tomon o'rtasida parlamentarizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida "O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi" parlament hamkorligi qo'mitasi tashkil etilgan. Tomonlar o'rtasida imzolangan Sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim doirasida ta'sis etilgan mazkur qo'mita parlamentarizm yo'nalishida o'zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan siyosiy muloqotni rivojlantirishga va barcha sohalardagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga katta e'tibor qaratadi. O'zbekiston YeI mamlakatlari bilan iqtisodiy, siyosiy, huquqiy yo'nalishlarda, qishloq xo'jaligi, energetika, transport, ta'lim, nou-xau, standartlashtirish va sertifikatlash, audit, narkotik moddalar nazorati kabi sohalarda, shuningdek, Afg'onistonda tiklash ishlarini amalga oshirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda, birgalikda turli qo'shma dasturlar amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasida qonun ustuvorligini ta'minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ta'lim kabi qator sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, bu borada o'zaro tajriba almashuvini faollashtirishga oid masalalar muhokama qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida bo'lgan muloqot chog'ida O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi parlamentlari o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirishga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.

– O'zbekiston nafaqat ikki tomonlama, balki mintaqaviy hamkorlik bo'yicha ham Yevropa Ittifoqining muhim strategik hamkoridir, – dedi Peter Burian. – O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi aloqalar ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ta'lim, parlamentarizm kabi qator sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Turli yo'nalishlardagi o'zaro munosabatlarni yanada ravnaq toptirish, o'zaro manfaatli yangi qo'shma dasturlarni amalga oshirish niyatidamiz. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida o'tgan uchrashuvda O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri etib belgilangani, inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlari amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar markazida bo'lib kelayotgani alohida ta'kidlandi. Bu borada nufuzli xalqaro tashkilotlar, xususan, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Inson huquq va manfaatlarini ta'minlash borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi.

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar va Moliya vazirliklarida ham muzokaralar o'tkazdi.

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali