Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

YO'LSOZLAR TOMONIDAN TABIIY OFAT OQIBATLARI BARTARAF ETILMOQDA

2825 5-May, 2022 Chop etish Yuklab olish (PDF 3574 Kb)


Keksalarimiz har doim duoga qo'l ochganda elu-yurtimizga tinchlik, fayzu – baraka so'rash bilan birga, o't va suv balosidan asragin, deb bekorga Allohga iltijo qilishmaydi. Ha albatta, ofat o'z nomi bilan tabiiy ofatda.


Yurtimizda bu yilgi bahor mavsumining seryog'in kelishini qariyalarimiz risq-ro'zimizning ko'p bo'lishi bilan bog'lashi bejiz emas. Bu albatta, xalqimizning dehqonchiligiga, choravachiligiga baraka berishi, yurtimizning farovon va xalqimizning boy bo'lishi demakdir.

Biroq bu yilgi bahor mavsumida tabiatning injiqliklari ko'p maratoba kuzatilmoqda. Buni hududlarda sodir bo'layotgan kuchli sel-toshqinlari oqibatida ham ko'rishimiz mumkin. Xususan, joriy yilning 4 may kuni Surxondaryo viloyatining ayrim hududlarida kuchli sel-toshqinlari bo'lishi natijasida viloyat hududidan o'tgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari va ulardagi ba'zi sun'iy inshootlarga zarar yetdi.

Jumladan, davlat ahamiyatiga molik Sariosiyo tumani hududidan o'tuvgan 4R-107 "Denov sh. - Xonjiza q. - Chosh q." avtomobil yo'lining 36-40 kilometrlar oralig'i sel-toshqin suvlari ta'sirida loyqa va boshqa tog' jinslaridan jiddiy zarar ko'rdi. Yo'lsozlarimizning tezkorlik bilan ko'rgan choralari tufayli yo'llar loyqa va tog' jinslaridan tozalanib, transport vositalari harakatyo'lga qo'yildi.

Shuningdek, Sherobod tumani hududidagi mahalliy ahamiyatga ega 4K-623 "M-39 avtoyo'li-Xo'jaulkan q.-"Chinor" dam olish maskani" avtomobil yo'lining 4 km. qismidagi suv o'tkazish inshooti ham sel-toshqini natijasida takroriy zarar ko'rdi. Natijada suv o'tkazish inshooti yaroqsiz ahvolga kelib, hozirgi vaqtda avtotransport vositalari harakatini ta'minlash maqsadida vaqtinchalik aylanib o'tish yo'li tashkil etilgan holda avtotransport vositalari harakati yo'lga qo'yildi.


Davlat ahamiyatiga molik 4R-101 "Jarqo'rg'on sh. - Kakaydi sh. - Lalmikor q. - Qo'shcheka q. - Tojikiston Respublikasi chegarasi" avtomobil yo'lining Sho'rchi tumani hududidan o'tuvchi 79 km qismida "Xushchekka" selgasidan o'tuvchi 30 p/m uzunlikdagi ko'prikning bir necha qoziqlari cho'kishi natijasida piyodalar o'tish joyi va unga tutash bo'lgan oraliq qurilmalarida ham cho'kishlar kuzatilgan. Hozirgi vaqtda ko'prikda harakat xavfsizligini ta'minlash choralari ko'rilib, yengil turdagi avtotransport vositalari harakatiga ruxsat berilgan.

Tabiiy ofat, Respublikamizning tog'li hududi hisoblangan Boysun tumanini ham chetlab o'tmadi. Tuman hududidan o'tuvchi 4R-105 "Darband q. - Boysun sh. - Elbayon q." avtomobil yo'lining 14 km qismidagi ikki ko'zli temir beton suv o'tkazish inshooti sel-toshqin suvlari natijasida jiddiy talofat ko'rib, natijada vaqtincha transport vositalari harakati to'xtab qolgan edi.


Ushbu avtomobil yo'liga xizmat ko'rsatuvchi Boysun tuman yo'llardan foydalanish unitar korxonasi ishchi-xizmatchilari sa'y-harakatlari va zudlik bilan ko'rgan tezkor choralari natijasida sel-toshqin suvlaridan zarar ko'rgan suv o'tkazish sun'iy inshootida qayta tiklash ishlari amalga oshirilib, ikki tasmali avtomobil yo'lining bir tasmasi orqali avtotransport vositalarning harakati tiklandi. Shuningdek, 4R-105 "Darband q. - Boysun sh. - Elbayon q." avtomobil yo'lining 20 km. qismida sel-toshqin suvlari oqibatida to'planib qolgan loyqa va boshqa tog' jinslaridan tozalanib, yo'l qatnov qismidagi noqulayliklar to'liq bartaraf etilib, avtotransport vositalarining harakati qayta tiklandi.

SEL OQIBATLARI ZOMINDA HAM BARTARAF ETILDI

Kuni kecha ya'ni, Zomin tumanining tog'li hududlarida kuzatilgan kuchli yog'ingarchilik natijasida "Pshag'or", "Achchi", "Qang'li" va "Sho'rcha" qishloqlaridan o'tgan soylarda sel suvlari kuchli oqimi kuzatildi.

Hodisa natijasida ko'p miqdordagi sel suvlari 4R34 "Jizzax - Zomin" avtomobil yo'lidagi quvurlarga sig'masdan ushbu yo'lning 25, 26, 27-kilometrlari ustidan ham toshib o'tdi.


Ushbu tabiiy ofatni bartaraf etish uchun zudlik bilan choralar ko'rilib, hududga 50 ga yaqin ishchi-xodimlar va 10 dan ortiq maxsus zamanoviy texnikalar jalb qilinishi va avtotransport vositalar uchun yo'ldagi noqulayliklarning bartaraf etilishi, harakat xavfsizligi ta'minlashiga xizmat qildi.

QAMCHIQ DOVONI QISQA MUDDATGA YOPILDI

Kecha ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali xabar berganimizdek,
A-373 "M-39 avtoyo'li-Guliston-Bo'ka-Angren-Qo'qon va Andijon orqali-O'sh" avtomobil yo'lining 205 va 206 kilometrlarida dovonda yog'ingarchilikning ko'p yog'ishi oqibatida tog' jinslarining ko'chkisi hosil bo'ldi va natijada soat 21:55 da "Qamchiq" dovonida ikki tomonlama avtotransportlar harakati vaqtinchalik to'xtatilgan edi.


Ushbu tabiiy ofat oqibatlarini "Qamchiqavtoyo'l" ixitosolashgan yo'llardan foydalanish korxonasi yo'lsozlari tomonidan zamonaviy texnikalarni jalb qilgan holda ko'rilgan tezkor tadbirlar natijasida magistral yo'lga qo'lab tushgan tog' jinslari korxonaning 20 dan ortiq zamonaviy maxsus texnikalar hamda 40 dan oshiq ishchi-xodimlarining sa'y-harakatlari bilan bartaraf etilib, dovonda tungi soat 00:20 larda ikki tomonlama avtotransport vositalarning harakati to'liq ta'minlandi.

Avtomobil yo'llari qo'mitasi

Matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali