Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Yo'lsozlarning matbuot anjumani

10535 1-Iyul, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 332 Kb)


2015 yilning 1 iyul kuni Milliy matbuot markazida "O'zavtoyo'l" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun "O'zbek Milliy avtomagistrali qurilishi: 2015 yilning yarim yillik natijalari va istiqbollar" mavzuida matbuot anjumani o'tkazildi.

Respublikadagi televidenie va radio, bosma OAV va axborot agentliklari muxbirlari qatnashgan anjumanda Kompaniya nomidan Boshqaruv raisi o'rinbosari Sh.Nazarov, shuningdek, barcha boshqarma va bo'linmalar rahbarlari ishtirok etishdi.

Respublikamizdagi jami avtomobil yo'llar tarmog'i 184 ming km uzunlikda bo'lib, undan 42654 kilometri – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari ("O'zbek milliy avtomagistrali" degan alohida tasnifga kiruvchi 2755 km yo'l ham shu tarkibda)dir. Bundan tashqari, ichki xo'jalik qishloq avtomobil yo'llari (67274 km), qishloq va shahar ko'chalari (61664 km), korxonalarga qarashli yo'llar (5462 km) hamda idoraviy inspektorlik yo'llari (6631 km) ham mavjud.

2007 yil oktyabrda qabul qilingan "Avtomobil yo'llari to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan "O'zavtoyo'l" DAKning asosiy faoliyati maxsus vakolatli organ sifatida aynan - umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarini rivojlantirish bo'yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, avtomobil yo'llari tarmoqlarini rivojlantirib, takomillashtirish istiqbollarini belgilash hamda avtomobil yo'llari sohasida yagona texnika siyosatini olib borish kabi vazifalarga qaratilgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 14 noyabrdagi 511-sonli Qaroriga asosan kompaniya tarkibida 13 ta hududiy yo'llardan foydalanish tashkilotlari, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo'llarini saqlashga ixtisoslashtirilgan 7 ta mintaqaviy ta'mirlash-foydalanish korxonalari, 161 ta tuman yo'l xo'jaligi pudrat ta'mirlash-foydalanish korxonalari faoliyat ko'rsatmoqda. Shuningdek, kompaniya tarkibida Avtomobil yo'llari ilmiy-tadqiqot instituti, qator o'quv markazlari, boshqa yo'l qurilish, maxsus burg'ulash-portlatish hamda sanoat korxonalari faoliyat ko'rsatib kelmoqda.


Kompaniyaning asosiy vazifasi - yuk va yo'lovchilarni yil davomida, kecha-yu kunduz, har qanday ob-havo sharoitida avtomobil yo'li orqali uzluksiz va xavf-xatarsiz transport qatnovini ta'minlash, avtomobil yo'llari va uning elementlarini texnik soz holatda saqlashdan iborat.

Avtomobil yo'llarini ta'mirlash, yangilarini qurish va ularni jahon andozalariga moslashtirish bo'yicha kompaniya oldiga qo'yilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash uchun har besh yilda mamlakat miqyosida qabul qilinayotgan Investitsion dasturlarning ahamiyati ulkan bo'lmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 6 martda qabul qilingan "2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi to'g'risida"gi PQ-2313-sonli qarori mamlakatimizdagi yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun dasturilamaldir.

Bu Qaror bilan 2015-2019 yillarda "O'zbek milliy avtomagistrali" tarkibiga kiruvchi respublikadagi avtomobil yo'llari qismlari va umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini qurish hamda rekonstruktsiya qilish, shuningdek, yo'l tashkilotlarining ishlab chiqarish bazalarini texnik rivojlantirish chora-tadbirlarining manzilli ro'yxati tasdiqlangan. Unga ko'ra, 2015-2019 yillar davomida umumiy hisobda – 2699,8 km uzunlikdagi yo'llarda qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari ko'zda tutilgan.

Shuningdek, qarorda 4 ming kilometrdan ziyod xo'jaliklararo yo'llar, qariyb 2 ming kilometr shahar, qishloq va tuman markazlari ko'chalari ta'mirlanishi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini joriy ta'mirlash va saqlash maqsadlari uchun jami 993 dona jixozlar va yo'l-qurilish texnikalarini xarid qilish ham belgilab berilgan.

Investitsiya dasturlariga asosan joriy – 2015 yilda 376,1 km uzunlikdagi avtomobil yo'llarini qurish va to'liq ta'mirlash ko'zda tutilgan bo'lib, o'tgan yarim yil mobaynida 116,7 km yo'llar yangidan qurildi va rekonstruktsiya qilindi, 34,9 km avtomobil yo'llari to'la ta'mirlandi. Jumladan, Surxondaryo viloyatida 31 km, Buxoro viloyatida 26 km, Qashqadaryo viloyatida 22,7, Qoraqalpog'iston Respublikasida 15,5, Toshkent viloyatida 10 km avtomobil yo'llari qayta qurilib, rekonstruktsiya qilingani haqidagi va boshqa hududlardagi ko'rsatkichlarni misol tarzida keltirish mumkin.

"O'zavtoyo'l" DAK oldiga qo'yilgan asosiy vazifalardan yana biri – avtomobil yo'llarini soz holatda saqlash va ularni joriy ta'mir qilishdir.  Joriy yilning o'tgan yarim yili mobaynida mamlakatimizdagi 670 km avtomobil yo'lida joriy ta'mir va saqlash ishlari olib borildi. Ya'ni boshqacha aytganda, yo'llarda hosil bo'lgan chuqurlarni yamash, temir-beton to'siqlarni yangilash, obodonlashtirish, eskirgan yo'l belgilari va ko'rsatkichlarini yangisiga almashtirish kabi va boshqa ishlar amalga oshirildi. Misol tariqasida Samarqand viloyatidagi M-39 "Almati-Bishkek-Toshkent-Termiz" avtomobil yo'lining 1037-1135 kilometrlari, M-37 "Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi" avtomobil yo'lining 0-147 kilometrlari oralig'ida, Toshkent viloyatidagi 4K-700 "Toshkent-O'nqo'rg'on-Yonariq" avtomobil yo'lining 2-6 kilometrlari va 4R6 "Toshkent shahri-Chirchiq shahri-Chimyon qishlog'i" yo'nalishidagi avtomobil yo'lining 56-66 va 76-92 kilometrlari oralig'ida, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Buxoro viloyatlari va Urganch shahridagi ishlarni aytib o'tish mumkin. Xususan, kompaniya tizimidagi korxonalar tomonidan Urganch shahridagi umumiy uzunligi 14,1 km ga teng bo'lgan 11 ta ko'cha qaytadan qurildi.


Qo'shimcha tarzda shuni aytish kerakki, erishilayotgan natijalarda kompaniya tizimidagi korxonalarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish doirasida o'tgan 2014-2015 yillar davomida xarid qilingan - jami 536 dona turli rusumdagi zamonaviy yo'l qurilish texnikalarining ham o'rni sezilarli darajada bo'lmoqda.

Matbuot anjumanida yuqoridagi ma'lumotlardan tashqari ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan boshqa talay savollarga javob berildi.

"O'zavtoyo'l" AK matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali