Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Yo'lsozlarning Qashqadaryodagi faoliyati

11437 6-Oktyabr, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 105 Kb)


Qashqadaryo viloyatida avtomobil yo'llarini ko'ngildagidek saqlash, ularni ta'mirlash va qayta qurish bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada esa "O'zavtoyo'l" AKning viloyatdagi bo'linmasi jamoasi jonbozlik ko'rsatmoqda. 

Viloyat hududidan o'tgan 18,4 ming kilometr uzunlikdagi avtomobil yo'llarining sifati va holati - korxona mutaxassislarining doimiy e'tiborida bo'lib kelmoqda. Bu yo'llarning 15 ming kilometrdan ziyodi – ichki xo'jalik yo'llari bo'lsa, 3427 km qismi – umumiy foydalanuvdagi, shu jumladan, uning 425 km qismi – xalqaro, 890 km qismi – davlat, qolgan 2112 km qismi esa – mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo'llari hisoblanadi. 


Qarshidan Shahrisabz, Termiz, Samarqand yoki Buxoro tomonlarga, ya'ni viloyatni mamlakatning qo'shni mintaqalari bilan bog'laydigan yo'llardan o'tsangiz, mustaqillik yillarida avtomobil yo'llarimizni xalqaro talablarga moslashtirish maqsadida qilingan ishlarning nechog'li ulug'vorligiga o'zingiz ham guvoh bo'lishingiz mumkin. 


- Mutaxassislarimiz bugungi kunda viloyatdagi avtomobil yo'llarini tubdan yangilash bo'yicha qizg'in ish olib borishmoqda, - deydi "Qashqadaryoavtoyo'l" korxonasi bosh mutaxassisi Bo'ri Fayziev. – Jumladan, joriy yilning birinchi yarmida viloyat hududidagi 16,2 km avtomobil yo'li qayta qurildi. Avtomobil yo'llarini kapital qurish,  mukammal ta'mirlash va rekonstruktsiya qilish dasturi doirasida esa xuddi shu davrda 11 km uzunlikdagi avtomobil yo'li ta'mirlanib, yo'lovchilar uchun foydalanishga topshirildi. 

Darhaqiqat, yo'llarimizning holati yildan-yilga yaxshilanib, ravonlashib bormoqda. Bunga sabablardan biri sifatida – yo'l qurilishi sohasiga zamonaviy usul va texnologiyalarning joriy etilayotganini ham kiritish mumkin. 


Yo'llar – yilning to'rt faslida ham doimiy e'tibor va mehnat talab qiladigan iqtisodning qon tomirlari hisoblanadi. Bugungi kunda qishki mavsumda ham yo'llardagi transport qatnovi xavfsizligi hamda uzluksizligini ta'minlash yo'lidagi tadbirlar olib borilmoqda. Bu maqsadda yo'llarni tekshirish va ularning ustki qatlamini ta'mirlash ishlari bajarilmoqda. Shuningdek, eskirgan yo'l belgilarini yangilash, yo'l bo'ylarini mustahkamlash va ko'priklarni ta'mirlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

"O'zavtoyo'l" AK matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali