Yo'lsozlarning muborak Ramazon tuhfasi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev 2016 yilning oktyabr va 2017 yilning fevral oylarida - Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad at-Termiziy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishgan, majmuani obod maskanga aylantirish, ziyoratchilarga qulay sharoitlar yaratish bo'yicha tavsiyalar bergandi.
O'tgan oyda, ya'ni Ramazon oyining boshida esa, mazkur hududda ulug' bobokalonimiz nomi bilan atalgan yangi masjid qad rostladi. Bu borada, ya'ni hududning obodonlashuvida yo'lsozlarning ham o'ziga xos ulushi bo'ldi.
Obodonlashtirilgan, suv, elektr energiyasi va gaz tarmoqlari tortilgan majmua hududiga olib boruvchi 4,5 kilometr yo'lga asfalt yotqizildi. Yo'lchilarning professional tili bilan aytganda, majmuaga boruvchi mahalliy axamiyatdagi 4N 1600 "Sherobod sh. - Surxon q. - Kekirdak q." avtomobil yulining 0-3 km qismini va 200 o'rinli avtoturargohni to'la ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetdi.
Ta'mirlash barobarida 460 dona temir-beton lotoklar, 44 dona tungi yoritish chiroqlari va zarur miqdorda quvurlar o'rnatish, piyodalar yo'lakchalarini qaytadan qurish kabi va boshqa ishlar bajarildi. Ob'ektdagi ishlar bugungi kunda ham davom ettirilmoqda.
Bu ishlar – yo'lsozlarning Surxon vohasi ahliga o'ziga xos muqaddas Ramazon tuhfasidir.
Avtomobil yo'llari Davlat qo'mitasi
matbuot xizmati