Yo'lsozlarning "Umid nihollari" uchun sovg'asi
May oyida Urganch shahrida bo'lib o'tadigan "Umid nihollari-2015" Respublika sport musobaqalari o'tkaziladigan ob'ektlarga olib boruvchi ko'chalar to'liq ta'mirdan chiqarilib, yoshlar sport bayrami uchun taxt qilib qo'yilmoqda.
Jumladan, tadbir bo'lib o'tadigan ob'ektlariga olib boruvchi 18,1 km uzunlikdagi ko'chalarda, jumladan, Xonqa, Beruniy, Yangi Urganch, Ulug'bek, Yoshlik, Al-Xorazmiy, Abulg'ozi Baxodirxon, Tinchlik, Shovot, Amir Temur, Ma'rifatchilar, Baynalminalchi va Pahlavon Mahmud ko'chalarida Respublika yo'l jamg'armasi mablag'lari hisobidan rekonstruktsiya qilish va to'la ta'mirlash ishlari olib borildi. Ushbu ob'ektlarning umumiy qiymati 63,2 mlrd. so'm bo'lib, ular "Xorazmavtoyo'l" xududiy yo'llardan foydalanish tashkiloti hamda Xorazm viloyati xokimligi huzuridagi yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasiga qarashli yo'l korxonalari tomonidan amalga oshirildi.
Yo'lsozlar ta'mirlash ishlari bilan bir qatorda Yoshlik, Tinchlik, Shovot va Ma'rifatchi ko'chalarida lotok, bordyur, tungi yoritgichlar o'rnatish, piyodalar yo'lakchasi barpo etish, Baynalminalchi va Pahlavon Mahmud ko'chalarida esa qo'shimcha asfaltbeton qoplama qurish ishlarini bajarishdi.
Bugungi kunda ta'mirlash ishlari to'liq yakuniga yetkazilgan bo'lib, ko'kalamzorlashtirish, yo'l belgilari va svetoforlar o'rnatish, yo'l chiziqlarini chizish kabi ishlar davom ettirilmoqda. Bu tadbirlarning barchasini joriy yil 10 mayga qadar to'liq yakuniga yetkaziish ko'zda tutilgan.
Yuqoridagi tadbirlar mamlakatimiz yoshlarining asosiy sport bayramlaridan biri ko'ngildagidek o'tishi uchun hissa qo'shishi shubhasiz.
"O'zavtoyo'l" AK matbuot xizmati