2017-yilgi Davlat dasturini ishlab chiqish jarayoni boshlandi
Prezident "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturini ishlab chiqish to'g'risidagi farmoyishni imzoladi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha tashkiliy choralar to'g'risidagi farmoyishga imzo chekdi. Bu haqda "O'zbekiston" telekanalining "Axborot" dasturida xabar qilindi.
Bir oy muddatda tayyorlanishi lozim bo'lgan dasturdan ko'zlangan maqsad — "mamlakatda demokratlashtirish va inson huquqlari, erkinligi va manfaatlarini ta'minlash, xususan munosib turmush tarzini yaratish jarayonining sifat va samaradorligini oshirish, ularni amalga oshirishda davlat organlari roli va javobgarligini kuchaytirish, aholi bilan ochiq muloqot olib borish, murojaatlar bilan ishlashning yangi samarador mexanizm va usullarini joriy etish, fuqarolarni tashvishga solayotgan hayotiy muammolarni o'z vaqtida hal etish, "inson manfaatlari — har narsadan ustun" oliyjanob g'oyasini hayotga izchillik bilan tadbiq etish"dan iborat.
Dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi respublika komissiyasi tashkil etildi. Vazirliklar, mahkamalar, joylardagi davlat hukumati organlari, xo'jalik birlashmalari, jamoat va hukumatga qarashli bo'lmagan tashkilotlardan kelib tushgan material va takliflar ishchi guruhi tomonidan umumlashtiriladi.