Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Ajdodlar matonati va jasorati avlodlar uchun namunadir

16203 10-May, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 312 Kb)


Mamlakatimizda 9-may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.

9-may – Xotira va Qadrlash kuni bu yil mamlakatimiz bo'ylab o'zgacha ruhda nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4-apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida"gi farmoni hamda "Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorida urush qatnashchilari holidan xabar olish, yurt tinchligi va ozodligi yo'lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar mujassam. 

Ushbu hujjatlar ijrosi yuzasidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz tabrigi, 2 million so'mdan pul mukofoti, navbatsiz mashina olish uchun sertifikat topshirildi, ehtiyojmandlarga uy berildi. 

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo'mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, Badiiy akademiya, Respublika Ma'naviyat targ'ibot markazi, "Nuroniy" jamg'armasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi himoyachilariga bag'ishlangan uchrashuvlar va ma'rifiy-badiiy kechalar o'tkazildi. Bunday xayrli ishlar davom etmoqda. 

9-may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga senatorlar va deputatlar, hukumat a'zolari, harbiylar kelgan. 

Soat 9.30. Maydonga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kirib keladi. 

Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo'ydi. Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Motamsaro ona haykali poyi turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan qo'yilgan gullarga burkandi. 


Shu kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Akademik M.Mirzayev nomidagi bog'dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bog'ida Xotira va Qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 72-yilligiga bag'ishlangan bayram tadbiri bo'lib o'tdi. 

Tadbirga Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlardan 500 nafar urush va mehnat faxriysi taklif etildi. 

Bog' bayramona bezatilgan. "9-may – Xotira va Qadrlash kuni", "G'alaba bayramingiz muborak bo'lsin!", "Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'lsin!", "Vatan o'z qahramonlarini unutmaydi" kabi shiorlar yozilgan.

Bog' ichidagi maydonda 1941-1945-yillardagi muhit aks etgan. Okop va blindajlar qurilgan, o'sha davr harbiy texnika vositalari, qurol-aslaha namunalari joylashtirilgan. Jang maydonlarida xalqimiz ko'rsatgan mardlik va jasorat, urushdan qaytmagan minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi, ota-bobolarimizning front orti mehnat faoliyati aks etgan. 

O'zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli ijrosida musiqa yangramoqda... 

Bayram tantanasida hozir bo'lganlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oladi. 

Chorlov musiqasi yangraydi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev minbarga taklif etiladi. 

Davlatimiz rahbari bu yerga yig'ilganlarni, butun xalqimizni 9-may – Xotira va Qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaning 72-yilligi munosabati bilan tabrikladi. 

Urush arafasida O'zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan, shundan 1,5 million kishi urushda qatnashgan. Ulardan 500 mingdan ko'prog'i jang maydonlarida halok bo'lgani, yana qancha-qanchasi mayib-majruh bo'lib qaytgani, qanchasi bedarak yo'qolgani hisobga olinadigan bo'lsa, bu g'alaba xalqimiz uchun naqadar qimmatga tushgani yaqqol namoyon bo'ladi. 

Xalqimiz urush yillarida chinakam matonat va jasorat ko'rsatgan. O'zbekistonga bir millionga yaqin kishi evakuatsiya qilingan. Ularning 200 mingdan ziyodi bolalar bo'lgan. Yuzlab o'zbek oilalari bu bolalarni o'z panohiga olgan. Toshkentlik Shomahmudovlar oilasi 14 nafar, kattaqo'rg'onlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Jo'rayev va Ashurxo'jayevlar oilasi 8 nafardan bolani o'z bag'riga olgan. Bunday misollarni yana ko'plab keltirish mumkin. 

– 20 yoshimda urushga ketdim, 2-Belarus frontida xizmat qildim, – deydi xorazmlik Marat Yomg'urov. – Hozir 97 yoshdaman. Bugungi bayram, Prezidentimizning e'tibori ko'nglimizni tog'dek ko'tardi, yoshimizga yosh qo'shdi. Xizmatdosh do'stlarimizni ko'rib, yoshligimizdagi qo'shiqlarga o'ynab maza qildik. Bizning bunday tetikligimiz zamonamizning tinchligidan, yurtimizning obodligidan. Shunday kunlarga yetkazganiga shukr. Ilohim, elimizdan mehr-oqibat, ahillik arimasin. Yurtimiz hamisha tinch, xalqimiz omon bo'lsin! 

Sahnada va ulkan monitorda Ikkinchi jahon urushi yillaridagi hayot aks ettirilgan. 

...O'zbekiston xalq artisti Tamaraxonim ijro etgan "Sanamo" qo'shig'i yangraydi. 

Urush davrining mashhur suxandoni Yuriy Levitanning urush boshlangani to'g'risidagi e'lonni o'qigan ovozi yangraydi. Yigitlar Vatan himoyasiga otlanadi. Sahna ortidagi ulkan monitorda Ikkinchi jahon urushi voqealari tasvirlanadi. 

– Bayram tantanalarida mustaqillik yillarida hayotimiz dasturiga aylangan inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug' degan ma'no-mazmun mujassam bo'lgani barchamizni quvontirdi, – deydi Shayxontohur tumani Yangi shahar mahallasi faoli Rixsivoy Oripov. – Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ko'rsatgan qahramonliklar, ota-bobolarimizning jasorati va matonati kuy-qo'shiqlarda, badiiy chiqishlarda tarannum etildi. Mamlakatimiz viloyatlaridan kelgan otaxonlar do'stlari bilan diydorlashib, o'tgan umrini yodga oldi, bugungi hayotimizga shukronalik bildirdi. 


1941-1945-yillardagi urushda g'alaba qozonishda mardlik va matonat ko'rsatgan yuzlab yurtdoshlarimiz ham yuksak unvonlarga sazovor bo'lgan. Minglab ota-bobolarimiz bu yo'lda o'z jonini fido qilgan. Ularning qahramonligi qalblarimizga faxr tuyg'usini bag'ishlaydi. O'tganlarning xotirasiga bosh egib ta'zim qilamiz, hayot bo'lganlarini e'zozlaymiz. 

Bayram dasturida marhum shoir va san'atkorlarimizning she'r va qo'shiqlariga keng o'rin berilgani Xotira va Qadrlash kuni mazmun-mohiyatiga mos tushgan. Atoqli shoirlar Hamid Olimjonning "Qo'lingga qurol ol", G'afur G'ulomning "Sen yetim emassan", Abdulla Oripovning "Ayol" she'rlari, Erkin Vohidovning "Nido" dostonidan parchalar o'qilganda qalblar larzaga keldi. 

...O'zbekiston xalq artisti Lutfixonim Sarimsoqova ijro etgan "Uyg'on, bolam" qo'shig'i yangraydi. 

...Urush tugab, g'alabaga erishilgani e'lon qilinadi. 72-yil oldingi bu quvonch, surur tadbir ishtirokchilarini ham hayajonga soldi. 

Mustaqillik yillarida Ikkinchi jahon urushi va front orti faxriylarini e'zozlash, ularni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ulkan ishlar aks etgan lavhalar namoyish etildi. 

– Biz baxtli avlodmiz – shunday tinch-osoyishta mamlakatda yashayapmiz, – deydi Chirchiq oliy tank qo'mondonlik-muhandislik bilim yurti o'qituvchisi Liliya Usmonova. – Bunda bobo-buvilarimizning, barcha nuroniylarimizning hissasi beqiyos. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, ularga g'amxo'rlik qilish, umrlarini uzaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratish hammamizning farzandlik burchimizdir. 

– Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 72-yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan bugungi tadbir katta taassurot qoldirdi, – deydi Xitoy Xalq Respublikasining O'zbekiston Respublikasidagi Muvaqqat ishlari vakili Jang Venchuan. – Unda o'zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga qo'shgan salmoqli hissasi ta'sirli vositalarda ifodalangan. O'zbekiston va Xitoy hamisha tinchlik tarafdori bo'lib, bu borada xalqaro doirada bir-birini qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Biz bu munosabatlarni g'oyat qadrlaymiz. O'zaro hamkorligimiz bundan keyin ham izchil taraqqiy etaverishiga ishonamiz. 

Urush yillarining sitamli xotiralari, bugungi tinch-osoyishta hayot qadri aks ettirilgan badiiy tadbir qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali