Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Barcha sa'y-harakatlarimiz zamirida xalqimiz manfaatlari mujassam

7926 3-Iyun, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 33 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, investitsiya loyihalari ijrosining borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2-iyun kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo'yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to'g'risida"gi qaroriga muvofiq barcha joylarda shinam turar joylar bunyod etilmoqda. 

Davlatimiz rahbari Bo'z tumani "Chorvador" mahalla fuqarolar yig'ini hududida qurilgan ana shunday uylarni borib ko'rdi. Akmal va Zilolaxon Rahmonovlar xonadonida bo'lib, yaratilgan sharoitlar, oilaning turmushi, farzandlar tarbiyasi bilan qiziqdi. 

Ushbu mahallada maydoni 2 sotixli, uch xonali 10 zamonaviy uy bunyod etilgan. Uylar tabiiy gaz, toza ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta'minlangan. 

Shavkat Mirziyoyev bunday turar joylarni ko'proq qurib, odamlarga munosib sharoitlar yaratish doimo e'tiborda bo'lmog'i zarurligini ta'kidladi. Mutasaddilarga uy-joylarni aholi istagi va zamon talablari asosida loyihalashtirish va bunyod etish yuzasidan tavsiyalar berdi. 

Prezidentimiz Bo'z tumanida yengil sanoat sohasidagi loyihalar bilan tanishdi. 

Andijon viloyatida 20 yirik yengil sanoat korxonasi faoliyat ko'rsatmoqda. 

"O'zbekengilsanoat" aksiyadorlik jamiyati va tijorat banklari hamkorligida Andijon viloyatida 2017-2018-yillarda 19 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning samarasida tarmoqning eksport salohiyati 2,8 barobar oshadi, qariyb 9 ming 850 ish o'rni yaratiladi. 

Ushbu loyihalarning 8 tasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining moliyaviy ko'magida Andijon shahri, Andijon, Paxtaobod, Shahrixon, Bo'z, Baliqchi tumanlarida amalga oshiriladi. Mazkur loyihalar 4,3 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 1 ming 325 kishini ish bilan ta'minlash imkonini beradi. 

Xo'jaobod tumanidagi "Nil Granit" mas'uliyati cheklangan jamiyati "Samo" brendi ostida yiliga 5 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarmoqda. 480 kishi mehnat qilayotgan korxona mahsulotlari Rossiya, Ukraina, Moldova, Qozog'iston, Qirg'iziston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda. 

Korxonada ip-kalava va mato bo'yash, tayyor mato ishlab chiqarish va ularga bezak berishni yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Buning samarasida eksport hajmini yiliga 25 million dollarga yetkazish, qo'shimcha 1 ming 180 ish o'rni yaratish mo'ljallangan. 

"Oltin mato teks" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Andijon shahrida tashkil etiladigan korxona ham sohadagi istiqbolli loyihalardan biridir. Korxonada Yaponiya, Belgiya, Turkiyadan keltiriladigan uskunalar asosida tayyor kiyim-kechaklar, trikotaj mato, ip-kalava ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. 

"Vodiy sanoat faxri" va "Sayyora favvorasi" mas'uliyati cheklangan jamiyatlarida ham ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarish, aholini ish bilan ta'minlashga qaratilgan istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Prezidentimiz mazkur loyihalarning tashabbuskori bo'lgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Bozor talablaridan kelib chiqqan holda mahsulot tayyorlash, zamonaviy texnologiya va tendensiyalardan keng foydalanish, aniq hisob-kitob bilan ish yuritish bo'yicha tavsiyalar berdi. 

Prezidentimiz Oltinko'l tumanidagi "Baxt imkon rivoj chorvasi" ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi faoliyati bilan tanishdi. 

Xo'jalikda 2 ming boshga yaqin zotli qoramol, 300 bosh naslli echki boqilmoqda. Ilg'or texnologiyalar asosida ish tashkil etilgan xo'jalikda mahsuldorlik yuqori. Har bir sigirdan kuniga 25-28 litr, echkidan 3-3,5 litr sut sog'ib olinmoqda. Umuman, xo'jalik tomonidan sutni qayta ishlash korxonalariga bir kecha-kunduzda qariyb 20 tonna sut yetkazib berilmoqda. 

Davlatimiz rahbari Germaniyadan keltirilgan zotdor echkilarni boqish jarayoni, yurtimiz iqlimiga moslashishi bilan qiziqdi. 

Echki sutining sifati yuqoriligi ko'pchilikka ma'lum. Echki suti tibbiy xususiyatlarga ega bo'lib, oshqozon kasalliklari, kamqonlik, ko'z nuri pasayishining oldini olish va diatezda foydalidir. 

Echki suti uzoq vaqt yaxshi saqlanadi. Xona haroratida uch kun, muzlatgichda bir haftadan ko'p vaqt davomida o'z xususiyatini yo'qotmaydi. Echki sutida ko'p miqdorda kaliy bo'lib, yurak-nafas olish tizimi faoliyatini yaxshilaydi. 

Fermer xo'jaligida qo'shimcha ish o'rinlari yaratish maqsadida yangi loyihalar amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Davlatimiz rahbariga ko'rsatilgan loyihaga ko'ra, 700 bosh naslli echki olib kelish orqali yangi tarmoq yo'lga qo'yiladi. Istiqboli yuqori baholanayotgan mazkur loyihani joriy yilda ishga tushirish mo'ljallanmoqda. 

Chorvachilik serdaromad soha hisoblanadi, buni unutmaylik, dedi Prezidentimiz. Shifobaxsh bo'lgan echki sutiga nafaqat yurtimizda, balki chet elda ham talab yuqori. Shuning uchun bu sohani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratish, har tomonlama qo'llab-quvvatlash lozim. 

Viloyatning Ulug'nor tumanidan fermer xo'jaligiga 300 gektar yer ajratilgan. Bu yerning 200 gektariga yong'oq, 100 gektariga unabi ekilib, tomchilatib sug'orish texnologiyasi yo'lga qo'yiladi. 

Fermer xo'jaligining yana bir istiqbolli loyihasi biogaz ishlab chiqarish tarmog'idir. Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar yordamida yiliga 600 ming kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi ishga tushgach, 40 yangi ish o'rni yaratiladi. 

Prezidentimiz loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. 

Shavkat Mirziyoyev viloyatda qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi. 

Ulug'nor tumanida tashkil etiladigan 2000 bosh qoramol va 10 000 bosh naslli echki boqishga mo'ljallangan chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash loyihasining taqdimoti bo'lib o'tdi. Loyiha haqida batafsil ma'lumot berildi. Davlatimiz rahbari aholini sifatli sut va sut mahsulotlari bilan ta'minlash muhim vazifalardan biri ekanini ta'kidladi. 

Bo'z tumanidagi "Evro Ekfin" mas'uliyati cheklangan jamiyati jahon bozori talablaridan kelib chiqib, eng so'nggi texnologiyalar asosida sutni qayta ishlash va sut mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda. 

Bugungi kunda qurilish ishlari olib borilayotgan chorvachilik kompleksida 2 ming bosh naslli qoramol boqish ko'zda tutilgan. 200 kishining bandligi ta'minlanadigan kompleks ishga tushgach, yiliga 13 ming tonna sut yetkazib beriladi. 

Asaka tumanidagi "Umid" xususiy korxonasining parranda boqishga ixtisoslashgan kompleksi loyihasi ham ko'rildi. Hozirgi kunda korxonada 80 ming parranda boqilmoqda. Yangi loyihaga ko'ra, 80 million dona tuxum va 150 tonna parranda go'shti yetkazib beriladi. Majmua ishga tushgach, 100 kishi doimiy ish joyiga ega bo'ladi. 

Oltinko'l tumanida tomorqalardan unumli foydalanish borasida ilg'or tajriba to'plangan. Ayniqsa, "Ko'makay", "Cho'ntak" mahalla fuqarolar yig'inlarida ish namunali yo'lga qo'yilgan. Davlatimiz rahbari tijorat banklari va tadbirkorlar tomonidan aholi xonadonlariga limon, unabi va yong'oq ko'chatlari va parranda yetkazib berish dasturining ushbu tuman misolidagi taqdimoti bilan tanishdi. Loyihalarni yanada takomillashtirish, ularni belgilangan muddatlarda ishga tushirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. 

Davlatimiz rahbari raisligida Andijon viloyati hokimligida o'tgan yig'ilishda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish, aholi bandligini ta'minlash, Harakatlar strategiyasining ijrosi kabi masalalarga alohida e'tibor qaratildi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali